Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

MLS va Evrofutbol qorishmasi

Futbol olamining eng yaxshi golfchisi Garet Beyl «Los-Anjeles»dagi qisqa faoliyatidan so'ng butsalarini mixga ilishni lozim topdi.

.
- Yuklab olish

Futbol olamining eng yaxshi golfchisi Garet Beyl «Los-Anjeles»dagi qisqa faoliyatidan so'ng butsalarini mixga ilishni lozim topdi.

 Asosiysi, Uels faxri AQShda chakki ko'rinmadi va MLSda o'ynab ko'rgan evrofutbol yulduzlari safini kengaytirdi. Keling, Beyl xayrlashuvi bahona AQSh va Kanada elit ligasi jamoalariga bosh suqqan yulduzlarni birrov esga olamiz. Ha, «LA Geleksi»da har tomonlama yayragan Devid Bekxem va Zlatan Ibragimovich hammaning yodida, qolganlar-chi?

Roberto DONADONI (Italiya). Klubi: «Nyu-York|Nyu-Jersi Metrostarz» (1996-1997). Umumiy statistikasi: 52ta o'yin, 6ta gol

Fakt. Donadoni - MLSga yo'l olgan evropalik birinchi yulduz. E'tiborlisi, u 1997 yiliyoq «Milan»ga qaytib, jonajon klubi bilan 6-skudettoga ega chiqqandi.

Karlos VAL'DERRAMA (Kolumbiya). Klublari: «Tampa-Bey Myutini» (1996-1997, 1999-2001), «Mayami Fyujn» (1998-1999), «Kolorado Repids» (2001-2003). Umumiy statistikasi: 185ta o'yin, 17ta gol 

Fakt. Kolumbiya futboli yulduzi 2000 yilgi mavsumda naq 26ta golga assistentlik qilgandi - bu MLS rekordi!

Valter ZENGA (Italiya). Klubi: «Nyu-Inglend Revolyushn» (1997, 1999). Umumiy statistikasi: 47ta o'yin 

Fakt. Afsonaviy kiper 1998 yili faoliya­tini to'xtatib, italyancha filmda suratga tushadi va keyingi mavsum jamoaga o'ynovchi-murabbiy rolida qaytadi.

Tomas RAVELLI (Shvetsiya). Klubi: «Tampa-Bey Myutini» (1998). Umumiy statistikasi: 23ta o'yin

Fakt. JCh-94 bronza medali sovrindori 1998 yili 39 yoshidayoq faoliyatini to'xtatadi. Tomas keyingi yili jonajon klubi - «Ester»­ga qaytadi, «Myutini» esa mavsum-2001da yo'qlik sari yuz tutadi.

Lotar MATTEUS (Germaniya)Klubi: «Nyu-York|Nyu-Jersi Metrostarz» (2000). Umumiy statistikasi: 23ta o'yin

Fakt. Bundestim uchun katta muvaffaqiyatsizlik bilan tugagan Evro-2000dan so'ng 14ta o'yinni o'tkazib yuborgan Matteus MLSdagi mavsum o'rtasida mahbubasi bilan hordiq chiqarishga jazm etgandi.

Xristo STOIChKOV (Bolgariya). Klublari: «Chikago Fayr» (2000-2002), «Di Si Yunayted» (2003). Umumiy statistikasi: 81ta o'yin, 30ta gol

Fakt. «Barselona»ning sobiq yulduzi hamon «Chikago» tarixidagi to'purarlar ro'yxatining kuchli 10taligida turibdi.

Yuriy JORKAEFF (Frantsiya)Klubi: «Nyu-York Red Bulls» (2005-2006). Umumiy statistikasi: 48ta o'yin, 13ta gol

Fakt. Jahon va Evropa chempioni AQShdagi faoliyati davomida Manxetten janubida yashadi. Mashhur aktrisa Juliya Roberts frantsiyalik armanning qo'shnisi edi.

