Ispaniya superkubogining yarim finalida «Real» va «Valensiya» jamoalari 11 yanvar, chorshanba kuni bahs olib bordi.
Uchrashuvning 39-daqiqasida madridliklar hujumchisi Karim Benzema penaltidan unumli foydalanib, hisobni ochdi. Ikkinchi bo'lim boshida esa Samyuel Lino muvozanatni tikladi. Asosiy bo'limlarda boshqa gol urilmadi va jamoalar qo'shimcha bo'limlarga yo'l oldi.
Qo'shimcha bo'limlarda vaziyatlar yaratish bo'yicha ustunlik madridliklar tomonida bo'lgan bo'lsa-da, darvozalar daxlsizligi saqlanib qoldi va g'olib penaltilar seriyasida aniqlandi.
Penaltilarda esa «qaymoqranglilar» 4:3 hisobida zafar quchdi. Valensiyaliklarning ikkinchi zarbasi noaniq chiqqan bo'lsa, so'nggi zarbani Kurtua qaytardi. "Real" safida Benzema, Modrich, Kroos va Asensio o'z imkoniyatlaridan samarali foydalanishdi.
Shu tariqa Karlo Anchelotti shogirdlari finalga yo'l oldi.
Yarim finalning ikkinchi o'yinida «Barselona» 12 yanvar, payshanba kuni «Betis» bilan o'ynaydi.
Ispaniya superkubogi
Yarim final bahsi
11 yanvar, chorshanba
«Real» — «Valensiya» 1:1
Penaltilar seriyasi: 4:3
Gollar: 1:0 – 39 Benzema (penalti), 1:1 – 47 Lino.
«Real Madrid»: Kurtua, Ryudiger, Militao (Mendi, 74), Nacho, Kroos, Valverde (Sebalos, 106), Kamavinga (Modrich, 46), Vaskes (Karvaxal, 68), Benzema, Vinisius Junior, Rodrigo (Asensio, 84).
«Valensiya»: Mamardashvili, Toni Lato (Moriba, 95), T'erri Korreyya, Jemert, Ozkajar, Gayya, Almeyda (Gilyamon, 115), Musa (Fulke, 95), Kavani, Lino (Fransisko Peres, 82), Klyuyvert (Duro, 73).
Ogohlantirishlar: Kamavinga (28), Klyuyvert (31), Jemert (38), Kavani (92), Almeyda (100), Nacho (109).