Madridning "Real" klubi himoyachisi Antonio Ryudiger IShIDni qo'llab-quvvatlagani borasida o'ziga qo'yilgan ayblovlarga izoh berdi.
"Ro'za boshlanishi munosabati bilan men "Instagram"dagi sahifamda post e'lon qildim. U allaqachon 13 kundan beri omma oldida ko'rish uchun mavjud va hech kimning tanqidisiz bir necha million obunachilarni qamrab oldi. Biroq so'nggi kunlarda odamlar bu suratdan foydalanib, asossiz ayblovlar qo'ymoqda.
Men ishlatgan imo-ishora tavhid barmog'i deyiladi. Islomda u Xudoning birligi va yagonaligi ramzi hisoblanadi. Bu imo-ishora butun dunyodagi musulmonlar orasida keng tarqalgan va so'nggi bir necha kun ichida Federal Ichki ishlar vazirligi tomonidan muammosiz deb topilgan.
Umid qilamanki, bu tushuntirish har qanday tushunmovchiliklarni bartaraf etish va haqiqatni yoritishga yordam beradi. Bu borada meni doim qo'llab-quvvatlab kelgan Germaniya futbol assotsiatsiyasiga ham minnatdorchilik bildiraman", — dedi Ryudiger.
Eslatib o'tamiz, BILD nashrining sobiq bosh muharriri Djulian Rayxelt ko'tarilgan ko'rsatkich barmog'i islomiy belgi ekanligini yozgan edi.