Devid BEKXEM (Angliya). Klubi: «Los-Anjeles Geleksi» (2007-2009, 2010-2012). Umumiy statistikasi: 118ta o'yin, 20ta gol

Fakt. MLS Beks transferi ta'sirida maxsus qoida qabul qilib, klublarning 2 nafar futbolchiga belgilangan me'yordan ko'proq maosh berishiga ruxsat beradi. Bekxem shu tariqa yiliga 6,5 mln. evro miqdorida haq oladi, vaholanki, o'shanda ligada maksimal maosh 2,1 mln. evro edi. 

Abel ShAV'ER (Portugaliya). Klubi: «Los-Anjeles Geleksi» (2007-2008). Umumiy statistikasi: 26ta o'yin

Fakt. Maydonda ham o'yini, ham o'zgacha soch-soqoli bilan ajralib turgan portugaliyalik faoliyatiga nuqta qo'ygach, «Geleksi»da bosh murabbiy Ruud Gullit qo'l ostida ishlash aslo yoqmaganini ochiq-oydin aytgandi. 

Fredrik YuNGBERG (Daniya). Klublari: «Sietl Saunders» (2009-2010), «Chikago Fayr» (2010). Umumiy statistikasi: 55ta o'yin, 4ta gol

Fakt. «Sietl» klubi «Arsenal» afsonasini «Chikago» futbolchisi bilan almashtirgandi.

Rafael MARKES (Meksika). Klubi: «Nyu-York Red Bulls» (2010-2012). Umumiy statistikasi: 50ta o'yin, 1ta gol

Fakt. Meksikalik afsona o'sha payt «Yuventus» taklifidan yuz o'girib, MLSga yuzlangan edi. Rafa keyinchalik AQShga ko'chib o'tib, faoliyatidagi eng katta xatoga yo'l qo'yganini tan olgandi.

Terri ANRI (Frantsiya). Klubi: «Nyu-York Red Bulls» (2010-2014). Umumiy statis­tikasi: 135ta o'yin, 52ta gol

Fakt. «Arsenal» afsonasi MLSdagi deb­yut o'yiniga metroda, fanatlar qurshovida yo'l olgan.

Robbi KIN (Irlandiya). Klubi: «Los-Anjeles Geleksi» (2011-2016). Umumiy statistikasi: 165ta o'yin, 104ta gol

Fakt. Kin - MLSning 3 karra chempioni, mavsum-2014ning eng yaxshi futbolchisi. «Geleksi»da esa eng yaxshi futbolchiga atalgan sovrinni qatorasiga 4 mavsum hech kimga bermagan.

Alessandro NESTA (Italiya). Klubi: «Monreal Impekt» (2012-2013). Umumiy statistikasi: 34ta o'yin

Fakt. «Skuadra Adzurra»ning tan olingan himoyachisi aslida faoliyatiga Italiyada nuqta qo'yishni o'ylagan, ammo uni «Monreal»da o'ynab ko'rishga sobiq klubdoshi Marko di Vayo ko'ndirgan.

Tim KEYXILL (Avstraliya). Klubi: «Nyu-York Red Bulls» (2012-2014). Umumiy statis­tikasi: 72ta o'yin, 16ta gol

Fakt. Avstraliyalik yulduz MLSdan qaytgach, yana 5ta klubda o'ynadi, u hattoki, Angliyaga qaytib, «Milluoll» safiga qo'shildi va faoliyatini 2019 yildagina yakunladi.

Junino PERNAMBUKANO (Braziliya). Klubi: «Nyu-York Red Bulls» (2013). Umumiy statistikasi: 15ta o'yin

Fakt. «Jarima zarbalari qiroli» MLSda loaqal 1ta ham gol urmadi.

Julio SEZAR (Braziliya). Klubi: «Toronto» (2014). Umumiy statistikasi: 7ta o'yin

Fakt. Braziliyalik kiper JCh-2014da Kanada klubi vakili sifatida qatnashdi. 

