«Real Madrid» motori, so'nggi mavsumlardagi almashtirib bo'lmas futbolchisi Federiko Valverde mashhur Tribune platformasining The players loyihasida ishtirok etdi.
Unda urugvaylik futbolchi o'zining qiyin o'tgan bolaligi, Madriddagi ilk qadamlar, og'ir xarakteri va oilasi bilan engib o'tgan sinovlar haqida o'rtoqlashdi.
- O'tmishga qarar ekanman, hayotimda uchta ajoyib kun o'tganini eslayman. Birinchisi, «Real» meni chaqirgan kun. Ikkinchisi, o'g'lim Benisio tug'ilgan payt. Uchinchisi, o'g'lim Bautista dunyoga kelgan kun. Mana shu uchinchi baxtli kun uchun oilam bilan haqiqiy do'zax qiyinchiliklarini boshdan o'tkazganmiz. Aslida men uncha sergap emasman, tuyg'ularimni boshqalarga oshkor qilishga o'rganmaganman. Ammo ko'pchilikka foydali bo'lishi mumkinligini bilganim uchun ham hammasini aytib berishim kerakligini his qilmoqdaman. Ishonavering, men kabilar Janubiy Amerikada juda ko'p.
O'z hikoyamni aytib berishim uchun eng boshidan boshlashim kerak. Hozir qarshingizda bir kuchli erkakday turgan bo'lsam, bir paytlar qanday bolakay bo'lganimni ham tushunishingiz kerak. Urugvayda hammasi boshqacha. Qiyinchiliklar qonimizga singib ketgan. Oilamiz kambag'al edi, desam noto'g'ri bo'ladi. Ota-onam haqiqiy ovchi edilar. Otam kazinoda qorovul bo'lgan, onam esa ko'chada katta aravani etaklab kiyim va o'yinchoqlar bilan savdo qilardi. Tasavvurimda bunday katta aravani faqat Xalk etaklay oladigandek tuyulardi. Onam - haqiqiy jangchi. Issiqmi, sovuqmi, shamolmi, onam o'sha aravani etaklab bozorga yo'l olardi.
Onam ertalab sakkizdan kechki ettigacha, otam esa, kechki sakkizdan ertalab oltigacha ishlardi. Hisoblab olavering, oilamizda faqat bir oltin soat bor ediki, uch kishi birga o'tirib, kichkinagina go'sht bo'lagini baham ko'rish uchun. Darvoqe, onam doim men uchun «kola» ham bo'lishini ta'minlardi. Ha, Ispaniya yoki Amerikada ko'pchilikka oddiy holatdek tuyular, ammo o'sha «kola» men uchun ko'p narsa edi.
Bir shisha «kola» ichishim uchun onam nimalarni qurbon qilgan, rosti, bila olmayman. Bolalikda sodda bo'lamiz, onam ovqat emayaptimi, ha, qorni och emas ekan, deymiz, tamom. Hozir bu haqida o'ylasam, uning nega ba'zida hech narsa emaganini ham tushuna boshlayman. Men uchun o'sha bir parcha go'sht va «kola»ning o'zi baxt, onam esa, har kunning oxirida bir oila jam bo'lishimizdan baxtiyor edi, nazarimda.
Mana shu kunlar oilamiz uchun «la garra» edi. Bu bizning sabrimiz, ruhimiz, qat'iyatimiz. Menimcha, butun uyni bo'yash uchun etarli pulimiz bo'lmaganki, otam faqat mening xonamni bo'yab, yangi qilib bergandi, u ko'chada menga shlangda suv separ - bu bizning o'ziga xos basseynimiz. Etadi. La Garra! Ammo shuni ham tan olishim kerak, ba'zi hollarda noqulayliklar ham bo'ladi. Masalan, futbol o'ynashni boshlagach, sheriklarimning sharoitini ko'rganimda, farq seziladi. Esimda, o'rtoqlarim uyimga kelishini xohlamasdim, chunki televizorimizda faqat uchta bepul kanallar ko'rsatardi xolos. Yoki yozda kechqurun uxlashga yotib, suvaraklar ovozini eshitasiz.
Hozir kulib aytib beryapman, ammo o'sha paytlarda biroz uyalardim. Bilasiz-ku, 11-12 yoshlardagi bolalar qanchalik rahmsiz bo'lishini. Xuddiki, agar ular qanday yashashimni bilib qolishsa, boshimda yong'oq chaqishadigandek tuyulardi. Shuning uchun ancha kamgap, yopiq bola bo'lganman.
