Madridning "Real" klubi 16 yoshli vunderkind Endrik bilan shartnoma imzoladi va katta miqdorda pul to'ladi.
O'z tarbiyalinuvchisini sotganidan keyin "Palmeyras" bonuslarni hisobga olgan holda 72 million evro ishlab oladi. Transfer 2024 yilning yozida, hujumchi 18 yoshga to'lganda amalga oshiriladi.
Transfermarkt portali xabariga qaraganda, Endrik tarixdagi 18 yoshgacha bo'lgan eng qimmat futbolchiga aylandi. E'tiborlisi, reytingning ikkinchi va uchinchi pog'onalarini ham "Real"ga o'tgan braziliyaliklar egallab turishgan - Rodrigo ("Santos") va Vinisius Junior ("Flamengo") - har biri 45 million evro.
To'rtinchi o'rinda "Vulverxempton" "Portu"dan 40 millionga sotib olingan portugaliyalik Fabio Silva, beshinchi o'rinda "Manchester Yunayted" "Sautgempton"ga 37 million evrodan ko'proq pul to'lagan Lyuk Shou.