Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Serxio Kanales: «Meksika – haqiqiy futbol mamlakati»

La Liganing grand klublaridagi o'yinlari bilan tanilgan ispaniyalik hujumkor yarim himoyachi Serxio Kanales o'tgan yili o'zi uchun qulay hududdan chiqib, salohiyatini yangi chempio­natda sinab ko'rishni ma'qul ko'rdi.

.
- Yuklab olish

La Liganing grand klublaridagi o'yinlari bilan tanilgan ispaniyalik hujumkor yarim himoyachi Serxio Kanales o'tgan yili o'zi uchun qulay hududdan chiqib, salohiyatini yangi chempio­natda sinab ko'rishni ma'qul ko'rdi.

Aniqroq aytsak, Ispaniya elit divizionida naq 15 yil faoliyat yuritgan 33 yoshli futbolchi Meksikaning «Monterrey» klubi taklifini qabul qildi. Aytish o'rinli, Kanales transferi butun Meksika futbolida katta shov-shuv keltirib chiqardi. Serxio shunga yarasha Klublar o'rtasidagi JCh-2025 yo'llanmasini kafolatlashga ulgurgan «Monterrey»da asosiy «figura»lar qatoriga qo'shildi va yaqinda KONKAKAF Chempionlar kubogi chorak finalida Lionel Messisi bor «Inter Mayami» har ikki o'yinda ham «tiz cho'ktirilishi»ga munosib hissa qo'shdi. Kanales turnirning yarim final bahslari oldidan esa FIFA rasmiy saytining intervyu masalasidagi so'roviga ijobiy javob berdi. Suhbat jarayonida faxriy futbolchining Meksikaga yo'l olishi va mamlakat futboli darajasi haqida gap bordi. Serxio shuning barobarida Lionel Messi bilan uchrashuviga ham to'xtaldi.

- Meksikadagi ilk mavsum o'zingizga nechog'li yoqdi?

- Har bir o'yin va turnirda faqat g'alabaga intiladigan «Monterrey»dek klubda to'p surayotganimdan baxtiyorman. Jamoada o'sishga qaratilgan ishtiyoq katta ekanligi kayfiyat bag'ishlamoqda va astoydil ishlayapman. Qaytaraman, «Monterrey»da yangi tarix yaratish, rivojlanish va ajoyib natijalarga erishish strategiyasi bor - bu buyuk klublarga xos yondashuv. Futbolchi uchun asosiysi nima? O'zi ishtirok etayotgan har bir turnirda bosh sovringa da'vogar bo'lish, albatta. Xullas, «Monterrey» kuchli istak va g'alaba mentalitetiga ega jamoa. Demak, qoniqish hissi bor.

- O'zi Meksika futboli qanday?

- Gap haqiqiy futbol mamlakati haqida ketmoqda. Ha, mahalliy liga Evropada uncha mashhur emasdir, ammo bu erda umumiy standartlar juda yuqori. Qolaversa, chempionat saviyasi tobora oshmoqda. Misol uchun, uy o'yinlarida har safar muxlislar bilan deyarli to'lgan tribunalar ostida o'ynaymiz. Demoqchimanki, Meksika futbolida muxlislik darajasi - kosmos! Stadion o'z jamoasini 90 daqiqa davomida tinimsiz ravishda qo'llab-quvvatlaydi. Xususan, «Monterrey» fanatlariga gap yo'q, ular hamisha ishtiyoqqa to'la holda, bizni olg'a boshlashadi. Deylik, safar o'yinlarida ham jamoa­ni sira yolg'izlatib qo'yishmaydi.

- Futbol saviyasini olsak, Evropa ligalariga nisbatan qanchalik farq sezilmoqda?

- Evropa jamoasi Meksika ligasiga qo'yilsa, qanday karomat ko'rsatishi mumkinligini aytish mushkul. Har holda, mahalliy klublar osongina taslim bo'lmasligi aniq. Umuman, fikrimcha, Meksika futboli mutlaqo boshqacha. Hattoki, deyarli boshqa sport turidek... Meksika va Evropa futbolini o'zaro taqqoslash - bu xuddi APLni La Liga bilan solishtirishga urinishdek gap. Qaytaraman, mahalliy ligada deyarli barcha jamoalar o'zgacha o'ynashga moyil. Ha, deylik, Ispaniyada o'yinlar juda yuqori sur'atda o'tadi, jamoalar to'pga 2 yoki 3 marta teginish bilan raqib darvozasi oldida xavfli vaziyat yaratishi mumkin. Shuningdek, harakat ko'p, jamoalar ancha yig'inchoq to'p suradi. Meksikada esa asosiy mezon - jismoniy tayyorgarlik. Yana to'qnashuvlar ko'p, to'g'ridan-to'g'ri hujumlar tez-tez kuzatiladi. Har bir jamoa to'pni qaytarib olgani zahoti darhol olg'a borishga, tezkor hujum boshlashga harakat qiladi. Ispaniyada aksincha, agar ochiq hududlar bo'lmasa, jamoalar to'pni saqlab turib, pozitsion hujum tashkil etishga moyil. Oddiy ayt­ganda, La Ligada hammasi chizma asosida amalga oshirilsa, bu erda ehtimolki, tavakkalchilikka yo'g'rilgan harakatlarni ko'proq ko'rasiz.

- O'yin uslubining keskin o'zgarishidan qiynalmadingizmi, meksikacha futbolga qanday moslashdingiz?

- Hammasi joyida, ishlarim yaxshi. To'g'ri, milliy chempionatga moslashish jarayoni hali yakunlangani yo'q. Muhimi, o'z o'yinimdan qoniqyapman. Unutmaslik kerak, bu erga butunlay boshqacha futbol madaniyati, ritmidan keldim. Hozirda jismoniy jihatdan qandaydir muammo sezmayapman. Faqat mavsum boshida orttirilgan jarohat biroz qiynadi, hozir esa yaxshiman. Asosiysi, bu erda o'yinga bosh­qacha rakursdan qarashni o'rgandim. Umuman olganda, moslashish masalasida to'g'ri yo'ldaman, menimcha.

- Sizningcha, Lionel Messining «Inter Mayami» safiga qo'shilgani mintaqa futboli rivojiga kutilgan darajada turtki berdimi? 

- Leo Messi tarixdagi eng yaxshi futbolchi, shubhasiz. Har holda, shaxsan men uchun shunday. «Oltin to'p»ning ko'p karra sohibi sanalgan futbolchining «Inter Mayami»da o'ynashi butun MLS uchun juda muhim. Bu chempionat ishtirokchilari uchun ham katta voqelikdir. Meksika misolida aytsam, har bir klub tobora o'sish harakatida. «Monterrey»ga kelganimdan buyon bunga bevosita guvoh bo'lyapman. Mana, kelasi yili mintaqada Klublar o'rtasidagi jahon chempionati bo'lib o'tadi. Menimcha, yangi formatdagi turnir - KONKAKAF vakillari uchun eng kuchli raqiblar bilan yuqori darajada raqobatlashishga qodir ekanliklarini isbotlashga yaxshi imkoniyat. Binobarin, MLS ham MX (Meksika ligasi) ham sezilarli darajada tez o'smoqda.

- Xo'sh, professional futbolchi sifatida Messining aynan qaysi xususiyatini ko'proq qadrlaysiz?

- Uni boshqa barcha futbolchilardan ajratib turadigan bir jihati - bu barqarorlik. Ishoning, 15-20 yil davomida eng yuqori darajada qolishning deyarli imkoni yo'q. Bunaqasi sanoqli futbolchilar qo'lidan keladi. Deylik, Leo­dan tashqari, birgina Krishtianu Ronalduni tilga olish mumkin. Ikkisi shuncha vaqt elit darajani saqlab qolgani, sovrin ortidan sovrin yutgani, har yili eng yaxshi bo'lishga da'vo qilgani, tinmay gol urgani yoki assistent rolini bajargani - shunchaki, fantastika! Futbol tarixida o'z jamoalarini shuncha uzoq vaqt sovrinlar sari etaklagan boshqa yulduz bo'lmasa kerak. Ayniqsa, zamonaviy futbolda. Messi va Ronalduga xos xotirjamlik va individuallik, texnik va jismoniy sifatlar aqlga sig'maydi, shunchaki. Har ikkisi kerakli vaqt kerakli joyda bo'lishni go'yoki, suv kabi ichib olgan va bu o'z nav­batida jamoadoshlariga xotirjamlik bag'ishlaydi. Umuman, Messiga hamisha barcha davrlarning eng zo'r futbolchisi sifatida qarayman. Qaytaraman, 15-20 yil davomida bunday daraja va ishtiyoqni saqlab qolish mumkin emas!

Manba: fifa.com, M.PO'LATOV tayyorladi

BestMaster
24 Aprel 2024, 00:00
serxio, kanales, «meksika, haqiqiy, futbol, mamlakati»,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads