Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Anchelotti muvaffaqiyatining siri nimada va nega hamma uni yaxshi ko'radi?

CHempionlar Ligasi yarim finalining "Man Siti"ga qarshi bahsida qo'shimcha bo'limga navbat berildi.

.
- Yuklab olish

O'sha payt Karlo Anchelotti nimalarnidir Kroos va Marselo bilan gaplashardi. O'yindan keyin Kroos ehtimoliy almashtirishlar va qo'shimcha bo'limlarda qanday harakat qilishni muhokama qilishganini aytdi. Aynan shu narsa Anchelotti qanday murabbiy ekani va jamoa bilan qay darajada ishlashini ko'rsatib beradi.

Futbol har bir mayda detalgacha chuqur o'ylab chiqilgan davrda, Anchelotti o'zi o'rgangan, eski usulida ishlaydi. U Gvardiolaga o'xshab yangi sxemalar o'ylab topmaydi, raqiblarining o'nlab o'yinlarini tomosha qilib chiqmaydi va umuman bahs haqida soatlab bosh qotirib o'tirmaydi. Aksincha, Anchelotti boshqa metodlardan foydalanadi. Ha, eskirgan, ammo ish beradigan metodlar! "Real" u bilan Primera va CHempionlar Ligasida g'olib bo'ldi.

Xo'sh, u holda murabbiyning siri nimada?

Jamoa uning oilasi, u esa o'sha oilaning otasi

Anchelottining asosiy principi: o'yinchilar klubda o'zini oilasidagidek his qilishi lozim. U esa o'sha oilani mehribon ota kabi boshqaradi. Futbolchilar bilan bir darajada turadi va u uchun barcha birdek ekanini ko'rsatadi. SHunga qaramay, obro'sini ushlab turadi.

Axir Anchelottini bejizga Karlo ota deyishmaydi. Unda otalik aurasi bor. Hattoki, "Napoli"ning ekspressiv egasi Aurelio De Laurentis ham Anchelotti unga otasini eslatishini aytgan ekan. Aytgancha, Karlo De Laurentisdan 10 yosh kichkina...

Anchelotti "Napoli"da qilgan ishlar: mashg'ulot shartlarini yumshatgan va futbolchilar o'z oilasi bilan ko'proq vaqt o'tkazishi uchun o'yinoldi yig'inlarini bekor qilgan. SHunga qaramay, bir qoidani joriy qilgan: futbolchilar bazadaligida birga nonushta va tushlik qilishi shart. Xuddi o'z uyidagidek.

Ronaldu Anchelottining yonida o'zini xuddi oila azosidek his qilganini aytgan:

"Go'yoki, mashg'ulotdan keyin uyga birga ketadigandekmiz".

Ibragimovich esa Anchelottini sevimli murabbiyi ekanini takidlagan:

"U borligida kimdir maydonga tushmasa ham, g'azablanmaydi. CHunki u bizga murabbiy emas, balki do'stdir. U hammaga birdek muomala qiladi. U sizga shunchalik yaxshi gapirganidan, faqat sizga shunday mehribon deb o'ylab qolasiz. Ammo u barcha bilan shunday gaplashadi. U uchun eng muhimi — hurmat. U sizni hurmat qiladi va sizdan ham shunday munosabat kutadi. Lekin siz unga hurmatsizlik qilolmaysiz — buning iloji ham yo'q. U sizga g'amxo'rlik qiladi va buning farqini boshqa murabbiy bilan ishlaganingizda sezasiz. U PSJdan ketganida hamma shunday degan edi. Karlo — eng zo'ri, men eng yaxshilarning yaxshisi bilan ishlaganman".

Bekxem ham hurmati haqida gapirgan:

"Ser Aleks Fergyusonga nisbatan hurmatga loyiqligini sezardingiz, uning salobati shunga majbur qilardi. Karlo esa avtomatik ravishda o'sha hurmatga loyiqligini ko'rsatib qo'yardi".

