Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

9 yoshida ko'cha jangiga tayyor bo'lgan yigitcha - hammasi Marko Asensio haqida

«Real» klubi bag'rida yangi yorqin yulduz voyaga etmoqda. 

.
- Yuklab olish

«Real» klubi bag'rida yangi yorqin yulduz voyaga etmoqda. Harqalay, yangi mavsum starti Marko Asensioni oldinda porloq kelajak kutayotganiga ishora qildi.

Ispaniyalik yigit va gollandiyalik ayol nikohidan dunyoga kelgan yigitcha hozircha 19 yoshgacha bo'lgan futbolchilardan tuzilgan Ispaniya terma jamoasi bilan jahon chempionati cho'qqissini zabt etdi. Ya'ni bo'yniga oliy probali oltin medal taqishga ulgurdi.

«Real» uning amaldagi shartnomasida kosmik darajada katta tovon puli belgilab qo'ygan - 350 mln. evro. Bu nimadan dalolat beradi?

Tushunarliki, «Qirollik klubi» o'z ixtiyoridagi bu yigitchani bo'lajak «qirol» o'rnida ko'rmoqda. 350 «limon»ga teng bahoni yana qanday izohlash mumkin?

- Mittigina bolakayning to'p bilan aqlga sig'mas shunday nafis harakatlar - hunarlar ko'rsatishiga butun hayotim davomida sira duch kelgan emasman. Vaholanki, doimo yosh iqtidorlar qurshovida yuraman, ne-ne iste'dodlar shundoq ko'z o'ngimda ulg'ayishgan. Ochig'ini aytsam, Marko  9 yoshidayoq ko'cha futbolining chinakam jangchisiga aylanib ulgurgandi.

U o'zidan hattoki, ikki baravar katta yoshli yigitlar davrasida hech narsadan cho'chimay, dadil to'p surardi. Diqqatga sazovor tomoni, bunday uchrashuvlarda Marko shu katta yoshli bolalarga qarab harakatlanmasdi, ularga to'p uzatish uchungina maydonga tushmasdi. Aksincha, hamma-hamma aynan Marko uchun o'ynardi va bundan hech ham uyalmasdi.

Chunki Marko to'pni qabul qilib olgach, qolganini qoyillatardi! - mazkur e'tirof taniqli skaut Klemente Maringa tegishli. Ma'lumot uchun qo'shimcha qilish kerak, vaqtida Asensioni «Malorka» akademiyasiga aynan shu mutaxassis olib kelgan va unga katta futbol yo'lini ko'rsatgandi.

Bo'lajak futbolchi Malorka shahrida «aralash» oilada tug'ildi: otasi ispan, onasi golland ayoli. Marko 4 yoshga to'lganida, onasi yorug' olam bilan vidolashdi. Oradan yana 3 yil o'tgach, bolakay professional futbolni zabt etish uchun dastlabki qadamni tashladi. To'g'rirog'i, Palma shahrining g'oyat xushmanzara hududida joylashgan «Plajes de Kalvia» futbol maktabida tahsil ola boshladi.

Marko tez orada tarbiyalanuvchilar orasida yaqqol ajralib turishga odatlandi va 10 yoshida uni nisbatan obro'liroq sanalgan «Malorka» klubi akademiyasiga chorlashdi. Tabiiyki, qadrdon shahriga qaytish  yigitcha ishtiyoqini yanada kuchaytirdi. U shu tariqa «Malorka» akademiyasi jamoasi safidagi ajib o'yinlari orqali professional selektsionerlar e'tiborini o'ziga qaratdi.

Qahramonimiz 17 yoshga to'lgach, «Malorka»ning asosiy va o'rinbosarlar tarkibida birinchi mavsumini o'tkazdi. Ya'ni debyutda ham yoshlar, ham kattalar futbolidan bahra oldi. Natija chakki bo'lmadi va 2014 yiliyoq yosh iqtidor sohibini o'z safiga qo'shib olishni xohlovchi jamoalar ko'payib ketdi. Biroq bitta muammo bor edi - Markoning transfer bahosi.

Zero, Balear oroli jamoasi o'zining yosh tarbiyalanuvchisi uchun 4 mln. evrodan ko'proq talab qilishdan tashqari, pulni birdaniga olishni istadi. Boz ustiga, «Malorka» real xaridorlar oldiga yana bir qat'iy shart qo'ydi: «Transferga rozimiz, faqat Asensio yana bir mavsum ijara asosida klubda o'ynaydi, boshqa gap yo'q».

O'sha vaqt iqtidorli yigitga ko'z tikkanlar orasida «Barselona» ham bor edi. Umuman, Kataloniya jamoasi qiziqishi o'ta jiddiy bo'lib, kelishuv deyarli «pishgandi». Har holda, Sport.es portali ma'lumotlariga tayansak, futbolchi yangi jamoaga yaqinroq bo'lish maqsadida Kasteldefelsdan o'ziga xonadon qidira boshlagandi.

Biroq eng so'nggi pallada kelishuv buzildi. Gap shundaki, Kataloniya grandi vakillari «Malorka»ga 4,5 mln. evro berishga rozi bo'lish barobarida pulni bir necha bosqichda to'lashlarini ma'lum qilishdi.

Sotuvchi tomon esa aksiga olib, arzonroq bahoga ham ko'nishi mumkinligi, biroq mablag' juda zarurligi bois, barchasini birdaniga olishni xohlashini bildirdi. Xullas, ana shu arzimas «bahs» tufayli «Barselona» kelajagi yorqin futbolchini o'zgalar ixtiyoriga «topshirdi-qo'ydi».

Kataloniyaliklar uchun eng alamlisi shuki, o'sha «o'zga» qandaydir oddiy jamoa emas, balki «Barselona»ning birinchi raqamli raqibi edi. Oddiy aytganda, tayyor kelishuv amalga oshmay qolganidan ustalik bilan foydalangan «Real» darhol o'rtaga suqulib, «Malorka» so'ragan  3,9 mln. evroni muammosiz to'ladi va kamiga futbolchining yana bir yil orolliklar safida to'p surishiga ijozat berdi.

Qisqasi, har ikki tomonni to'la qoniqtirgan bitim rasmiylashtirildi. Manfaatli kelishuv Markoni yanada ruhlantirib yubordi, chog'i, u «Malorka» safidagi so'nggi mavsumni yuksak saviyada o'tkazdi. Birinchidan, Asensio rossiyalik Valeriy Karpin boshqaruvida mavsumni samarali uzatma bilan boshladi, 3-turda bu ishini yana bir bora takrorladi.

Ikkinchidan, kelajagi «Madrid» bilan bog'langan yigit gol urishni ham paysalga solmadi. Xususan, 2ta samarali «pas»dan keyin qatorasiga ikki uchrashuvda o'z nomini tabloga yozdirib qo'ydi. Bunda rossiyalik mutaxassisning roli ham katta. Zero, u yosh shogirdiga hujumchilar ortida va har ikki qanotda erkin harakatlanish huquqini bergandi.

Qolaversa, «Malorka»ning himoyaviy uslubi hamda tezkor qarshi hujumga o'tishni yaxshi o'zlashtirgani qahramonimizga juda qo'l keldi. Xullas, u Karpin tomonidan amalga tatbiq etilgan taktik chizmaga ideal darajada mos keldi. Yozda Marko Ispaniya yoshlar terma jamoasi tarkibida U-19 belgisi ostidagi JChda chinakamiga nur sochdi.

Ya'ni yakunda jamoa etakchilaridan biri sifatida chempionlikni tantana qilishdan tashqari, turnirning eng foydali o'yinchisiga atalgan sovringa loyiq ko'rildi.

Bu vaqtda Madridda uni mashhur Rafael Benites intizor kutib turar, betakror Guti esa o'z hayratini «Tvitter» orqali izhor etardi: «Marko Asensio - fan-tas-ti-ka!!!».

18 yoshli hujumkor yarim himoyachi o'z toifasidagi mundial tugagach, to'ppa-to'g'ri mavsumoldi tayyorgarlik jarayoniga kirishgan «Real»ning asosiy tarkibiga qo'shildi. Bu uning yuksak saviyadagi professionallar orasidan joy olganini anglatardi. Biroq Rafa yosh futbolchiga mavsum davomida muntazam o'yin amaliyoti taqdim etish xususida kafolat berolmadi.

20 avgust kuniga kelib esa Marko aynan bosh murabbiy tavsiyasiga binoan «Espanol»ga yuborildi - ijara. Shu tariqa Marko Kataloniyaga qaytib, Kasteldefelsdagi uyi yaqinida faoliyat yurita boshladi. Muhimi, u ushbu burilishdan tushkunlikka berilmadi va «Espanol»da mavsumning eng faol futbolchilaridan biri bo'ldi.

Harqalay, 34ta o'yinda maydonga tushdi, oldingi chiziqning barcha pozitsiyalarida harakat qilib, tajribasini ancha oshirdi, qolaversa, 13ta gol hammuallifiga aylandi.

