Xavi Simons Bundesligaga dovul kabi bostirib kirdi. Hozir ham uning ishlari yomon emas.
«RB Leyptsig»ning niderlandiyalik 20 yoshli yarim himoyachisi Germaniya chempionati 23-turidan o'rin olgan «Bavariya»ga qarshi o'yin arafasida klub matbuot xizmatiga intervyu berib, barchasi joyida ekanligini bildirdi. Asosiysi, istiqbolli futbolchi «qizil buqalar» safidagi shaxsiy taraqqiyotidan xursand.
— Ayni payt assistlar soni bo'yicha «RB Leyptsig»da etakchilik qiyapyapsiz — hisobingizda 7ta samarali uzatma bor. Buni bilarmidingiz?
— Ochig'i, statistik raqamlarga yopishib oladiganlar toifasidan emasman. Chunonchi, meni shaxsiy ko'rsatkichlar emas, balki jamoaviy o'yinni kuchaytirish, umumiy natijaga hissa qo'shish masalasi ko'proq qiziqtiradi. Ha, gol urish yoki unga assistentlik qilish yoqimli, ammo bundan muhimrog'i ham bor — o'yinlarda g'alaba qozonish!
— Xo'sh, ko'proq nimadan quvonasiz — gol urishdanmi yoki unga zamin hozirlashdan?
— Agar bu savolga bir necha yil oldin ro'baro' kelganimda, o'ylamasdan javob berardim: «Hammualliflik ko'proq zavq ulashadi». Hozir esa fikrim ancha o'zgardi, endi gol urishni birinchi o'ringa qo'yaman. Har holda, raqib darvozasini o'zingiz ishg'ol qilganingizda, butunlay boshqacha adrenalin olasiz-da...
— Joriy mavsum klubingizning ChLga yo'llanma olishi ancha murakkablashmoqda...
— Ha, muhim o'yinlarda qimmatli ochkolarni yo'qotdik, ammo mavsum hali yakunlanmadi. Asosiysi, jamoa o'yinida yangiliklar ko'zga tashlanyapti. Hozir yuqori sur'atni ushlagan holda, bor kuchni sarflashimiz shart.
— «Bavariya»ga qarshi jangga tayyormisiz?
— Albatta, bu o'yinni intiqlik bilan kutyapman. Tabiiyki, hammaning e'tibori shu bahsga qaratiladi. Buni yaxshi bilamiz va shunga yarasha shaylanmoqdamiz.
— Jamol Musiala haqida qanday fikrdasiz?
— Chindan ham, zo'r yigit. Uni yoshlar jamoalaridagi davridan buyon bilaman, bir-birimiz bilan ko'p marta to'qnash ham kelganmiz. Xullas, Jamol — sifatli, texnik salohiyati mukammal ijrochi. Uni hozirdan top-darajadagi futbolchilar qatoriga qo'shish mumkin.
— ChL 1/8 finalidan o'rin olgan «Real»ga qarshi javob o'yinidan nimalar kutyapsiz?
— Eng muhim bosqichda turibmiz, demak, olg'a intilib, yakuniy natijani o'z tomonimizga burish uchun borimizni berishimiz kerak. Bor gap shu. «Real»ga hurmatni saqlash talab etiladi, buni hamma biladi. Shaxsan men bo'lajak o'yinga ham futbolchilar va muxlislarga zavq ulashadigan qarama-qarshilik sifatida qarayapman.
— «RB Leyptsig» siz uchun aynan nima berdi?
— Bu erda har tomonlama yanada shakllanyapman. O'zi o'yin bobida o'sishimga yordam beradigan klubga ehtiyoj sezayotgandim. Hozir 20 yoshdaman va hali ko'p jihatlarda yangi bosqichga chiqishim zarurligini yaxshi bilaman. Mana, hozir har hafta eng yaxshi futbolchilar bilan raqobatlashyapman, Bundesliga va ChL o'yinlari orqali tobora toblanyapman.
— Bu faoliyatingiz uchun nechog'li muhim bosqich?
— Oldimga ulkan marralarni zabt etish vazifasini qo'yganman va hozirgi jarayon men uchun eng zarur qadam hisoblanadi. Ishoning, Bundesliga — rivojlanishni o'ylaydigan yosh futbolchi uchun eng ideal liga. Bu erda kundan-kunga ishonchim ortib boryapti.
MUHAMMADXON tayyorladi