Aniqrog'i, "sherlar" ikkita to'p farqi bilan oldinda borayotgan paytda "Surxon" kambek amalga oshirdi. Bunda Termiz klubining 11-raqamli futbolchisi katta ishni amalga oshirdi. Dastlab, jarimadan Quvvatov darvozasini ishg'ol qilgan ispanning 90+3-daqiqada boshlagan hujumini Bobojonov gol bilan yakunladi.
Gap "Real" tarbiyalanuvchisi Luis Migel Kezada haqida ketyapti. U 1996 yil Madridda dominikanlik muhojirlar oilasida tug'ilgan. 10 yoshida "Real" akademiyasiga qabul qilingan futbolchi 2016-2019 yillarda "qaymoqranglilar"ning farm-klubi — "Kastilya"da to'p tepdi.
Bu orada Zidan tomonidan asosiy jamoaga ham jalb qilib turildi. Xususan, 2017 yil "Real" libosidagi debyutini nishonladi. Hatto Xalqaro chempionlar kubogi doirasidagi "Manchester Yunayted"ga qarshi o'rtoqlik o'yinida Rafael Varanni almashtirgan Luismi de Xea darvozasini penaltidan ishg'ol qilgan edi.
U "Kastilya"da Fede Valverde, Ashraf Hakimi, Mario Ermoso va Martin Edegor singari bo'lajak yulduzlar bilan birga to'p tepgan. Sizni hayron qoldirishi mumkin, ammo hozir "Tottenxem"da o'ynayotgan Serxio Regilon o'sha davrda Kezadaning o'rinbosari edi.
"Real"ning asosiy tarkibidan joy topolmagan Luismi 2019 yilda "Kadis"ga ko'chib o'tdi. Bu erda og'ir jarohatga yo'liqqan yarim himoyachi deyarli 2 yilni maydon tashqarisida o'tkazib yubordi.
Nihoyat, 2022 yilning avvalida "Surxon" tarkibida qo'shilgan futbolchi asta-sekin sport formasini tiklab olyapti. SHunday ekan, Luismi Kezada nimalarga qodirligini chempionat yakuniga qadar barchaga isbotlasa kerak.
O'zbek futboli haqidagi "Futbol analizi" blogiga obuna bo'ling!