Ispaniya La ligasining 3-turi doirasida bo'lib o'tgan «Levante»ga qarshi bahsning 89-daqiqasida «Real» himoyachisi Marselo maydondan chetlatildi. Mazkur vaziyat yuzasidan bosh hakam Ernandes Ernandes uchrashuv qaydnomasiga quyidagicha yozib qo'ydi:
«O'yinning 89-daqiqasida o'yinchi Marselo Vieyra Da Silva Junior ushbu sababga ko'ra maydondan chetlatildi: to'p o'yinda bo'lmagan paytda futbolchi raqibning beliga tepdi.
Tartib-intizom reglamentining 123-moddasiga muvofiq keskin o'yin uchun futbolchi bittadan uchta o'yingacha diskvalifikatsiya qilinadi. Bundan tashqari, to'g'ridan-to'g'ri maydondan chetlatish haqidagi 114-moddaga ko'ra Marselo kamida 2ta o'yinga chetlatiladi. Boisi, to'p o'yinda bo'lmagan paytdagi xatti-harakat uchun chetlatilgan futbolchiga kamida 2ta o'yindan iborat diskvalifikatsiya nazarda tutilgan.
Ammo Tartib-intizom qo'mitasi Marseloning harakatlarini tajovuzkor deya hisoblasa, 98-modda bo'yicha Marselo 4ta o'yindan 12ta o'yingacha diskvalifikatsiya qilinishi mumkin.