«Qarimas» Luka Modrich balki Qatarda Xorvatiya milliy jamoasi libosidagi oxirgi turnirida qatnashayotgandir. Har holda, 37 yoshli yarim himoyachi JCh-2022 starti arafasida FIFA nashriga bergan intervyusida shu mazmunda gapirgandi: «Futbol uchun ma'lum yoshga etganimni yaxshi tushunib turibman. Katta ehtimolki, mundial men uchun Xorvatiya terma jamoasi safidagi so'nggi turnir bo'ladi». Qarang, «qariya» oxirgi musobaqada xorvatlarni qanday olg'a boshlamoqda... Hozir Modrichning mamlakat bosh jamoasidagi 16 yillik tarixiga qisqacha to'xtalishning ayni mavridi. Bunda esa sports.ru sayti taqdim etgan tasvirli maqola ayni muddao.
***
Luka Modrich Xorvatiya milliy jamoasidagi debyutini 2006 yilning mart oyida nishonlagandi. Mitti jussali va charchoq bilmas futbolchi shundan buyon shaxmat doskasini eslatuvchi formada jami 160ta marta maydonga tushdi. Luka bu borada Xorvatiya bosh jamoasining mutlaq rekordchisidir. Modrich shuningdek, gollar bo'yicha ham munosib ko'rsatkichga ega. Aniqroq aytsak, yarim himoyachi milliy jamoa to'purarlari ro'yxatining kuchli 5taligida bormoqda. To'g'ri, Lukada yanada yuqoriga ko'tarilish imkoniyati yo'q, hisobi.
***
Modrich milliy jamoadagi faoliyati davomida faqat Malta (3ta), Andorra, Ozarbayjon va Avstriya (2tadan) termalariga 1tadan ko'p gol «tortiq» etdi. Uning o'zi esa Evro-2020da Shotlandiya jamoasi darvozasiga yo'llanganini eng chiroyli goli sifatida tilga olsa, ajabmas.
***
Luka Modrich termadagi 16 yillik faoliyati davomida 6 nafar bosh murabbiy bilan ishladi. Ya'ni debyutini Zlatko Kranchar qo'l ostida nishonlagan yarim himoyachi eng samarali davrini Zlatko Dalich bilan o'tkazdi. Har holda, Modrich termadagi eng yaxshi natijasini aynan Dalich rahbarligida qayd etdi.
***
Ha, Modrich JCh-2022 startidan oldin terma jamoa bilan xayrlashish onlari yaqinlashayotganini ma'lum qilgandi. Lekin dekabr oyi boshida boshqacha xabar ham chiqdi. To'g'rirog'i, «mitti» futbolchi bu boradagi fikrini o'zgartirdi: «Yo'q, hali terma jamoadan ketmoqchi emasman. Zero, o'zimni yaxshi his qilyapman, jismoniy holatim ham yuksak darajali o'yinlarga javob berishini bilaman. Shunday ekan, jamoada imkon qadar uzoqroq qolishni xohlayman. Chunki bugungi kun voqeligi oddiy: menda ketish uchun hech qanday sabab yo'q. Bu shaxsiy tanlovim, albatta». Xo'sh, Luka «bobo» yana qancha vaqt qolmoqchi? Bunisini yashab tursak, ko'ramiz. Ha, bir qarashda, Modrich Evro-2024da ham terma jamoadagi statistikasi aks ettirilgan postni yangilash imkoniyatiga ega bo'ladi, chog'i.
To'rttagina ibora bilan...
Luka Modrich Braziliya termasi ustidan qozonilgan sensatsion g'alabadan keyin «Tvitter» tarmog'idagi sahifasiga qisqa izoh qoldirdi: «Hech qachon. Taslim bo'lma». Shuning o'zi Luka mentalitetini bilish uchun etarli. Umuman, bu 4ta ibora xorvatning o'ziga xos shioriga aylangan. Deylik, «Real» ChL-2021|2022da «Chelsi»ni aqlga sig'mas «kambek» orqali mahv etganida ham deyarli shunday izoh yozgandi.