Belgiya milliy jamoasi JCh-2022ni g'alaba bilan boshladi. Qizil iblislar» sardori Eden Azar Kanada termasiga qarshi kechgan o'yin (1:0)da chakki taassurot qoldirmadi. «Real»ning hujumkor yarim himoyachisi Qatar safari oldidan Marca nashriga eksklyuziv intervyu berib, jahon chempionatida asl iste'dodini ko'rsatishga va'da bergandi. Oxirgi yillar jarohatlardan ko'p aziyat chekkan futbolchi o'sha suhbat davomida kelajagiga bog'liq savollarga ham dangal javob qaytardi.
- Madridga ko'chib o'tganingizdan buyon Ispaniya OAVga ilk marta intervyu beryapsiz. Qiziq, jurnalistlar bilan aloqani xushlamaysizmi yoki shunchaki, ispan matbuotini yoqtirmaysiz?
- Tushuning, o'ynamayotgan futbolchining matbuot uchun gapirishi qiyin. Men ham avval o'ynash, keyin gapirishni ma'qul ko'raman. Aslida matbuotchilarga xusumatim yo'q, lekin hozirgi holatda ko'p gapirishim noo'rin.
- O'zingizni bir so'z bilan qanday tavsiflaysiz?
- Kamtar. Tabiatan kamtarman - ota-onam shunday tarbiyalashgan.
- Futboldan hamon qoniqish-rohatlanish bormi?
- O'yindan chetda qolish og'ir, lekin agar maydonga tushsam, zavq olaman, baribir. Axir futbol hayotim mazmuni.
- Ertalab Valdebebasga qanday kayfiyatda kelasiz? 3,5 yil oldin bunaqasini tasavvur ham qilmaganingiz tayin...
- Har qanday holatda ham, bazaga intilaman, chunki bu erda yaxshi futbolchilar va insonlar ko'p. Ha, menga qiyin, chunki amaliyot kam, lekin atrofimda barchasini to'g'ri tushunadigan kishilar bor, ular bilan shug'ullanish yoqimli. Agar jamoaga yordam bersam, nur ustiga a'lo nur. Umuman, hamisha bor kuchimni ishga solaman.
- Qatar mundiali hamon vaqtida barchani hayrat ko'chasiga etaklagan o'sha Azar ekanligingizni isbotlash uchun so'nggi imkoniyatmi?
- Shunday. Katta doirada hali yaxshi o'ynay olishimni ko'rsatishim shart. Chunonchi, oxirgi yillar muxlislarda iqtidorimga nisbatan kuchli shubhalar tug'ildi. Endi bunga qarshi zarba berishim kerak.
- Qiziq, mutlaqo boshqa inson sifatida Eden Azarga qanday baho berardingiz?
- Edenga baho? Yaxshi yigit, faqat 3 yildan buyon omadi chopmayapti, vaziyatni to'g'rilash uchun esa ko'proq o'ynashi kerak.
- Muxlislarda sizga nisbatan ishonch va muhabbat darajasi pasaygani sezilmayaptimi?
- Sezilyapti, lekin bu tabiiy holat. Axir oxirgi 3 yilda ko'p vaqtni maydon chetida o'tkazdim. Demak, barchasini amalda qayta isbotlashim talab etiladi. Bunda 5-10 yoki 15 daqiqa o'ynashim muhim emas - imkoniyat tug'ildimi, ishni sifatli bajarishim kerak.
- Vaqtida superyulduz edingiz, endi esa umumiy holatingiz nisbatan og'ir. Lekin aytishlaricha, Valdebebasda hamon tabassum ulashishda bardavomsiz, qandaydir muammo tug'dirmaysiz...
- Dunyoning eng yaxshi klubidaman, shunday ekan, nolishimga asos yo'q.
- Jamoadoshlaringizdan minnatdor ekanligingizni ko'p bora ta'kidlaysiz, jumladan, asosiy raqibingiz Vinisiusdan...
- Vinisius do'stim, futbol esa o'z yo'liga... Qolaversa, jamoada har doim siz bilan kurashadigan yoshroq yigit topiladi. Buni to'g'ri qabul qilasiz yoki ketasiz, boshqa yo'l yo'q.
- Vini - qoidani ko'p buzadigan futbolchi. Unga bu borada maslahat bera olasizmi?
- Har qanday shubhadan xoli - Vini jamoaning eng yaxshi futbolchilari qatorida. Faqat tushunishi kerakki, eng yaxshi futbolchining qismati - qarama-qarshilik emas, o'yinga e'tibor qaratish. U xususan, gollarni ko'paytirishni o'ylashi kerak.
- Yanvar yoki iyunda «Madrid»dan ketishingiz ehtimoli nechog'li katta?