Karlo "Parma"ni boshqarganida Igor Simutenkov o'sha erda to'p tepgan va shunday degan:

"Men birga ishlaganlar orasida u eng insonparvar murabbiy. Jamoaning kechki taomlanishi vaqtida Karlo bemalol, masalan, darvozabon yoniga kelib o'tirar, u bilan sigaret chekib, turli hazillar qilardi. Ammo u uchun ish doim birinchi o'rinda bo'lgan. Keyin o'sha kulishib o'tirgan posbon ham mashg'ulot payti astoydil shug'ullanganidan, qulog'idan tutun chiqib ketgandek bo'lardi".

Anchelottining o'zi o'zini ota deydi. Mehribon ota:

"Ishlagan bazi klublarimda mendan qamchi ishlatishimni so'rashgan. Unday bo'lsa, buning uchun ularga boshqa murabbiy kerakligini aytganman. Men bunday uslubda ishlamayman. Murabbiy sifatida ham, ota sifatida ham. Sababi hech kim menga nisbatan qamchidan foydalanmagan. Na otam, na o'qituvchim, na murabbiyim".

Anchelottining g'azabidan hattoki, Ibragimovich ham qo'rqadi, ammo murabbiy jahlidan tez tushadi

Agar Anchelotti doim yumshoqlik bilan muomala qilganda, o'z mavqeini ushlab qololmasdi. Farzand ham ishonchni suistemol qilsa va o'zini yomon tutsa, ota ham qattiqqo'l bo'lishni boshlaydi.

Maldini shunday deydi:

"Bir o'rtoqlik uchrashuvida mag'lub bo'ldik. Karlo esa o'zini tutib turolmadi va qanday haqoratli so'zlar bo'lsa, barchasini aytdi. Hatto, takrorlashga ham uyalaman. Tomi ketib qoldi deb ham o'yladik. U baqirar ekan, men o'zimni kulib yuborishdan zo'rg'a ushlab turdim — hech qachon uni bunday holatda ko'rmagandim. Ammo bir necha kun o'tib, bizdan uzr so'ragan".

U jahlidan tez tushadi, bu borada Terri shunday deydi:

"Karlo bizni urishishi mumkin. Uning ham barcha singari jahli chiqadi, ammo bu tez o'tib ketadi".

Ronaldu esa quyidagi so'zlarni aytgan:

"Men bir necha martagina Karloning g'azablanganini ko'rganman. Uning sabri tugasa, bilgan barcha tilida bor ovozi bilan baqiradi. Oradan bir daqiqa o'tib, to'xtaydi, nafas oladi va chiqib ketadi. Keyin sigaret chekib, qaytadi va biz umuman boshqa, xotirjam insonni ko'ramiz".

Jahldor Anchelotti Ibragimovichni ham cho'chitgan:

"Biz yomon o'ynadik. Tanaffusda Karlo biz bilan gaplasharkan, oldida turgan korobkaga ko'zi tushdi. Hech bir sababsiz va to'satdan karobkani tepdi, u esa to'g'ri men tomon uchib kelib, boshimga tegdi. Haqiqatdan ham jahli chiqayotgan ekan deb o'yladim. Hech qachon uni bunday ahvolda ko'rmagandim. Uning jahli chiqsa, buni faqat eshik ortida, masalan, kiyinish xonasida ko'rsatadi. Lekin u jahlidan tezda tushadi".

Anchelottining asosiy iqtidori — super-yulduzlar bilan ishlay olishi

Anchelotti — 5ta top-chempionatning barchasida titulga ega chiqqan futbol tarixidagi birinchi murabbiy. SHuningdek, u 4 bor CHempionlar Ligasi, 4 marotaba turli mamlakatlar kubogi va 6 marta superkuboklarni qo'lga kiritgan. Titullarga sazovor bo'lishining siri shundaki, u butun faoliyati davomida eng yaxshi klublar bilan ishlagan.