Buning ijara kelishuvi bo'yicha to'p surgan yigit uchun ajoyib statistika ekanligini aytish shart emasdir. Shu joyda bitta e'tiborli fakt - Marko o'sha mavsum samarali uzatmalar soni bo'yicha Neymar va Krishtianu Ronaldu kabi katta aslarni ortda qoldirdi.

Umuman, bu borada primero vakillari orasida faqat Lionel Messi, Luis Suares va Koke undan yaxshiroq natijaga erishdilar. Xullas, yarim himoyachi munosib mavsum samarasi o'laroq, o'tgan yili Madridga qaytdi.

Asensio shundan buyon «Real» tarkibida. Yana faktlarga murojaat qilamiz: Marko «Real»ning navbatdagi g'alabasi bilan yakunlangan ChL-2016|2017 davomida atigi bir marta boshlang'ich tarkibda maydonga tushgan bo'lsada, arzirli natijalarga erishdi. Diqqat qiling, butun turnir bo'yi umumiy olganda, atigi 255 daqiqa o'yin vaqtiga ega bo'lgan futbolchi shu qisqa fursat ichida 3ta gol urishdan tashqari, bir marta assistentlik rolini bajarishni uddaladi.

Keyingi voqealar rivoji «Qirollik klubi» muxlislariga yaxshi ma'lum. Marko «Real» ishtirokidagi 3ta musobaqaning har birida 3tadan gol urdi. Qo'shimchasiga, Evropa superkubogi uchun kechgan bahsda ham raqib - «MYu» darvozabonini ranjitdi. Qoyilmaqom o'sish!

Hozir «Real»ni aynan Marko oldinga sudramoqda! Bunday e'tirofni lofga chiqarish uchun asos yo'q. Yorqin misol, futbolchi Ispaniya chempionati 2-turida «Valensiya»ga qarshi kechgan uchrashuvda «dubl» qayd etib, «Qirollik klubi»ni muqarrar mag'lubiyatdan saqlab qoldi. Eh, uning ijrosidagi jarima zarbasini bir eslang - naqadar kuchli, chiroyli, aniq va effektli harakat.

«Malorka»ning huquqiy ishlariga mas'ul sanalgan Ispaniyadagi mashhur yuristlardan biri Toni Roka bahorda shunday degandi: «Jamoa Asensioni barvaqt sotib yuborib, jiddiy xatoga yo'l qo'ydi. Bu shoshqaloqlik, uzoqni ko'ra olmaslikdan boshqasi emas. Misol uchun, futbolchining hozirgi bahosi - 50 million evro». Sho'rlik Toni, bechora «Malorka».

Axir «Real» Asensioni 50 «limon» emas, ancha baland baholamoqda: shartnomadagi alohida bandga ko'ra, xaridor 350 million berishi kerak! Eslatish joiz «Barselona» va Neymar o'rtasidagi shartnomada ko'rsatilgan tovon puli 222 million evro edi.

Mana, «PSJ» fantastikadek tuyulgan bu summani to'lashdan tiyilmay, braziliyalik yulduzni o'z tomoniga og'dirdi... Bundan tegishli xulosa chiqargan Florentino Peres esa Marko Asensio bilan yaqindagina tuzilgan shartnomani yana qayta ko'rib chiqish niyatida.

Sabab bitta - tovon puli miqdorini yanada oshirish kerak. Hozirda «Real»ning maqsadi aniq - yarim himoyachi uchun belgilangan maosh miqdorini oshirish asnosida tovon pulini 500 millionga ko'tarmoqchi. Albatta, ishonish qiyin va aqlga sig'maydigan raqamlar.

Ammo Neymar transferidan xulosa chiqarsak, futbolda har qanday kutilmagan va aqlni shoshirib qo'yadigan hodisalar ro'y berishi mumkin. Aftidan, «Qirollik klubi»da chinakam «qirol» kamol topayotganini sezgan korchalon prezident hozirdanoq uning kelajagini xavfsizlantirish, ya'ni badavlat klublar «xuruji»dan himoyalash chora-tadbirlarini ko'rayotgandek. Shu holat ham Madridda Asensioga bog'liq uzoq muddatli rejalar tuzishayotganidan dalolat berib turibdi.

BestMaster
14 Sentabr 2017, 10:40
yoshida, kocha, jangiga, tayyor, bolgan, yigitcha, hammasi, marko, asensio, haqida,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads