Frantsiya hukumati o'tgan asrning 60-70-yillari sinov tariqasida ko'p uyli arzon turar-joy rayonlarini barpo etish loyihasiga qo'l urgach, chiroyli shaharlar atrofida bir-biridan farqi yo'q ko'p qavatli quyuq kulrang binolar qad rostlaydi.
Biroq bunday xonadonlar frantsuzlarga uncha yoqmaydi va ularni tezda migrantlar egallashadi. Jazoirning mo''jaz qishlog'idan ko'chib kelgan Benzemalar oilasi 80-yillar Lion chetidagi xuddi shunday rayonlardan birida qo'nim topadi. Oradan ma'lum vaqt o'tgach, oilada «Oltin to'p»ning bo'lajak sohibi Karim dunyoga keladi.
***
Karim - oilada 10 nafar farzandning oltinchisi. Lion chetida joylashgan turar-joy hududlarida bolalar uchun bittayu-bitta xavfsiz ovunchoq bor edi - futbol. Jumladan, Karim ham butun kunni tengdoshlari qatori ko'chada to'p tepish bilan o'tkazardi. Iqtidorli arab voyaga etgach, «Lion» o'rinbosarlar jamoasida uzoq ushlanib qolmadi - asosiy tarkibga o'q misoli yorib kirdi. Lekin uning uchun deyarli hech narsa o'zgarmagandi - qattiqqo'l ota-onasi soat 22:30dan keyin ko'chaga chiqishiga ruxsat berishmasdi. Shu asnoda yosh Karim tungi klublar, qimmatbaho avtomobillar va voyaga etmagan «xonim»lar davrasi nimaligini bilmasdan ulg'aydi. Faqat 2009 yili «Real» bilan shartnoma tuzganidan keyingina kundalik hayoti keskin o'zgardi. Binobarin, ota-onasi va aka-ukalari Lionda qolishdi, qolaversa, Karimning hisob raqamiga har yili 4 mln. evro tusha boshladi. Natijada hujumchi o'zi xohlagandek hayotdan chinakamiga zavq olishga tushdi. Benzema GQ nashriga bergan intervyusida barchasini dangal ifoda etgandi: «Hayotdan boricha lazzatlanishni xohlayman. Shiorim - har daqiqadan zavq ol».
***
Benzema - sayohat shaydosi. Unda shaxsiy samolyoti bor, hayotidagi muhim lahzalarni muhrlash uchun esa pro-fessional videografni ishga yollagan. Yoshligini pana-pastqam xaroba joylarda va mashg'ulotlar bilan o'tkazib yuborgan futbolchi endi shu kemtikni to'ldirish harakatida. Deylik, Karim yiliga kamida ikki marta Dubay tomon uchadi, yozda albatta, AQShga boradi, dam olish kunlari esa Ibitsa oroliga (ha, uning didi chakki emas).
Benzema Gulfstream G200 Business Jet samolyotini 2016 yili xarid qildi. Bahosi 4-20 million evro (ishlab chiqarilgan vaqtiga bog'liq)ga teng bu samolyot hattoki, «Real» futbolchisi uchun ham katta hashamatdir. Deylik, Karimning 2016 yilgi maoshi chamasi 6 million edi. Faqat 2019 yildan buyon 7,5-9 «limon» olyapti. O'sha payt shaxsiy samolyot egalari elit guruhida atigi 3 nafar futbolchi bor edi - Krishtianu, Messi va Neymar. Karim nafaqat sayohat, balki uning lahzalarini foto va video bilan muhrlashni xush ko'radi. Xususan, «Instagram» tarmog'ida 33,5 million obunachisi bor. Hujumchi barchasi professional darajada bo'lishi uchun Meroje ismli usta videograf va fotosuratchini ishga yollagan. «Karim qaergadir chog'lansa, sezdirmay suratga olishim kerak. Uni har joyda kuzatib boraman: uy, sport zali, avtomobilda... Shunday ekan, menda juda ko'p ma'lumot bor. 1 daqiqalik video uchun uni chamasi 1,5 soat suratga olishim kerak», - deydi Meroje. Asosiysi, Karim shu hamkorlik samarasi o'laroq, ijtimoiy tarmoqlarda obunachilari sonini keskin ko'paytirdi.
***
Benzema va Dubayning «muhabbat qissasi». Benzema tug'ilgan kunini shu shaharda nishonlaydi - 500 dollarlik zarhal bifshteks, politsiya mashinasi... «Dubayga nega tez-tez boraman? Chunki muhit yoqadi - nur sochib turgan quyosh, chiroyli va zamonaviy binolar. Ha, Dubayda hammasi o'ta qimmat, lekin badavlat odam uchun ajoyib joy, albatta», - deya biznes poytaxtiga mehrini ifodalagandi goleador. Aytishlaricha, u 4 yillik muntazam parvozlari davomida Dubaydagi barcha ko'ngilochar maskanlar bilan tanishib chiqqan. Xayoliga keladigan birinchi go'sha - mashhur oshpaz Salt Bae restoranida uyushtirilgan ziyofat. Turk oshpazi o'shanda oddiy bifshteks tayyorlashni beqiyos shouga aylantirgan va uning chaqqonligi aks ettirilgan video (go'shtga tuz sepish jarayoni) ijtimoiy tarmoqlarda million martalar tomosha qilingan. Endilikda «Instagram» ahli uchun Salt Bae restoranida ovqatlanish Bali orolida dam olish kabi muhimdir. Karim ziyofat uchun oltin kukuni sepilgan 500 dollarlik steykka buyurtma bergan.
