Madridning “Real” klubi nega “Barselona”ning hakam bilan bog'liq mojarosiga izoh berishdan bosh tortayotgani ma'lum bo'ldi.
Avvalroq kataloniyaliklar 2016 yildan 2018 yilga qadar RFEF texnik hakamlar qo'mitasi sobiq vitse-prezidenti Xose Mariya Enrikes Negreyraga 1,4 million evro o'tkazgani xabar qilingandi. Klub bu bo'yicha bayonot bergan va Futbol federatsiyasi amaldoriga yosh futbolchilar va hakamlar haqidagi hisobotlari uchun to'lov amalga oshirilganini ta'kidlagandi. Shundan so'ng “Barselona” 2003 yildan beri Negreyraga 4,7 million evro to'lagani aniqlandi.
“Real”dan tashqari barcha La Liga va Segunda klublari “Barselona”ning harakatlarini ochiqchasiga qoraladi.
“Klub uchta sababni ko'rsatdi va ularning barchasi mantiqqa to'g'ri keladi.
Madrid klubi bunday ishlarni 20 yil davomida qoralab keldi va tanqidga uchradi. Shu vaqt davomida klubni hech kim qo'llab-quvvatlamadi.
“Real” “Ijroqo'm yillar davomida raqobat o'ziga xosligini saqlab qolishi bo'yicha olib borilgan ishlarni inobatga olgan holda La Liga harakatlarini to'liq qo'llab-quvvatlaydi” deb yozilgan arizaga qanday imzo chekishi mumkin? Bu hazilmi?
Qolaversa, “Real” mas'ullar bu bayonotdan himoya maqsadida foydalanishini istamaydi”, — deb aytib o'tdi jurnalist Antonio Garsiya Ferreras klub manbalariga tayanib.
“Espanol” “Negreyra ishi” deb atalayotgan voqea yuzasidan turli OAVda chop etilgan ma'lumotlardan xavotirda ekanligi, “Atletiko” esa La Liganing barcha jamoalaridan norozilik va qoralovchi qo'shma bayonot berishini xohlayotgani ma'lum bo'lgandi.