Italiyalik mutaxassis bunday klublar bilan ishlashiga sabab, u o'ziga xos qobiliyatga ega — futbol yulduzlarini boshqara oladi. Peres uni "Real" bosh murabbiyi etib tayinlaganida, uni yulduz o'yinchilarni mashg'ulotlarda terga botib mehnat qilishga majbur qila oladigan va shu bilan birga, omma oldida ortiqcha gapirishga yo'l qo'ymaydigan murabbiy sifatida tariflagan. Karloning faoliyatidagi ilk super klub — "Parma" bo'lgan.

U erda Ze Mariya to'p tepardi:

"Parma" juda kuchli edi. Buffon, Kannavaro, Tyuram, Bennarivo, Sensini, Bajo, Keza, Krespo. Zaxirada jahon chempionati g'olib va finalchilari o'tirardi. Anchelotti hammani mamnun qilishga urinardi. SHu vaziyatda, oddiy va buyuk murabbiyning farqini bilish mumkin".

Karlo hech kimni super-yulduz sifatida ko'rmasligini aytgan:

"Birinchi navbatda, men odamlar bilan ishlayman. Men uchun Ronaldu, Karvaxal va Morata o'rtasida hech qanday farq yo'q. Aksincha, super-yulduzlar bilan ishlash osonroq, chunki ular professional. Men o'yinchilarni nazorat qilishni yoqtirmayman — ularning o'zi ishlash kerakligini yaxshi bilishadi".

Anchelotti — taktik moslashish borasida eng zo'ri. Uning jamoalarida barchasi o'yinchilarning eng kuchli jihatlari va erkinlikka asoslangan bo'ladi

Zamonaviy futbolda shunday yondashuvga ega ikkita top murabbiy qoldi: biri Anchelotti va uning o'quvchisi Zidan. Ularning metodlari o'yinchilar improvizaciyasi va erkinligiga asoslangan. Yani, futbolchilar to'plami va ularning sifatlaridan kelib chiqib, taktika shakllantiriladi. Bu bilan ularning zaif tomonlari yopib ketiladi va jamoaga zarar keltirmaydi.

Ronaldu bu haqida gapirgandi:

"U kelgunga qadar, italiyalik bo'lgani uchun endi taktikaga katta etibor qaratsak kerak deb o'ylaganmiz. Lekin Karlo bilan mashg'ulotlar boshlanganida, hech qanday taktika ko'rmadik. U dedi: "Bunday jamoaga ko'p taktikalar shartmas, men shu o'yinchilar bilan gol urmoqchiman".

Anchelottining taktik uslubini namoyon qiladigan bir voqea bor. Angliya Kubogi finalidan avval u tarkibni elon qildi, biroq sxema va taktikani tanlashni o'yinchilarning o'ziga topshirdi:

"Biz 60ta o'yin o'tkazgan bo'lsak, taktikani har safar men tanlardim. Jamoaning o'zi nima qilish kerakligini yaxshi biladi deb o'ylardim. Nima uchun bunday qarorga kelgandim? Futbolchilar taktikaga amal qilishiga ishonchim komil edi, chunki ularning o'zi buni joriy qilishar edi".

Aytgancha, o'sha finalda "CHelsi" g'alaba qozongan!

Anchelotti yondashuvini shunday tushuntiradi:

"Men o'yin tizimini yaratish uchun o'yinchilar xarakteristikasidan foydalanaman. Iloji boricha ularga qulay jihatni tanlayman. Asosiysi, ular — o'yinchi, murabbiy yoki sxema emas. Futbolchi sxema qurboni bo'lishi kerak emas. Aksincha, u maydonda o'zini erkin his qilishi, o'z poziciyasida o'ynashi lozim. Hujumkor futbol o'yinchilarning ijodiy sifatlariga bog'liq bo'ladi. Himoyada esa umuman boshqacha, har kimga yaxshi himoyalanishni o'rgatish mumkin".

