Hozirgi «Real» sovrinlarni birin-ketin «yamlamay yutadigan» dahshatli jamoadek ko'rinmoqda.
Ha, Karlo Anchelotti jamoasi 18 yanvar kuni «Madrid derbisi»da «Atletiko»ga 2:4 hisobida yutqazib, Ispaniya kubogi-2023/2024 uchun kurashdan erta chiqib ketdi. Lekin «Qirollik klubi» bunga qadar Ar-Riyod (S.Arabistoni)da aynan «Atletiko» va «Barselona»ni engib, Ispaniya superkubogini o'ziniki qilgandi.
«Real» ayniqsa, «Al-Avval Park» stadionida bo'lgan final o'yinida o'zgacha shiddati bilan ajralib turdi. Har holda, arab diyorida yayrayotgan Krishtianu Ronaldu ko'z o'ngida azaliy raqib - «Barselona»ga umuman imkoniyat qoldirmadi. Superkubok taqdrini hal qilgan bahs 4:1 hisobida yakunlangani barchasini ko'rsatib turibdi.
Ko'pchilik e'tiborini tortgan voqelik esa o'yindan keyin kuzatildi. Bunda Jud Bellingem tribunaga yaqinlashib, fanatlar guruhiga yuzlandi: «Iltimos, anavi bannerni esdalik uchun menga bersanglar...». Tabiiyki, muxlislar angliyalik futbolchi iltimosini rad etishmadi. Shunday qilib, Jud superkubok finalidagi g'alabani eslatib turuvchi ajoyib buyumga ega bo'ldi. Ushbu bannerda Bellingem, Rodrigo va Vinisius GTA o'yini obrazida tasvirlanishganini aytish o'rinli.