Madridning “Real” klubi Marko Asensio bilan shartnomani uzaytirish borasida muzokaralar olib bormoqda.
Uning amaldagi shartnomasi 2023 yilning yoziga qadar mo'ljallangan.
Marca nashri xabariga ko'ra, vinger Madrid klubida qolmoqchi. "Real" rahbariyati allaqachon unga shartnomani uzaytirish taklifini jo'natgan.
Asensioga boshqa top-jamoalardan ham takliflar bor. Agent Jorje Mendesh barcha takliflarni tinglaydi, biroq mijozi uchun "Real" bilan yangi shartnoma imzolash ustuvor vazifa ekanini biladi.
2-3 hafta ichida Asensioning kelajagi masalasi hal bo'ladi. Qayd etilishicha, bunda masalaning moliyaviy tomoni katta rol o'ynamaydi. Marko o'zini "Real"ning muhim o'yinchisi sifatida his qilishni xohlaydi. Rahbariyat bilan uchrashuvda maosh yoki shartnoma muddati emas, Asensioning jamoadagi o'rni muhokama qilinadi.
Agar o'tgan yozda vinger yangi shartnoma imzolashdan ko'ra "Real"dan ketishga yaqinroq bo'lgan bo'lsa, hozir vaziyat o'zgargan.
Joriy mavsumda Asensio La Liganing 12 ta uchrashuvida (ulardan 3 tasi asosiy tarkibda) maydonga tushib, jami 319 daqiqa o'ynadi. Bu o'yinlarda ispaniyalik futbolchi 1 ta gol urib, 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.