Benzema Dubayda hattoki, politsiya avtosini ham boshqardi va ijtimoiy tarmoqqa maxsus video qo'yib, muxlislarini xavotirga soldi. Zero, u Madridda yo'l qoidasini buzgani uchun muntazam jarimaga tortiladi yoki haydovchilik guvohnomasidan ayriladi. To'g'ri, Karim tezda hammani tinchlantirdi: «Politsiyachilar meni tanib qolib, maxsus jihozlangan Lamborghini avtosini boshqarish ko'rishimga ruxsat berishdi». Benzemaning Dubaydagi yana bir sevimli joyi - italiyalik taniqli dizayner Roberto Kavalli biznes loyihasi sanalgan Cavalli tungi klubi. U har yili 23 dekabrda tug'ilgan kunini shu majmuada nishonlaydi. Bunda butun klubni bir sutkaga ijaraga olib, dabdabali ziyofat uyushtiradi. «Karim Dubay ziyofatlari haqida ko'p gapirardi, lekin bunchalik dabdabali va shovqinli bo'lishini xayolimga ham keltirmagandim. Bordim, ko'rdim, ammo Karim bilan atigi bir og'iz gaplashishga ulgurdim. Chunki u mehmonlardan bo'shamadi. Asosiysi, zavq ichida qolgandi», — deya eslagandi shunday ziyofatlardan birida qatnashgan Modrich.
***
Benzema erkaklarga xos ermaklarni qadrlaydi: AK-47dan o'q otgan, yana fil bilan to'p tepgan. Ha, Karim o'q otishga mukkasidan ketgan. U Madriddagi uyi erto'lasiga tir o'rnatishni xoylaydiyu, bunga yosh bolalarini o'ylab, hozircha botinolmayapti. Lekin maxsus poligonlarda muntazam shug'ullanadi. Xususan, 2018 yili Mayami o'qchilar klubida ko'rinish berdi. Frantsiyalikning tan olishicha, unga ayniqsa, AK-47ni ishlatish huzur bag'ishlagan. Benz yana jonivorlarni yaxshi ko'radi, yaxshiki, bu muhabbati merganligi bilan uyg'un emas. Futbolchi asosan noyob jonivorlar bilan suratga tushishni yoqtiradi. To'g'ri, bu qiziqishi ortidan hayvonlarni muhofaza qilish tashkilotlaridan bir necha marta dakki ham olgan. Deylik, u 2017 yilning fevralida Martinika milliy bog'ida yovvoyi iguana bilan suratga tushgandi. Muammo shuki, bu jonivor odamlarga sira o'rganmagan va qo'lga tushsa, kuchli bezovtalik domiga g'arq bo'ladi. Futbolchi keyinchalik Dubayda 7 oylik o'g'li Ibrohim va 4 yoshli qizi Meliyaning yo'lbars bolasi bilan o'ynayotganini suratga olib, uni tarmoqqa qo'ydi. «Yo'lbarschaning onasi qaerda? Uni nima qilmoqchisan? Yo'lbars tabiiy muhitda yashashi kerakligini o'ylamadingmi?» - deya Karimni siquvga olishdi tegishli tashkilot vakillari darhol. Asosiy voqea: Benzema 2019 yilning dekabrida do'stlari bilan Dubay milliy bog'i bo'ylab sayohatga chiqdi. Ular er hududi 225 kvadrat|kilometrga teng ushbu noyob qo'riqxonada filni ko'rib, uni suratga ola boshlashdi. Shu pallada kimdir to'p olib keldi va Karim hamda do'stlari fil bilan kvadrat shaklida o'ynashdi. Faqat o'sha kuni Meroje yo'q edi, shuning uchun ijtimoiy tarmoqqa sifatsiz video yuklandi.
***
Karim ekstremal sport turlari oldida ham o'zini to'xtatib turolmaydi. «Real» 2015 yili Dubayda «Milan» bilan nazorat o'yini o'tkazdi. Benzema uchrashuvdan so'ng bir necha kun sevimli shahrida qoldi. U Karlo Anchelottidan qanday ruxsat olgani noma'lum, har holda, parashyutdan sakramoqchi ekanligini aytmagan bo'lsa kerak. Xullas, futbolchi Skydive Dubai parashyutdan sakrash markaziga bordi. U erda ulkan aeroport bor va 4 ming metr balandlikdan parashyutda sakrash mumkin. Markazga kirish chiptasi - 550 dollar. Afsuski, Karimga omad kulib boqmadi. Yo'q, u parashyutdan sakraganini oshkor qilmadi, ya'ni fotosuratlarni «Instagram»ga qo'ymadi. Faqat shunisi borki, har doim barcha-barchasidan vaqtida «is» oladigan Marca nashri bu voqeadan ham bexabar qolmadi va Benzemaning parashyutdan sakrash qobiliyatini doston qildi. Oqibati - «Real» uni moddiy jarima bilan «siyladi».
***
Karim Benz - amerikalik reper Tupak Shakur ijodi fanati. Bejiz «Oltin to'p» taqdimoti marosimiga aynan uning qiyofasida bormadi. Buni ko'pchilik darhol payqadi. To'g'ri, 2017 yili Benzemalar oilasida ikkinchi farzand dunyoga kelgach, Karim o'zini ancha bosib oldi. Har holda, ziyofatlarni ancha kamaytirib, farzandlari tarbiyasiga ko'proq vaqt ajrata boshladi, yana mashg'ulotlarda faollashdi. Lekin Dubay sayohatlari Benzema uchun tig'iz jadvaldagi yagona zaif nuqta bo'lib qoldi, baribir.
Ravshan IBROHIM tayyorladi