David VIL'Ya (Ispaniya). Klubi: «Nyu-York Siti» (2014-2018). Umumiy statistikasi: 133ta o'yin, 83ta gol

Fakt. Vilya hamon «Nyu-York Siti» tarixidagi eng yaxshi goleadordir.

Stiven JERRARD (Angliya). Klubi: «Los-Anjeles Geleksi» (2015-2016). Umumiy statistikasi: 39ta o'yin, 5ta gol

Fakt. Jerrardga MLSda ham chempion bo'lish nasib etmadi, xuddi «Liverpul»dagi kabi.

Frenk LEMPARD (Angliya). Klubi: «Nyu-York Siti» (2015-2016). Umumiy statistikasi: 21ta o'yin, 12ta gol

Fakt. «Chelsi» afsonasi Nyu-York orqali «Manchester Siti»ga o'tdi va hattoki, jonajon jamoasi darvozasiga gol ham urdi.

KAKA (Braziliya). Klubi: «Orlando Siti» (2015-2017). Umumiy statistikasi: 78ta o'yin, 25ta gol

Fakt. Kaka 3 yil davomida MLS yulduzlari ishtirokidagi 3ta o'yinda qatnashdi.

Dide DROGBA (Kot-d`Ivuar). Klubi: «Monreal Impekt» (2015-2016). Umumiy statistikasi: 41ta o'yin, 23ta gol

Fakt. Ivuarlikka Shimoliy Amerikadagi hayot shu qadar yoqdiki, u «Monreal»dan ketgach, AQSh chempionati Ikkinchi ligasi ishtirokchisi «Finiks Rayzing»da ham o'ynadi, yakunda bu klub egalaridan biriga aylandi.

Andrea PIRLO (Italiya). Klubi: «Nyu-York Siti» (2015-2017). Umumiy statistikasi: 62ta o'yin, 1ta gol

Fakt. Evropada ko'pchilik Lempard - Pirlo tandemini orzu qilgani rost, qarangki, bunday bog'lam AQSh «Siti»sida yuzaga keldi.

Sebastyan JOVINKO (Italiya). Klubi: «Toronto» (2015-2018). Umumiy statistikasi: 142ta o'yin, 83ta gol

Fakt. MLS-2017 chempioni, «Toronto» tarixidagi bosh to'purar - bu aynan Jovinko.

Eshli KOUL (Angliya). Klubi: «Los-Anjeles Geleksi» (2016-2018). Umumiy statistikasi: 94ta o'yin, 3ta gol

Fakt. Himoyachi 2018 yili Angliyaga qaytib, «Derbi Kaunti» safiga qo'shildi. 

Bastian ShVAYNShTAYGER (Germaniya). Klubi: «Chikago Fayr» (2017-2019). Umumiy statistikasi: 92ta o'yin, 8ta gol

Fakt. 2018 yilning avgust oyida Myunxenda buyuk Shvaynining xayrlashuv uchrashuvi tashkil etildi. Bastianning o'zi «Chikago» va «Bavariya» safida bir bo'limdan harakatlandi. To'g'ri, u shundan keyin ham o'ynadi va faqat 2019 yil oxirida butsalarini mixga ildi. 

Zlatan IBRAGIMOVICh (Shvetsiya). Klubi: «Los-Anjeles Geleksi» (2018-2019). Umumiy statistikasi: 58ta o'yin, 53ta gol

Fakt. 1ta o'yinda o'rtacha hisobda deyarli 1ta gol - bu Ibraga xos natija, albatta.

Ueyn RUNI (Angliya). Klubi: «Di Si Yunayted» (2018-2019). Umumiy statistikasi: 52ta o'yin, 25ta gol

Fakt. Runi - mavsum-2019 ramziy jamoasi a'zosi va klubning eng yaxshi futbolchisi.

A.ABDUVALIXO'JAEV tayyorladi

BestMaster
4 Mart 2023, 00:00
evrofutbol, qorishmasi,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads