10 noyabr kuni 20 yoshga to'lgan Eduardo Kamavinga faoliyatida ilk marta jahon chempionatida ishtirok etmoqda.
Aslida Dide Desham «Real» vakili nomzodiga shubha bilan qarayotgandi, lekin yakunda uni «uchranglilar» ro'yxatiga kiritdi, baribir. Aytish kerak, Eduardo o'tgan mavsum oxiridagina katta sahnaga chiqdi. Don Karlo Anchelottiga qoyil: u yigitchani «PSJ», «Chelsi» va «Manchester Siti»ga qarshi murakkab o'yinlarda maydonga tashlashdan cho'chimadi. Ma-na, iqtidorli yarim himoyachi endi Qatar mundialiga borganidan xursand. Kamavinga uchun Frantsiya milliy jamoasi tarkibiga kirganining o'zi - katta mukofot.
Benzemaning ahamiyati
- Uning butun faoliyati - namuna. Benzema barchasini «Lion»da boshlagandi, bugun esa «Real»dek klub sardori, «Oltin to'p» va ko'plab sovrinlar sohibi. ChLda 5 marta zafar quchganining o'zi fantastika! Yashirmayman, Karim ham klub, ham milliy jamoadagi hayotimda muhim rolga ega. Zero, har ikki muhitda o'zimni qulay sezishimda beminnat yordam berdi.
Modrich maslahati
- Esimda, Luka tug'ilgan kunim meni frantsuz tilida tabriklashga urindi. To'g'ri, uncha o'xshamadi, lekin rosa ta'sirlandim, baribir. Umuman, Modrich hamisha meni o'z himoyasiga olishga tayyor, har holda, yoshimiz o'rtasida 17 yillik farq bor. Bunday buyuk futbolchi himoyasi ostida o'ynash - baxt. Modrich - futbolning tirik entsiklopediyasi. Doim oddiyroq o'ynash va imkon tug'ilishi bilan oldinga intilishdan cho'chimasligim kerakligini aytadi.
Dide Desham falsafasi
- Bosh murabbiyimiz nomi tilga olinsa, avvalo, uning jahon chempioni ekanligi xayolimga keladi. Desham faqat katta klublarda o'ynagan, mana, murabbiy sifatida ham shonli yo'lini takrorlamoqda. O'zi ham futbolchi, ham murabbiy rolida JCh g'olibi bo'lish - katta jasorat. Deshamning o'git va ko'rsatmalari har doim og'ir tosh bosadi. Chunki vaqtida mening pozitsiyamda o'ynagan, barchasini mukammal biladi. Tushunarliki, hali kichik kamchiliklarim bor. Misol uchun, gohida o'yinni orqaga tortaman beixtiyor. Eng nufuzli sovrinlar sohibi qo'l ostida shug'ullanish - qo'shimcha imtiyoz. Qisqasi, Desham bilan hamkorlik meni Madridda Karlo Anchelotti rahbarligida ishlash kabi ilhomlantiradi.
Zidan «ruletka»si
- «Ruletka» - bu fint bolaligimdayoq miyamga o'rnashgan. Esimda, maktab hovlisida soatlab shu fint ustida ishlardim. Vaholanki, Zidan jahon chempioni bo'lgan vaqt hali tug'ilmagandim. Faqat otam saqlab qolgan JCh-98 videotasmalarini ko'rgach, «ruletka» aqlimni o'g'irlagandi.
Oilasi va yaqinlari
- Oila - mening g'ururim. Hayotimni yaqinlarimsiz tasavvur ham qilolmayman. Aynan ularning muhabbatlari va mehribonliklari ortidan oyoqqa mustahkam turib olganimni aslo unutmayman. Ota-onam hammaga hurmat bilan qarashni o'rgatishdi va hamisha hayotdan boricha zavqlanishga undashdi. Agar nimadadir qiynalsam, aynan ularga talpinaman. Otam fuqarolik huquqini olishimiz yo'lida uzoq vaqt kurashganiyu, hatto bir safar yig'lab yuborganini sira unutmayman. Futbol ortidan shu masalani tezlashtirganim va ularning katta yukdan forig' bo'lishlariga hissa qo'shganim - ajoyib.
M.PO'LATOV tayyorladi