Braziliya milliy jamoasi vingeri Vinisius Junior bolalikdagi asosiy orzulari yozilgan ixcham ro'yxatni ommaga ko'rsatdi.
Unda atigi 8ta orzu bitilgan. Lekin qanday orzular-a...?! Muhimi, futbolchi 22 yoshiga qadar ularning deyarli barchasini amalga oshirishga ulgurdi, faqat asosiysi muallaq qolmoqda.
Ha, Braziliya milliy jamoasi va «Real» klubi vingeri Vinisius Junior bolalikdagi eng asosiy 8ta orzusini bir parcha qog'ozga alohida yozib qo'ygan ekan. Tushunarliki, ular futbol bilan bog'liq, albatta. Yana shunisi aniq, Vinisius orzular ro'yxatini shunchaki, havas uchun shakllantirmagan, balki ularni ro'yobga chiqarish yo'lida tinimsiz shug'ullangan, mashaqqatli sinovlarni engib o'tgan.
Endi Vinisius Junior orzulari ro'yxati bilan tanishib chiqamiz:
- O'zi yoqtirgan klub safida o'ynash.
- Jahon chempionatida g'alaba nashidasini surish.
- Dunyo futbolidagi eng katta klubda to'p surish.
- Braziliya milliy jamoasi sharafini himoya qilish.
- Dunyodagi barcha bolalarga ilhom bag'ishlash.
- «El-klasiko»da gol urish.
- Evropa Chempionlar Ligasida g'alaba qozonish.
- Braziliyaliklarga quvonch ulashish.
Vinisius o'z ro'yxati ostiga chiroyli so'zlarni qo'shimcha qilganini ham alohida aytish kerak. «Har doim esda tuting - qo'rquv shunchaki, illyuziya!» - bunisi endi faylasuflarga xos qarash. Eng ta'sirli tomoni, braziliyalik yulduzcha 22 yoshiga qadar o'sha 8ta orzusidan kamida 7tasiga erishdi:
- O'zi yoqtirgan klubda o'ynamoqda.
- Dunyo futbolidagi eng katta klubda to'p surmoqda.
- Braziliya milliy jamoasi sharafini himoya qilmoqda.
- Dunyodagi barcha bolalarga ilhom bag'ishlamoqda.
- «El-klasiko»da gol urdi.
- Evropa Chempionlar Ligasida g'alaba qozondi.
- Braziliyaliklarga quvonch ulashmoqda.
Demak, bittagina bo'g'in qoldi - Braziliya termasi bilan jahon chempionatida zafar quchish. Bunisi uchun endi kamida yana 4 yil sabr qilishi kerak.