Maqola avvalida Kataloniya klubining ham, "Real Madrid"ning ham muxlisi emasligimni takidlab o'tmoqchiman.
"Barselona" klubining hozirgi natijalari "Real Madrid" muxlislarining xonadonida bayramga aylanayotgan bo'lsa, ajabmas. "Do'stning kuyingani — dushmanning suyingani" deganlaridek, Madrid klubi ishqibozlari hozirda g'ishti kuchgan "ko'k-anorranglilar" uchun ich-ichidan quvonayotganini his qilish mumkin. Aslida, ular quvonishlari emas, buning uchun tashvishlanishi kerak. Sababi, ular "Barselona" bilan birgalikda butun Ispaniya chempionatini boy berishlarini anglab etishlari muhim. Agar Laporta prezidentligidagi jamoaning ishlari orqaga ketishda davom etsa, ispan futboli, qolaversa, uning auditoriyasi juda ko'p narsani boy berishi turgan gap.
Birinchidan, El Klassikodan mahrum bo'lamiz. Yil davomida jahon chempionati finali kabi intiqlik bilan kutadigan, kimdir yaqin oshnasini choyxona palovga tushirishni mo'ljallagan, yana kimdir sevimli jamoasining lideri ashaddiy raqibining etakchi o'yinchsisidan ustunroq ekanligini isbotlash uchun muzqaymoqdan mazaliroq uyqusidan voz kechadigan bahsning darajasini boy berib qo'yishimiz mumkin.
Ikkinchidan, bu futbolchilarga bo'lgan havaskorlikni ham susaytiradi. Ronaldu–Messining o'zaro qarama-qarshiligida har bir statistikasini ashaddiy muxlislar muhokama qilishardi: kim qaysi mavsumda ko'proq gol urgan, kim ko'proq assist bo'lgan, kimdan tezlik, qay birida dribling yuqori va hokazo-hokazo... va bu jarayon hali-hamon davom etmoqda. Vaholanki, "Bavariya" safida chempionlikdan zerikib ketgan Robert Levandovski ketma-ket to'rt mavsumdan buyon to'purarlikni hech kimga bermayapti, biroq tan olaylik, polshalik "yulduz"ga ham yuqorida tilga olingan ikki "o'zga sayyoralik" futbolchi singari ishqibozlik qilmaymiz, faqatgina yil so'ngida natijalarini yodga olishimiz mumkin.
Uchinchidan, La Ligadagi raqobat susayadi. Har qanday klub havas qiladigan tarkibga ega PSJ ishtirok etadigan Franciya chempionatini qiziqish bilan tomosha qiladiganlar oramizda kam topilsa kerak. Faqatgina tarkibdagi futbolchilar sabab Eyfel joylashgan shahar jamoasining o'yinlarini kuzatishim mumkin, xuddi "Roma"ning o'yinini bir futbolchi sabab tomosha qilgandek. Ushbu tarifni "Bavariya"ga nisbatan ham qo'llasak bo'ladi, shuningdek, yaqin-yaqingacha Italiya chempionati ham deyarli shunday iskanjaga tushib qolgandi. Angliya Premer-ligasi bugungi kunda ko'cha tili bilan aytganda, "nomer 1" ekanligining sabablarini mahallangizdagi Abduraim aka ham sanab bera olishi mumkin. SHuningdek, raqobatning oshishi yoki tushishi jamoalarning qita turniridagi natijalariga ham o'z tasirini o'tkazmasdan qolmaydi. Bugun, aytaylik, "Benfika" yoki "Inter" ingliz jamoalariga to'qnash kelishdan ko'proq hayiqishadi. Portugaliya klubining "Barsa" bilan o'yinlarini ko'rdik yoki "SHaxtyor" va "CSKA" singari jamoalar ham "Real"ni bemalol dog'da qoldirish mumkinligini isbotladi.
Katalon klubidagi bu holat yaqin yillardagi dastlabkisi emas. Jamoa 2000/01 yilgi mavsumdan boshlab ketma-ket uch yil kuchli uchlikka kira olmadi, o'sha yili CHempionlar ligasi guruh bosqichida qolib ketib, UEFA kubogida ishtirokini davom ettirdi. Vaholanki, o'sha vaqtlarda tarkibda Klyuvert, Rivaldo singari mashhur futbolchilar to'p surardi. To'g'ri, "ko'k-anorranglilar"ning hozirgi holati qo'rqinchli emas. Xavi jamoani yana yuqoriga olib chiqish uchun jon-jahdi bilan harakat qilmoqda, tajribali futbolchilar jalb qilinmoqda, La Ligada 6-o'rinda borayotgan klub 3-pog'onadagi "Betis"dan atigi 2 ochko orqada, biroq muxlislar baribir 1- va 2-o'rinlarni begona qilmaydigan klassiko kurashini qumsashayotgan bo'lsa, ajabmas.
Agar ispan futboliga muxlislik qilish deganda, yuqoridagi ikki gegemon klubga emas, Atletiko" va "Sevilya"ning o'yinlariga muxlislik qilaman. Sababi, ushbu jamoalar "qaymoqranglilar" va "ko'k-anorranglilar"ga doimiy boshog'riq bo'lishadi va bu g'arbiy evropadagi mamlakat chempionatining yanada shiddatliroq o'tishini taminlab beradi. Qolaversa, bu klublarning CHempionlar ligasi va Evropa ligasidagi natijalari ham yuqoridagi fikrimni tasdiqlaydi.
Pandemiya nafaqat "Barselona" singari klublarga, balki juda ko'pchilik insonlarga ham salbiy tasirini o'tkazdi. Bu ofatdan qachon qutulishimiz dargumon, endi unga moslashish talab etilmoqda. Istaymanki, "Barselona" singari buning jabrdiydasiga aylanmasligi hamda qiziqarli, raqobatdosh va tomoshabinlar joziba bag'ishlaydigan futboldan ayrilib qolmaylik.
Oqil Abdubarnoev