Joriy mavsumni jarohatlarsiz o'tkazish bobida «Real»ning omadi kelmadi.
Bir vaqtning o'zida 3 nafar etakchi futbolchi - David Alaba, Eder Militao va Tibo Kurtuaning xochsimon paylari shikastlanib, uzoq muddatga maydonni tark etishdi. Uchlikning ikki nafar vakili martning oxiri yoki aprel avvalida safga qaytishiga qandaydir umid bor edi. Biroq ulkan qaytish faqat Militaoga nasib etdi. Jarohatdan keyin Eder bin necha daqiqa bo'lsada, to'p surdi. Tiboning ishlari esa yurishmadi. Aslida, darvozabonning omadsizligi o'tgan yildan beri tugagani yo'q. Bunga uning o'zi ham qisman sababchi.
Kurtua hech qachon kamtarin va andishali yigit bo'lmagan. Ortiqcha qiyinchiliksiz o'zini dunyoning eng yaxshi darvozabonlari safiga kiritib, atrofidagilardan shunga yarasha munosabatni talab qila boshlagan. Biroq aftidan, har doim o'zi istagan muomalaga erisha olmagan. 2023 yil iyunida «Real» posboni ixtiyoriy ravishda Belgiya terma jamoasi qarorgohini tark etib, ulkan mojaroning sababchisi bo'lgandi. O'shanda u o'zidan atigi 7 yoshga kattaroq bo'lgan bosh murabbiy Domeniko Tedesko bilan tortishib qolgandi. Biroq bu juz'iy tortishuv o'ta qisqa vaqt ichida jamoatchilikka yoyilib ketdi.
Kurtua terma jamoani Estoniyaga qarshi uchrashuv arafasida tark etgandi. Ketish sababini hech kim bilmagani sababli, yangilik xavotirli edi. Hamma jumboqqa javob topish umidida Tedeskodan matbuot anjumanini kutgandi. Bosh murabbiy buni to'liq amalga oshirdi. U futbolchi o'z ixtiyori bilan ketganini aytib, hatto sababini ham oshkor etdi. mutaxassisning gaplariga binoan, Kurtuaga Avstriyaga qarshi bahsda jamoani u emas, Romelu Lukaku maydonga olib tushgani yoqmagan. Bundan tashqari, Estoniyaga qarshi o'yinda ham sardorlik bog'ichi unga berilishi kerakligini aytgan.
Tedeskoni Kurtuaning fe'l-atvori hayron qoldirgan bo'lsa, Tiboni murabbiy janjalni jamoatchilikka yoygani shok holatiga tushirib qo'ygandi. Sardorlik bog'ichiga oid vaziyat uni qattiq ranjitganini darvozabon tasdiqladi, lekin jamoani tark etishiga tizzasidagi jarohatni ro'kach qildi. Tedesko esa bu axborotni tasdiqlamadi. Bundan tashqari, ketishiga jarohat sababchi, desa, o'zi yolg'onchi bo'lishini, aslida, shogirdi yolg'onchi ekanligini ta'kidladi.
Dunyoning eng mohir darvozabonlaridan biri bilan oshkora mojarodan keyin Tedesko o'ta noqulay vaziyatga tushib qoldi. Biroq uning baxtiga, terma jamoaning sobiq va amaldagi futbolchilari murabbiyni qo'llab-quvvatladilar. Masalan, Filipp Alber intizomga bo'ysunmagan futbolchi kim va qanday maqomda bo'lishidan qat'iy nazar, albatta jazolanishi kerakligini ta'kidladi. Yannik Karrasko esa jamoadoshi fikrini ma'qullab, mojaro jumladan, sardorlik bog'ichiga oid kelishmovchilik sababli yuzaga kelganligini tasdiqladi va darvozabonning hatti-harakatlaridan xafa bo'lganligini bayon etdi.