Anchelottining yana bir ustun tomoni — sezgirlik

Zamonaviy futbolga yana bir qarshilik — Anchelottining sezgirligi. Ehtimol, aynan shu qobiliyat tufayli jamoalari bilan qandaydir mo'jizalar yuz berar?! CHempionlar Ligasi 2006/07 yilgi finalidan oldin Jilardino sport formasini ancha yaxshiladi va deyarli har o'yinda gol urdi. Indzagi esa formada emas va kam o'ynardi. Lekin Anchelotti final bahsida Indzagini maydonga tushirdi, o'yinchi dubl qayd etdi va "Milan"ga kubok keltirdi. Anchelotti shunday deydi:

"Men ichki hissiyotlarimga ishondim, bazida mantiqiy bo'lmagan qarorlar qabul qilish kerak. Bazan sezgi muhimroqdir".

Anchelotti "Parma"dagi birinchi yilida muammolarga duch keldi: jamoa yomon o'ynadi, futbolchilar tushkunlikda edi, ishonchni ham yo'qotishdi. Anchelotti klubni qanday qilib inqirozdan olib chiqishni bilmasdi. Biroq keyin bir qarorga keldi: 

"Kiyinish xonasida jamoani to'pladim, tezkor majlis qildim. Barchasini ochiqchasiga aytdim. Eshitinglar! Agar oramizda tushunmovchilik va menga etirozlaringiz bo'lsa, ayting. Agar o'rtamizda muammo bo'lsa, prezident meni haydashini kutish befoyda. SHunday bo'lsa, men o'zim unga yangi murabbiy izlang deb aytib qo'yaqolaman. SHu sababli, ochiq-oydin gaplashib olaylik".

Psixologik hissiyot yana Anchelottiga yordam bergandi — o'yinchilar ichidagini to'kib-sochishdi. Anchelotti ularni tingladi hamda o'yin va joylashuvni biroz o'zgartirdi. Natijada, "Parma" A Seriya ikkinchi pog'onasini egalladi.

Ronaldu aytgandi:

"Anchelottida kerakli o'zgartirish qilishi yoki muhim pallada o'yinchilar bilan gaplashib olishiga yordam beradigan "oltinchi hissiyoti" bor. Anchelottining fikricha, bu murabbiy metodikasida muhim jihat hisoblanadi: "Asosiysi — his qila bilish, buyruq berish emas. Murabbiyning asosiy quroli — buyruq ovozi yoki jarima sankciyalari emas, balki sezgi va ishontira olish qobiliyatidir. Siz taktik bilimlarni o'rganishingiz mumkin, lekin intuiciya — tabiat inomidir".

Anchelotti bilan barcha xotirjam

Anchelotti haqida gapira turib, futbolchilar eng ko'p ishlatadigan so'z — "xotirjamlik"dir.

Maldini: "Men juda ko'p murabbiylar bilan ishladim, Anchelotti qo'l ostida kiyinish xonasi ham eng tinchi edi".

Bekxem: "Kiyinish xonasida uning yondashuvi — xotirjamlik timsolidir. U o'yinchilar o'ziga-o'zi motivaciya bera olishiga ishonadi. O'zi esa xotirjam yuradi. Aynan shu narsa barcha sovuqqon bo'lishida yordam beradi. Uni faqatgina ishga masuliyatsiz qarash g'azablantirishi mumkin".

Karloning o'zi bu borada shunday deydi:

"Xotirjamlik — mening xarakterim. Bunday xarakter murabbiyga to'g'ri keladimi yoki yo'q, bilmayman. Ammo bu jihatimni yashira olmayman. Futbolchilar oldida ham, klub oldida ham xolis bo'lishni istayman. Xotirjam bo'la olishni ota-onamdan o'rganganman. Bu menga juda ko'p bor qo'l kelgan. Aynan u bilan men vaziyatni nazorat qila olaman va futbolchilar, muxlislar, klub va matbuot tanqidlaridan "sinib qolmayman". Bizning sohada o'zini boshqara olish juda muhim".

