Kumasi – Gana davlatida kattaligi bo'yicha ikkinchi o'rinda turadigan shahar. Odamlar bilan gavjum, chang-to'zonli va nafas olish juda qiyin bo'lgan go'sha. Bu erda anchagina oltin zaxiralari mavjud, ammo kakao eng ko'p eksport qilinadigan mahsulotdir.
SHu shaharda Baba Sule to'p ortidan quvib katta bo'ladi. U uchun guruch va loviyadan tayyorlangan ovqat oshxonada sovib qolardi, chunki yigitcha kun botgunga qadar uyiga qaytmasdi.
Baba Sulega qarshi bo'lganlar ko'p, ko'pchilik uning futbolchi bo'lishini istamasdi. SHunga qaramasdan, u qarindoshlarining bosimiga chidadi, etibor bermadi va futbolchi bo'lish orzusi ushalishida harakatdan to'xtamadi.
Oiladagi 14 farzanddan 3 nafari professional futbolni tanladi. Ammo Baba Sule ulardan iqtidorliroq bo'lib chiqdi. U jahon chempionati U-17 finalida Braziliyaga gol urib, bosh sovrinni qo'lga kiritdi.
SHunday so'ng Ispaniyaning "Malorka" jamoasi bilan shartnoma imzoladi, keyin esa "Real"dan taklif oladi. O'sha vaqtlarda skautlar yosh yigitcha Klod Makelelening o'rinbosari bo'ladi deb aytishdi. Baba – chaqqon, chayir, to'p uchun kurashda tajovuzkor va maydon markazini nazorat qila olardi.
Bir gal u "Santyago Bernabeu"ga kelib, karaxt ahvolga tushib qoldi. Qahramonimiz "Leganes"ga ijaraga berib yuborilishi malum bo'lsa-da, uning og'zi qulog'ida edi. Atrofga alang-jalang qarab, o'zini xuddi bir narsadan aybdordek his qilib turardi. SHunda Baba Sule ovozini zo'rg'a chiqarib: "SHu erga imzo chekish kerakmi?", dedi.
Afsuski, Baba Sule "Real"ning asosiy tarkibi uyoqda tursin, hatto yoshlar jamoasida ham debyut qilolmadi. Jarohatlar iskanjasida qolib ketdi.
Baba Sule "Malorka"da kutilmaganda gepatitga chalindi. So'ngra "Orense"ga yo'l oldi. Omadsizliklar qo'shaloq kela boshladi. Yangi jamoasida ham jarohatlanib, muammolar girdobida qolib ketdi. "Leganes"ga kelgach, ilk o'yindayoq mushak paylarini uzib oldi. Jarohatidan tiklanib ulgurgach, birinchi o'yindayoq tizzasini sindirdi.
"Futbolning ikki tomoni mavjud, jarohatlar hayotimni o'zgartirib yubordi", – dedi qahramonimiz.
Ko'plab jarrohlik amaliyotlari tufayli uning oyog'i chandiqlarga to'lib ketdi.
Ketma-ket kelayotgan muammolar uning faoliyatini pastga qarab sho'ng'ishiga sabab bo'ldi. Kataloniyaning "Lerida", Kastilyaning "Tomeloso", Kanar orollarining "San-Isidro" klublari, uchinchi divizion bir qator vakillari...
Sentyabr oyining iliq oqshomida Baba Sule o'z avtomobilida bir kamtar yigitchani Ileskasdan Madridga, "Atletiko" yoshlari mashg'ulotiga olib ketayotgandi. Qariyb 1,5 soatlik yo'l davomida ganalik hamrohiga ingliz tilini o'rgatib bordi.
Bu yigitcha David de Xea bo'lib, unda hali haydovchilik guvohnomasi yo'q edi. Avvaliga uni ota-onasi mashg'ulotlarga olib borardi. So'ngra "Atletiko" ishonchli va futbolga aloqador haydovchini topdi. U Madridning "Rayo Maxadaonda" klubidagi Baba Sule edi.
"U juda uyatchan yigit edi, ammo tezda til topishib ketdik. Mashg'ulotlarga olib kelish chog'ida ingliz tilidagi jumlalarni o'rgatib kelardim. De Xea va uning oilasi bilan munosabatlarimiz doimo yaxshi bo'lgan. Ular bilan ajoyib damlarni o'tkazganman. Hozir ham aloqada bo'lib turamiz. Davidning o'zi bilan tez-tez telefon orqali suhbatlashamiz. U qo'ng'iroq qilsa, hayajonlanib ketaman", – deydi Sule.
“Manchester Yunayted”ga o'tgach, de Xea birinchi navbatda ganalik tanishiga qo'ng'iroq qildi. Sule esa telefoni ekranida Britaniya raqamini ko'rib hayron qolgan edi.
"Salom, oshna! Men Davidman! Hammasi uchun rahmat!"
"Ishlab topgan pullarimni aka-uka, opa-singillarimga jo'nataman", – deydi Baba Sule.
SHu tufayli qahramonimiz har doim qo'shimcha ish izlab yurgan. Haydovchi bo'lgan, bazan elektriklik qilgan, keyinroq savdo tarmog'i do'konida ishlagan.
Ikki yil oldin Baba Sule Segunda V vakili "Fuenlabrada" klubidan taklif oldi. Uning ushbu jamoadagi yangi vazifasi to'plarni yig'ib kelish, butsalarni tozalash, liboslarni yuvish, shuningdek, Ispaniya haqida hes narsani bilmaydigan ganalik legioner Yava Annorga ko'rinikib ketishda yordam berish edi.
"Yillar davomida jurnalistlar bilan suhbat qurmagandim. Agar futbolni tark etsang, hech kim sen bilan qiziqmay qo'yadi. Qo'ng'iroq qilganingizda, men buni ekipirovkalar bo'yicha mamurimizning navbatdagi hazili deb tushunibman", – dedi AVS nashri jurnalistini kutib olgan Sule.
Intervyu chog'ida uning labidan tabassum arimadi, ishchi libosida, qo'lidagi bir to'r ichidagi to'p bilan u hayotdan mamnun insondek ko'rinardi.
"Hayotimda yuz bergan voqealarni eshitib, professional futbolchi bo'lganimni, jahon kubogi finalida Braziliyaga gol urganimni bilib, hayron bo'lishadi. Ularning ko'zlarida hayrat va hurmat alomatlarini sezaman.
Men ularga faqat bir narsa haqida dars berishim mumkin: hammasi juda yaxshi davom etayotganida, odam kelajagini o'ylamay qo'yarkan. Aslida o'ylash muhim ekan".
Uning hayoti o'zi xohlamagan tarzda kechdi, orzulari amalga oshmadi.
"Futbol menga ko'plab do'stlarni taqdim qildi. Ular qiyin vaziyatlarda menga ko'mak berishdi, buni unutib bo'lmaydi", – dedi Baba Sule.
Samandarbek tarjimasi