Terma jamoalar o'yinlaridan keyin mojaroga barham berilmagan bo'lsada, vaziyat sokin tus oldi. Kurtua «Real» tarkibida yangi mavsum tadorikini ko'rishga kirishdi. Biroq harakatlari zoe ketdi. Joriy mavsum startiga sanoqli kunlar qolganda, tizzasidagi xochsimon paylari shikastlanib, boshlanmagan mavsumga nuqta qo'ydi. Shu tariqa muolajalar samarali bo'lgan taqdirda ham bahorda maydonga qaytishi mumkinligi ma'lum bo'ldi. Klub mutasaddilari uning o'rnini to'ldirish maqsadida «Chelsi»dan Kepa Arrisabalagani ijaraga olishdi. Biroq tez orada mazkur qaror behuda ekanligi oydinlashdi, Andrey Lunin 1-raqamli darvozabon rolini talab darajasida ado etmoqda.
Sog'ligini tiklash davri boshlanganida Kurtua yana mojaroga duch keldi. O'tgan yil oxirida Tibo bo'lajak Evroda ishtirok etmasligini bayon etib, o'z qarorini maydonga tushishga 100 foiz tayyor emasligi bilan izohlagandi. Kasbdoshlarimiz iltimosiga ko'ra, Tedesko Kurtuaning qaroriga o'z munosabatini bildirdi. Jumladan, murabbiy Tiboni Evro «zayavka»siga kiritishga tayyor ekanligi, lekin futbolchi terma jamoada o'ynashni istamasa, uni majbur qila olmasligini bayon etdi. Mazkur bayonot ham «Real» posboni foydasiga emasdi.
Kurtua Tedeskoga ijtimoiy tarmoqlar orqali javob yo'llab, murabbiy uni qit'a chempionatida qatnashish niyatida emas, degani yolg'on ekanligiga shama qilgandi. Darhaqiqat, Tiboning tiklanish jarayoni grafikdan o'zib ketgan, unda Evroda qatnashish imkoniyati bor edi. Mart oyining o'rtalarida belgiyalik posbon Militao bilan birgalikda «Real» mashg'ulotlarida ishtirok etdi. 31 mart sanasida u «Atletik»ka qarshi maydonga tushishi kutilgandi. Biroq o'yinda faqat Militao ishtirok etdi, darvozabon esa navbatdagi jarohatga duch kelib, maydonga tusha olmadi.
Shundan keyin qit'a chempionati xususidagi gap,so'zlar uzil-kesil to'xtadi. Nazariy jihatdan Kurtua may oyida maydonga tushishi mumkin, ammo bu umumiy vaziyatga sezilarli ta'sir etmaydi. Ya'ni, belgiyalik mohir darvozabon «qirollik klubi» uchun deyarli naqd bo'lgan chempionlik mavsumini ham, Evro-2024 turnirini ham o'tkazib yuboradi. Bundan tashqari, 4 yildan keyin 35ga chiqadigan futbolchining klub va Belgiya terma jamoasidagi kelajagi ham mavhumligicha qolmoqda.
Belgiya futbol assotsiatsiyasi milliy terma jamoani Evro,2024 turniriga birorta mag'lubiyatsiz olib chiqqan Domeniko Tedeskoning shartnoma muddatini uzaytirdi. Rahbariyat murabbiyni qo'llab-quvvatlagani tabiiy hol. Kurtua esa «Real»da 1-raqamli darvozabon maqomini qaytarib olishi taxmin qilinmoqda. Luning joriy mavsumni qanchalik muvaffaqiyatli o'tkazishidan qat'iy nazar, madridliklar baribir, belgiyalik darvozabonga ko'proq ishonadilar. Qolaversa, Tibodek mashhur va mag'rur posbon zaxira o'rindig'ida o'tirishga rozi bo'lishiga ishonish qiyin. Balki, Lunin yangi mavsumda avvalgidan ko'ra ko'proq maydonga tushar, lekin Kurtua o'rnini to'liq egallash ehtimoli juda oz. Klub mutasaddilari buni yaxshi tushunadilar. Sznggi ma'lumotlarga binoan, klub ukrainalik darvozabon shartnomasi muddatini uzaytirish niyatida. Lekin futbolchi boshqa jamoaga o'tishni istasa, sotib yuborishga ham tayyor.
Shaxsan Kurtua kelajagi xususida to'xtaladigan bo'lsak, Roberto Martines ketganidan keyin, uning terma jamoadagi pozitsiyasi zaiflashib qoldi. Bu esa Tiboning xalqaro arenadagi faoliyati klubdagiga nisbatan ko'proq munozaralarga sabab bo'ladigan masala ekanligini anglatadi.
R.IBROHIMOV tayyorladi