Anchelotti oshkor qilgan sirlar

• "Futbolda aql muhim rol o'ynaydi. Hayotda ham shunday, birinchi o'rinda. Keyin esa iqtidor va fizika. Sekin harakat qiladigan futbolchilar ham o'ynashda davom etadi, chunki hamma futbol o'ynashi mumkin. Sekin, tez, baland, past. Bu sport turi hamma uchun. Mening futbol g'oyamda jismoniy holat aql va taktik tayyorgarlik kabi muhim darajada emas. Ammo iqtidorning o'zi ham etarli emas. Balki avvallari yuqori darajada qolish uchun iqtidorning o'zi etarli bo'lgandir, ammo hozir aql-idroksiz hech nimaga erishib bo'lmaydi. Aql-idrok — professionallikning asosidir".

• "Yana shaxsiyat ham muhim. Faqatgina kuchli shaxslargina yuqori darajada o'ynay oladi. Xuddi Modrich kabi — jismoniy tomondan u balki 20 yoshli yigitdek kuchli emasdir. Kuchli bo'lish — bu muhim pallalarda qo'rqmaslikdir. Etakchilikni o'rgatib bo'lmaydi — u insonning ichidagi narsadir".

• "Bazan men haddan tashqari sabrli bo'lishim mumkin. Bir qarorni qabul qilish uchun ko'p vaqt sarflashim mumkin. Men bosh qotirishni yaxshi ko'raman. Lekin bazan kamroq o'ylab, ichki hissiyotlarga ham quloq solib turish lozim. Haqiqat — to'g'ri muvozanatni topishdadir".

• "Stress ham kerak, lekin uni nazorat qila bilish darkor. Murabbiy ham chalg'ishi lozim va 24 soat o'yinlarga borishi shartmas. Men shunday qila olaman. 8-10 soat bazada bo'laman va bu menga yoqadi. Ammo uyda yangi taktika borasida bosh qotirmayman. Agar televizorda yaxshi bahs namoyish etilayotgan bo'lsa, ko'raman. Kino ham tomosha qilishim mumkin. Futbol bosimi tufayli tuni bilan uxlamaydigan ko'p odamlarni bilaman. Lekin men bemalol va xotirjam dam olaman".

• "Murabbiy futbol g'oyasini etkaza bilishi kerak. Meni ilhomlantiradigan ish bilan shug'ullanaman, bu borada omadim chopgan. Muvaffaqiyat kaliti — ishtiyoq bilan ish qilish. Men shug'ullantiraman, chunki o'ynashni xohlayman. Aslida o'ynashni juda istardim, shug'ullantirishni emas. Ammo yoshim 61da (Karlo Anchelotti hozir 63 yoshda). Ishtiyoq esa bor, shu sababli, shug'ullantiraman".

• "Jamoa bilan qanday munosabat o'rnatsang, o'zing ham shundaysan. Garchi bazi o'yinlardan keyin majbur bo'lsam ham, futbolchilarga baqirishdan ko'ra, ular bilan gaplashib olishni afzal ko'raman. O'zimni juda yuqori tutmayman, ammo hech kimsaning yonida boshimni egmayman ham, o'zimni jamoaning bir bo'lagidek his qilaman. Agar kimdadir muammolar yuzaga kelsa, doim men bilan maslahatlashishi mumkin. Agar kimdir norozi bo'lsa, tushuntirib berishimni talab qilishi mumkin. Men ularning otasi emas, balki do'sti va doim yordamga tayyor psixologiman".

• "Ishim oddiy, hech bir qiyin joyi yo'q. U menga zavq bag'ishlaydi".

Nozima Zaripova tarjimasi 

BestMaster
18 Iyun 2022, 12:30
anchelotti, muvaffaqiyatining, siri, nimada, nega, hamma, yaxshi, koradi?,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads