«Real» joriy mavsum 10ta «kambek» to'plashga ulgurdi. Jamoa bosh murabbiiy Karlo Anchelotti esa xotirjam holda, ketma-ket remontadalar sirini ochdi.
«Madrid» 10-«kambek»ni 27 yanvar kuni kamtarin «Las-Palmas»ga qarshi kechgan safar o'yini (La Liga 22-turi)da rasmiylashtirdi. Ha, «Qirollik klubi» ancha qiynaldi, lekin 3 ochkoni o'z tomoniga og'dirish yo'lini topdi, baribir.
Las-Palmasda hisobni mezbonlar ochishdi ikkinchi bo'limning ilk qismida. Oldinda vaqt etarli edi, boshqacha aytganda, «Real»ning yana bir remontadasi uchun yaxshigina imkoniyat tug'ildi. To'g'risi, Karlo Anchelotti jamoasi shu rejim bo'yicha ishlashni xush ko'rayotgandek. Mana, «Real» bu mavsum amalga oshirgan barcha «kambek»larga nazar solsak, g'alaba keltirgan 7ta gol o'yinlarning 80-daqiqasidan keyin urildi. «Las-Palmas» bilan bahsda esa Vinisius Junior tezda muvozanatni tikladi, ammo hal qiluvchi golni ancha kutishga to'g'ri keldi. Xullas, «Madrid» bu safar g'alabani 84-daqiqadagi gol evaziga o'z tarafiga burdi. Toni Kroos ijrosidagi qoyilmaqom burchak zarbasi va Orelen Tchuamenidan bosh bilan darvozaning uzoq burchagiga yo'llangan chiroyli gol.
«Kambek»lar yoxud ispanlar talqinida aytganda, remontadalar - «Real Madrid»ning klassik quroli. Aftidan, hamma bunga allaqachon o'rganib bo'ldi, ammo barchasidan hayratlanmaslik va lol qolmaslik hamon qiyin, baribir. Qolaversa, Anchelotti jamoasi joriy mavsum o'yinlar borishini umuman o'zgartirib yuborish ko'nikmasini mutlaqo yangi darajaga ko'tardi.
«Kambek»lar soni 10ta etgani barchasini ko'rsatib turibdi. Juda ta'sirli, to'g'rimi? Deylik, 2ta jamoa «Real»ning ushbu «hiyla»siga 2 martadan uchdi. Aniqrog'i, «Almeriya» va «Napoli» klublari «Madrid»ga qarshi kechgan 2tadan o'yinda ijobiy hisobni ushlab qolish uddasidan chiqmadi. Yana bir fakt: «qaymoqranglilar» hozirga qadar hisobda ortda qolgan o'yinlar yakunida jami 19 ochko to'plashdi. Lekin bunisi mavsum rekordi emas. Har holda, jurnalist Aleksis Martin-Tamayoning hisob-kitobiga ko'ra, «Jirona» yutqazib turgan o'yinlari yakunida 22 ochkoni qutqarib qoldi joriy mavsum.
«Real»ning 10ta «ta'mirlangan» o'yinini olsak, ularda eng ko'p gol Jud Bellingemga tegishli - 8ta. Xoselu ham «kambek»larda o'ta mahsuldor. Uning 6ta golidan yarmi g'alabani ta'minladi. Bellingemda ham remontada g'alabani ta'minlagan gollar soni 3ta. Qizig'i, qutqarilgan bahslarda zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar atigi 3ta gol urishgan: Xoselu («Atletiko»ga qarshi superkubok bahsi), Niko Pas («Napoli»ga qarshi ChL uchrashuvi) va Orelen Tchuameni («Las-Palmas»ga qarshi La Liga o'yini). Asosiysi, «joker»larning har bir goli g'alaba tortiq etgani bilan qadrli.
Ha, «Real» o'yinga qanday qo'shishni yaxshi biladi. Karlo Anchelotti esa kuchli zaxira o'rindig'idan minnatdor. Madridlik muxlislar jamoa hamisha ikkinchi bo'limda dinamika shiddatini sezilarli darajada oshirib borishini allaqachon payqashgan, albatta. Zero, «Madrid» tanaffusga qadar ko'pincha nisbatan bamaylixotir ko'rinadi, futbolchilar to'pni oddiy uslubda aylantirishadi, ammo ikkinchi 45 daqiqalik boshlangach, hujumlar dovuli boshlanadi. Buning natijasida raqib o'zining jarima maydoniga qamalib olishdan, oxirgi soniyalargacha himoyalanishdan o'zga chora topolmaydi. Bunday hamlaga kamdan-kam jamoa bardosh beradi. Joriy mavsum atigi 4ta jamoa «Real» dovuliga qarshi munosib turish uddasidan chiqdi: «Betis», «Sevilya», «Rayo Valekano» va «Atletiko» (2 marta). Umuman olganda, Diego Simeone jamoasi «Real»ni enggan yagona drujinadir (e'tiborlisi, «matraschilar» bu ishni 2 marta uddalashdi - sentyabr oyida La Liga va yanvarda kubok bahsida). Anchelottining fikricha, kambeklar asosan sifatli zaxirachilar bilan bog'liq. «Har safar zaxira o'rindig'iga qaraganimda, o'yin borishini o'zgartirish, harakatlarga zarur naqsh berish uchun ko'plab variantlarni ko'raman. Qisqasi, ixtiyorimda kuchli zaxira o'rindig'i bor, shu tufayli uchrashuvlar taqdirini o'zgartira olamiz. Zaxira vakillari har doim katta energiya olib kirishmoqda», - dedi italiyalik murabbiy «Las-Palmas»ga qarshi o'yindan keyin.
A.AHMEDOV tayyorladi