Soccer.ru sayti blogeri Evropa top-klublari murabbiylarining futbolchilik faoliyati haqida hikoya qiladi.
1. «Real»
Zayniddin Zidan (Frantsiya) 1972
Futbolchilik faoliyati: 1988-2006
Ampluasi: hujumkor yarim himoyachi, chap qanot yarim himoyachisi
O'ynagan jamoalari: «Kann»-1988-1992; «Bordo»-1992-1996; «Yuventus»-1996-2001; «Real»-2001-2006 yillar.
Klub miqyosidagi natijalari: EChLning 2001|2002 yillar mavsumidagi g'olibi, final bahsida «Bayer» darvozasiga urilgan g'alaba goli muallifi.
Terma jamoadagi faoliyati: 108ta o'yin, 31ta gol.
Natijalari: jahon chempioni-1998 (Braziliya bilan bo'lgan final uchrashuvida 2ta gol muallifi); Evropa chempioni-2000 yil. Bundan tashqari, Evro-96, JCh-2002, Evro-2004, JCh-2006 ishtirokchisi.
Ko'plab uchrashuvlarda «uchranglilar»ni sardor sifatida maydonga olib tushgan. Zizu ortiqcha maqtovga muhtoj emas - asli kelib chiqishi jazoirlik bo'lgan o'g'lon futbolchilik davrida 15ta jamoaviy va ko'plab individual sovrinlarga sazofor bo'lgan chinakam superyulduz.
Taqdir saxovatliroq bo'lganida Zidan yanada ko'proq mukofotlar sohibiga aylanardi: 2ta boy berilgan EChL turniri finallari (1996|1997, 1997|1998, Frantsiyaning imkoniyatlarini pasaytirib yuborgan JCh-2006 finalidagi mashhur qoidabuzarlik, faoliyatining sakkiz yilini yuksak natijalarga da'vogarlik qilmaydigan kamtarin jamoalarda o'tkazganligi...).
Qisqasi, Zidan eng nufuzli «shalpangquloq» kubokka futbolchi va murabbiy sifatida sazovor bo'lgan etti baxtiyor insonning biri.
2. «Bavariya»
Karlo Anchelotti (Italiya) 1959
Futbolchilik faoliyati: 1976-1992
Ampluasi: markaziy yarim himoyachi
O'ynagan jamoalari: «Parma»-1976-1979; «Roma»-1979-1987; «Milan»-1987-1992 yillar.
Klub miqyosidagi natijalari: EChL turnirining ikki karra (1988|1989, 1989|1990) g'olibi
Terma jamoadagi faoliyati: 26ta o'yin, bitta gol.
Evro-88 va JCh-90 ishtirokchisi, JCh-86da «Skuadra Adzurra» tarkibidan joy olgan bo'lsada, maydonga tushmagan. Faoliyatidagi yagona golni esa debyut uchrashuvida Gollandiya terma jamoasi darvozasiga yo'llagan.
«Karlo ota»ning faoliyati bir maromda yuksalish bilan o'tdi: 27 yoshida terma jamoadan taklif oldi, dastlabki mundialda maydonga tushmagan bo'lsada, keyingi Evro va JChda to'liq ishtirok etdi. Iqtidorli yarim himoyachi 12ta (uchtasi xalqaro miqyosda) sovrinni qo'lga kiritgan. U ham xuddi Zidan singari EChL kubogiga ham futbolchi, ham murabbiy sifatida ega chiqqan.
3. «Barselona»
Ernesto Valverde (Ispaniya), 1964
Futbolchilik faoliyati: 1983-1997
Ampluasi: markaziy hujumchi
O'ynagan jamoalari: «Alaves»-1983-1985; «Barselona»-1985-1986; «Espanol»-1986-1988; «Barselona»-1988-1990; «Atletik»-1990-1996; «Malorka»-1996-1997 yillar.
Klub miqyosidagi natijalari: kubok egalari kubogi sohibi-1988|1989 yillar mavsumi.
Terma jamoadagi faoliyati: Ispaniya terma jamoasi tarkibida bir marta maydonga tushgan Evro-92ning Islandiyaga qarshi saralash bellashuvida 19 daqiqa to'p surgan.
Valverde asosan «Espanol»dagi faoliyati evaziga jamoatchilikka tanildi. Bu jamoa bilan 1987|1988 yillar mavsumida UEFA kubogining finaliga etib bordi.
Keyingi ikki mavsumni «Barselona»da o'tkazgan. Chiki Begiristayn va Gari Linekerga raqobatchi bo'lgani bois, Ernesto muntazam maydonga tushish imkoniga ega emasdi. Bisotidagi ikki sovringa u aynan shu jamoada, buyuk Yoxan Kroyff rahbarligida sazovor bo'ldi.
4. «Atletiko»
Diego Simeone (Argentina) 1970
Futbolchilik faoliyati: 1987-2006
Ampluasi: tayanch, so'l qanot yarim himoyachisi
O'ynagan jamoalari: «Veles Sarsfild»-1987-1990; «Piza»-1990-1992; «Sevilya»-1992-1994; «Atletiko»-1994-1997, 2003-2005; «Inter»-1—7-1999; «Latsio»-1999-2003; «Rasing»-2005-2006 yillar.
Klub miqyosidagi natijalari: UEFA kubogi sohibi-1997|1998
Terma jamoadagi faoliyati: 108ta o'yin, 11ta gol
Natijalari: Amerika kubogining ikki karra sohibi-1991, 1993; Qirol Fahd kubogi (1992) va Artemio Franki kubogi sohibi-1993. Shuningdek, Amerika kubogi (1995, 1999), JCh (1994, 1998, 2002), Olimpiada-96 turnirlari ishtirokchisi. Olimpiadaning kumush medallarini qo'lga kiritgan.
Jamoadoshlari va muxlislar orasida «El Cholo» hamda «Avliyo» laqablariga loyiq ko'rilgan Diego maydonda murosasiz jangchi edi. U jamoa muvaffaqiyati uchun bor kuch-mahoratini sarflardi.
Simeone faoliyati davomida 10ta sovringa sazovor bo'lgan. Ularning to'rttasi Argentina termasi bilan hamkorlikda qo'lga kiritilgan.
5. «Yuventus»
Massimiliano Allegri (Italiya), 1967
Futbolchilik faoliyati: 1984-2003
Ampluasi: markaziy yarim himoyachi
«Keksa sinora»ning amaldagi bosh murabbiyi hammasi bo'lib 11ta klubda to'p surgan - «Piza», «Peskara», «Kalyari», «Perudja» va «Napoli» jamoalari tarkibida «A» seriyasi bahslaridan bahramand bo'lgan.
Klub miqyosidagi natijalari: «A» seriyada to'qqizinchi o'rin («Kalyari»-1994|1995 yillar mavsumida).
Ochig'i, Allegri o'yinchilik faoliyati bilan maqtana olmaydi. 1992|1993 yillar mavsumida «Peskara»ning eng yaxshi to'purari bo'lgandi. 1998 yildan keyingi faoliyati «V» seriyada o'tdi.
Chunki u to'p surgan beshta jamoaning to'rttasi quyi divizionga tushib ketgandi. Elitada «jon» saqlab qolish faqat «Kalyari»ga nasib etdi. Taajjubki, murabbiy Allegrining dastlabki muvaffaqiyatlari loyihasi ham Sardiniya klubida amalga oshirildi.
6. «PSJ»
Unai Emeri (Ispaniya), 1971
Futbolchilik faoliyati: 1990-2004
Ampluasi: markaziy himoyachi
Elitadagi yagona mavsumni (1995|1996) Emeri «Real Sosedad» safida o'tkazdi. Beshta uchrashuvda maydonga tushib, bitta gol urgan. Unai - futbolchilar sulolasining uchinchi avlodi.
Bobosi va otasi professional o'yinchi bo'lishgan. Emerining asosiy faoliyati Segundada o'tgan. 2004 yili jiddiy jarohat olib, faoliyatini to'xtatgan.
7. «Borussiya» D.
Peter Bosh (Gollandiya), 1963
Futbolchilik faoliyati: 1981-1999
Ampluasi: o'ng qanot himoyachisi
O'ynagan jamoalari: «Vitess»-1981-1984; «Valveys»-1985-1988; «Tulon»-1988-1991; «Feyenoord»-1991-1996; «Jef Yunayted» (Yaponiya)-1996|1997; «Ganza»-1998, NAK «Breda»-1998-1999.
Klub miqyosidagi natijalari: Gollandiya chempioni-1992|1993
Terma jamoadagi faoliyati: 8ta o'yin.
Evro-92ning Germaniyaga qarshi bahsida uch daqiqa maydonda harakatlanib, debyutini nishonlagan. Terma libosidagi oxirgi uchrashuvni Evro-1996 saralash doirasidagi Chexiyaga qarshi bellashuvda o'tkazdi.
Ochig'i, himoyachi o'shanda o'ta muvaffaqiyatsiz harakatlandi - 1:0 hisobida g'alaba qozonayotgan jamoa u maydonga tushgach, javobsiz uchta gol o'tkazib yubordi. Boshning omadli mavsumlari «Feyenoord»da kechdi.
Rotterdamda chempionlik unvoniga sazovor bo'ldi, 3 marta mamlakat kubogini qo'lga kiritdi. Aynan shu jamoada Mixels, Advokat va Xiddinkdan terma jamoaga taklif oldi. 36 yoshida futboldagi faoliyatiga nuqta qo'ydi.
8. «Sevilya»
Eduardo Berisso (Argentina), 1969
Futbolchilik faoliyati: 1988-2006
Ampluasi: himoyachi
O'ynagan jamoalari: «Nyuelss Old Boyz»-1988-1993; «Atlas»-1993-1996; «River Pleyt»-1996-1999, 2000; «Marsel»-1999-2000; «Selta»-2001-2005; «Kadis»-2005-2006.
Klub miqyosidagi natijasi: libertadores superkubogi sohibi-1997 yil.
Terma jamoadagi faoliyati: 11ta o'yin. Amerika kubogi turnirining ikki karra (1997, 1999) qatnashchisi.
Berisso 30 yoshga chiqqanida o'z omadini «ko'hna qit'a»da sinab ko'rishga jazm etdi. Yuksak natijalarga erisholmagan bo'lsada, saviyali o'yinchi sifatida tanildi. Ana shu xizmatlari evaziga bosh murabbiy lavozimini egalladi.