Politsiya "Malorka" muxlisining "Real" bilan o'yindagi irqchilikka doir xatti-harakatlarini tekshirmoqda.
Shanba kuni “Real” La Liganing 31-turidan o'rin olgan “Malorka”ni mehmonda (1:0) Aurelien Tchuamenining goli evaziga mag'lub etdi.
O'yin davomida Movistar+ kameralari “Real Madrid” futbolchilari gol nishonlashayotganda “Malorka”ning yosh muxlisi maymunni bildiruvchi imo-ishoralarga taqlid qilganini yozib oldi, biroq bu epizod protokolga kiritilmagan.
O'yindan so'ng “Malorka” bayonot berib, irqchilikni qabul qilib bo'lmaydi, deya e'lon qildi.
Sky Sports xabariga ko'ra, Ispaniya politsiyasi hodisa yuzasidan tekshiruv boshlagan. "Malorka" Tchuameniga nisbatan irqchilik harakati qilgan muxlisni aniqlashda yordam bermoqda.
Qolaversa, golni nishonlayotgan vaqtda muxlislardan biri “Real” futbolchilari tomon suv idishini uloqtirgan. Ushbu epizod o'yin hisobotida "hech bir futbolchiga ta'sir qilmadi" degan yozuv bilan qayd etilgan.