- Yanvarda ketishim mumkin emas, chunki bu erda oilam bor va bizga shahar yoqadi. Ammo yozda ketsam kerak. Yana bir yillik shartnomam bor, qaror esa klub ixtiyorida. Agar «Eden, 4 mavsum uchun rahmat, lekin ketishing kerak», deyishsa, buni to'g'ri qabul qilaman. O'zimga qolsa, ko'proq o'ynash, yaxshi futbolchi ekanligimni ko'rsatishni istardim.
- Nimada xatoga yo'l qo'ydingiz? Ehtimol, qandaydir muammo bordir, masalan, ortiqcha vazn to'plash...
- Jarohatga yo'liqishdan oldin ikki oy ajoyib o'ynadim. Keyin omad qochdi. Taqqoslash uchun aytsak, «Chelsi»da 10 yil davomida jarohat nimaligini bilmagan va 500ta o'yinda maydonga tushgandim. Keyingi 2 yil ichida esa ehtimoli bor barcha jarohatlar zimmamga tushdi. Buni to'liq tushuntirolmayman.
- Oxirgi vaqtlar o'zingizga e'tiborni keskin oshirganingiz haqida gapirishmoqda. Deylik, sport zaliga muntazam qatnayotgan ekansiz. Ovqatlanish tartibi ham o'zgardimi?
- Ha, ko'p jihatlar o'zgardi, albatta.
- Ortga nazar solganingizda, qaysi qaroringiz xatodek tuyuladi?
- Menimcha, katta xato yo'q. Shunchaki, ba'zida omadingiz chopmaydi. Barchasini tezda o'zgartirishni xohlaysiz, lekin ketma-ket muvaffaqiyatsizliklar azob beradi va to'g'ri yo'lga tushib olishda qiynalasiz.
- Tahlilchilar jarohatdan keyin ikkinchi operatsiyaga kechikkaningizni aytishmoqda.
- Birinchisi «PSJ» bilan o'yindan so'ng, ikkinchisi deyarli uch oydan keyin... Ikkita sinish bor edi, qolaversa, infektsiya tushgani... Aslida ertaroq, deylik, ikkinchi mavsum oxirida jarrohlik stoliga yotishni xohlagandim, chunki o'sha mavsum juda ko'p jarohatlandim va tanamda nimadir buzildi. Qo'yilgan plastinkani olib tashlamoqchi edim, lekin...
- Lekin nima?
- Klub bunga hojat yo'qligi, xotirjam bo'lishim kerakligini aytdi. Shifokorlar bilan gaplashdim, ular ham muammolar plastinkadan emasligini bildirishdi.
- Hammasiga ruhiy tanglik sabab emasmikan?
- Ehtimol. Uchinchi mavsumda ham hech narsa o'zgarmadi: jarohatlar, jarohatlar, jarohatlar... Yo'q, bunda klubni ayblamayman, shunchaki, aytmoqchimanki, ko'p narsa bir-biriga bog'liq.
- Eng og'ir palla...
- Belgiya termasi bilan Evropa chempionatida ajoyib yurishni amalga oshirdik va portugaliyaliklarga qarshi 1|8 final o'yinida jarohatlandim. Alamli, juda alamli...
- Qaysi murabbiy ishonchi ko'proq sezildi - Zidannikimi yoki Anchelottiniki? Zizu bilan aloqa bardavommi?
- Yo'q, muloqot uzilib qoldi. Lekin ikkinchi mavsum oxirida uning dalda bergani yodimda: «Nima bo'lishidan qat'iy nazar, oldinga qarashing va shu klubda ekanligingdan zavq olishing kerak». O'zi Zidan va Anchelottining insoniy sifatlari deyarli bir xil.
- Belgiya termasining Qatar mundialidagi imkoniyati qanday?
- Bizda yaxshi futbolchilardan iborat ajoyib jamoa bor. Hozir 4 yil oldingidan tajribaliroqmiz, lekin menda amaliyot yo'q, Lukakuda jarohat bor... Menimcha, mundialda biznikidan kuchliroq jamoalar etarli.
- Aynan qaysi jamoalar?
- Braziliya, Frantsiya, Argentina termalari...
- Endi qiyinroq savol: ChLning 15-kubogimi yoki mundial?
- Agar 15-«shalpangquloq» oxirgisi kabi bo'lsa, unda qarshiman. Chunki 14-kubokni qo'lga kiritishda ko'p o'ynamadim. Mundial ham muhim... Agar JChni tanlasam, madridliklar ranjishadi, ChLni tanlasam, belgiyaliklar. Demak, ikkisida ham g'alaba kerak.
MUHAMMADXON tayyorladi