Evropaning top-5 ligasi: Muayyan klubga bog'langan futbolchilar...
CIES Football Observatory (Xalqaro sport tadqiqotlari markazi) Evropaning eng sara 5ta milliy ligasiga qarab, eng fidoyi futbolchilar reytingini shakllantirdi. Tushunarliki, bunda uzoq vaqtdan buyon 1ta klub bayrog'i ostida to'p surayotgan futbolchilarga e'tibor qaratilgan. Xo'sh, hozirda kimlarni sadoqat namunasi sifatida ko'rsatish mumkin?
«Bavariya»ning tolmas hujumchisi Tomas Myuller fidoyi futbolchilar reytingida peshqadamlardan biri. 34 yoshli faxriy naq 16 mavsumdan buyon Myunxen klubi bilan birga. Reyting-ning 2-pog'onasida qayd etilgan futbolchi ham Bundesligadan - Menxengladbax «Borussiya»si himoyachisi Toni Yanchke. Ya'ni uning fidoyilik seriyasi ham 16 mavsumga teng. Faqat shunisi borki, Toni «Bavariya» vakilidan biroz yoshroq. Evropa futbol markazi (top-5 liga)da 15 mavsumdan buyon 1ta klubga xizmat qilayotganlar soni 3 nafar bo'lsa, ulardan ikkisi «Atletik»da: Iker Muniain va Oskar de Markos. Shuningdek, «Atletiko» faxri Kokening «matraschilar» formasini kiyganiga ham shuncha bo'ldi.
Umuman, eng fidoyi 10 nafar futbolchi taqsimotiga qarasak, Ispaniya va Germaniyada faxriylarni o'zgacha qadrlashlari ayon bo'ladi: La Liga - 5 nafar, Bundesliga - 4 nafar, APL - 1 nafar. Demak, hozirgi holatda eng sadoqatli 10 nafar futbolchi orasida «A» seriya (Italiya) va Liga 1 (Frantsiya)dan vakil yo'q.