"Chelsi"ning sobiq futbolchisi Jo Koul "ko'klar" rahbariyatini yozda erkin agent sifatida jamoasini tark etishi mumkin bo'lgan "Real" yarim himoyachisi Luka Modrichni taklif qilishga chaqirdi.
"Barqarorlik o'rnatish uchun tajribali o'yinchilarni qidirgan bo'lardim. Luka Modrichning "Real" bilan shartnomasi nihoyasiga etmoqda. Ehtimol, u bir mavsum Premer-ligaga qaytishni xohlar. Xuddi shu narsa o'zini Angliyada sinab ko'rishi mumkin bo'lgan Toni Kroosga ham tegishli", - deya Koulning so'zlarini keltiradi jurnalist Saymon Fillips.
Modrich avvalroq Londonning "Tottenxem" tarkibida Premer-ligada o'ynagan. 2011 yilning yozida xorvatiyalik futbolchi "Chelsi"ga o'tishi mumkin edi, ammo "shporlar" bu kelishuvga to'sqinlik qilgan.