Madridning “Real” klubi hujumchisi Vinisius Junior Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo'yicha agentligi YuNESKOning yaxshi niyat elchisiga aylandi.
YuNESKO bosh direktori Odri Azule “Real Madrid” mashg'ulotlar markaziga tashrif buyurdi va futbolchiga yangi lavozimga tayinlangani haqidagi rasmiy xatni topshirdi.
“Vinisius Junior nafaqat ajoyib futbolchi, u Braziliyada ta'lim sohasida teng imkoniyatlarning kuchli tarafdori ham.
U butun bir avlod uchun namunadir. YuNESKO bugungi kunda uning yaxshi niyat elchilaridan biri ekanligidan faxrlanadi” - dedi Azule.
Qayd etilishicha, madridlik futbolchi so'nggi yillarda Braziliyadagi barcha yoshlarning ta'lim olishini ta'minlash uchun harakat qilgan. 2021 yilda u noqulay hududlardagi braziliyalik bolalar va o'smirlarga maktabga qaytishi va ta'lim olishiga yordam berish uchun Instituto Vini.Jrga asos solgan.
Bu YuNESKO tarixida ikkinchi marta braziliyalik futbolchining Yaxshi niyat elchisiga aylanishidir. Vinisiusdan oldin bu rol Pelega berilgandi.