«Real Madrid» yulduzi Krishtianu Ronaldu faoliyatidagi eng oson vaziyatdan gol ura olmadi. Bunga hech kimning ishongisi kelmadi». Aynan shu sarlavha ostida Mirror nashri portugaliyalik futbolchining qulay vaziyatdan gol ura olmaganiga bag'ishlangan maqolani chop etdi.
«Selta»ga qarshi La Liganing qoldirilgan o'yinida «Real» 4:1 hisobida g'alaba qozonib, mamlakat chempionligini qo'lga kiritish uchun juda yaqin qadam tashladi. Mazkur o'yinda Ronaldu dubl qayd etib, Evropa top-5 milliy chempionatlarida eng ko'p gol urgan futbolchiga aylandi.
Ammo hisob 3:1 bo'lib turgan vaqtda 32 yoshli futbolchi juda qulay vaziyatni golga aylantira olmadi. Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo'ldi.
«Qanday qilib u (Ronaldu) gol ura olmadi?», — deb yozdi Twitter foydalanuvchilaridan biri. «Bunday vaziyatdan gol ura olmagani uchun Ronalduni kechira olmayman», — deya vaziyatga izoh berdi yana bir foydalanuvchi.
Twitter foydalanuvchilari orasida portugaliyalikni qo'llab-quvvatlaganlar ham topildi: «Bu vaziyatda Ronalduni ayblay olmayman. Chunki u oson vaziyatdan ko'ra qiyin vaziyatlardan gol urishni yaxshi ko'radi».