Butun tuyg'ularimni futbolga sarflardim. Aynan futbol tufayli oilamizdagi sharoitni o'zgartira oldim. Afsuski, bu meni ham o'zgartirdi. 16 yoshimda «Penyarol» bilan professional shartnoma imzolaganimda, go'yoki o'zimni xudo deb o'ylay boshlagandim. Menimcha, hammayam tushunavermaydi - bir onda ko'chada sang'ib yurgan boladan katta odamlar sen bilan selfi tushishni iltimos qiladigan darajaga o'tib qolish oson emas. O'tgan hafta senga qayrilib ham qaramagan qizlar sms yozishni boshlashadi. Hamma sen bilan do'st bo'lishga oshiqadi. Yo'ldan adashish hech gap emas. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar davrida ulg'aygan biz kabilar uchun.
Otam ko'p aytardi: «Sen nega falonchi bilan ko'rishmayapsan. Nima bo'ldi? Axir u oddiy bo'lib yurgan paytlaringda ham sen bilan o'rtoq edi-ku?» Ammo men yangi do'stlarni eskilariga almashtirdim. Bir yomon ishlar qilmaganman, yo'q, lekin ancha kibrlanib ketganim aniq. Uyga qaytayotganimda yo'limni poylab, dastxat so'ragan bolalarni ham rad qilardim. Charchaganimni bahona qilib ketib qolardim. Eslasam uyalaman. Ota-onam meni bunday tarbiya qilishmagandi. Kim ham edim aslida? Shunchaki, futbol o'ynashni o'rganib olgan oddiy bola. Birgina «kola»ga xursand bo'ladigan bola qaerga ketdi? Oniy muvaffaqiyat meni keskin o'zgartirib yuborgandi.
Aynan o'sha paytlarda futbolning boshqa yuzini ko'ra boshladim. Agar men haqimda internetdan qidirsangiz, 16 yoshimda «Arsenal»ga o'tishga yaqin bo'lganimni o'qiysiz. Bu qisman to'g'ri. «Arsenal» menga yoqadi, ammo hech qachon Angliyaga ketishni istamaganman. Ko'pchilik hayron bo'lar, nega «Arsenal»ni xohlamayotganimga qiziqardi. Urugvayda qolib ketmoqchimisan, deyishardi. Aslida esa, yolg'iz qolganda «agar «Arsenal»ga o'tsang, yaxshi pul ishlab olishimiz mumkin» deb shipshitishardi.
Tushunyapsizmi, futbolda hayoting mutlaqo o'zingniki bo'lmaydi. Ayniqsa, yoshlik paytda turli manfaatlarning asiriga aylanib qolasan. Hatto oilang ham kimlargadir ergashishga majbur. Ayniqsa, Janubiy Amerika vakillari uchun futbol bu yaxshi hayot tomonga qochish hisoblanadi. Albatta, o'rtakashlar buni yaxshi bilishadi va shu og'riqli tomonga zarba berishga urinishadi. O'sha paytda «Arsenal»ni rad etish uchun yo tentak bo'lganman yoki etarli darajada qat'iyatli. Sovuq dushda cho'milaveray, lekin hozircha oilam bilan birga bo'lmoqchiman. Miyamda balki butun umr Urugvayda qolishimni reja qilganman.
Keyin esa, bir qo'ng'iroq hayotimni o'zgartirib yubordi. Paragvayda o'smirlar o'rtasida qit'a chempionatida to'p surayotgandim. Ertasi kuni Argentinaga qarshi katta o'yin kutib turardi. Men mehmonxonada, ota-onam qo'shni xonada istiqomat qilishadi. Onam qo'ng'iroq qildi va tezda ularning oldiga kirishimni so'radi. Men bilan gaplashmoqchi bo'layotgan odamlar bor ekan. «Oyi, uzr, chiqa olmayman» - dedim-da, go'shakni qo'ydim. O'yin oldidan xonadan chiqishimiz taqiqlangan edi.
Qayta telefon bo'ldi. «Fede, darhol kel, «Real»dan kelishibdi».
Hazil deb o'yladim. Yugurib borsam, rostdan ham, ikki notanish yigit turibdi. Onamning ko'zlarida yosh. Umuman, onam hadeb yig'layverishini e'tiborga olsak, hali hammasi noma'lum. Esimda, avval ularni «Penyarol»dan deb o'yladim. Menga yangi shartnoma taklif qilishmoqchi shekilli. Zo'r-ku, Argentina bilan o'yingacha yaxshi butsa sotib olaman. Balki «PlayStation»ga ham pul etar. Ammo yigitlar ispan tilining Kastilya laqchasi gapira boshlagach, tomim ketib qoldi. Ular bu erlik emas-ku? Nahotki?
«Biz «Real»danmiz» - dedi ular, - «siz biz uchun yulduz bo'lishingizga ishonchimiz komil. Siz va oilangiz Madridga ko'chib o'tishingizni so'raymiz».
Dunyoda yarim million futbolchi «Real»ga o'tishni xohlaydi, bular meni olishmoqchimi? Nima?!...
M.PO'LATOV tayyorladi