Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Florentino Peres: "Tarixda qolmoqchi bo'lsang, «Real»ni tanla"

«Real Madrid» prezidenti Florentino Peres jamoaning AQSh bo'ylab mavsumoldi safari davomida Fox Deportes nashriga maxsus intervyu berdi.

.
- Yuklab olish

«Real Madrid» prezidenti Florentino Peres jamoaning AQSh bo'ylab mavsumoldi safari davomida Fox Deportes nashriga maxsus intervyu berdi.

O'sha suhbat matni «Qirollik klubi» Madridga qaytib, rasmiy o'yinlarga kirishganidan keyin chop etildi.

Unda janob Peres asosan yuqori va mas'uliyatli lavozimda o'tgan 14 yillik faoliyati, yulduz futbolchilar transferi va «Qirollik klubi» siyosatiga to'xtalgan.

«Galaktikos» g'oyasi

- Esimda, 2000 yili «Madrid»ning buyukligini tasdiqlovchi sara yulduzlar etishmasdi. Sir emas, futbolda imidjni aynan nomdor ijrochilar belgilashadi. Xullas, umumiy holatni e'tiborga olib, Luish Figu, Zayniddin Zidan, Ronaldo va Devid Bekxem kabi yulduzlar yordami bilan klub siymosini shakllantirishga kirishdik.

Hozir ham ular aynan «Madrid» vakili sifatida gavdalanishda davom etishlarini istardim. Keyinroq muayyan darajani ushlab turishga urinib, Krishtianu Ronaldu, Kaka, Karim Benzema, Garet Beyl va boshqalarni safimizga qo'shib oldik. O'ylaymanki, bu g'oyamiz samarasiz ketmadi.

Figuning transfer bahosi

- Ochig'i, xarid masalasida muzokara jarayonini boshlaganimda, Figu transferi uchun belgilangan bahoga hech kim ishonmagandi. Axir bungacha hech qaysi klub futbolchiga 60 mln. to'lagan emasdi. Avvalo, Luishning o'zi bilan gaplashib, uni «Madrid»ga ko'chib o'tishga ko'ndirdim. Vaholanki, Figu o'sha vaqt «Barselona»da chin etakchi edi va Valdano aytganiday, uning «Madrid»ga o'tishi jamoa yuragini sug'urib olish hisoblanardi. Menimcha, portugaliyalikka bitta gapim ma'qul tushgan: «Ishon, sening atrofingda buyuk «Real Madrid»ni barpo qilmoqchimiz». Natijada futbolchi taklifga ijobiy javob berdi.

Transferlar bozori va narxlar

- Yirik kelishuvlarga qo'l ura boshlaganimda, ko'pchilik meni ahmoqqa ham chiqardi: «Bu qanaqasi? Axir shuncha mablag'ga 5 nafar futbolchi sotib olish mumkin». Lekin tanlangan yo'ldan qaytmadim. Masalan, Zidan 2001 yili 75 mln. evroga baholangach, hamma meni oshkora ayblashga o'tdi: «Aqldan ozibsan, shuncha pulga butun jamoani xarid qilsa bo'ladi-ku».

Muhimi, chalg'imadim va qat'iylikni saqlab qoldim: «Yo'q va yana yo'q, bizga aynan Zizu kerak, axir u dunyodagi eng yaxshi futbolchi-ku». Ronaldo transferida ham xuddi shu holat takrorlandi. O'zi bozorda g'alati vaziyat yuzaga kelgandi: odamlar 100 mln. o'rniga 300 mln. to'lashsa, sen 30 mln. yo'qotish o'rniga 50 mln. foyda ko'rarding... Bu mening sarmoyam edi va agarda umumiy holat yana katta xarajatni talab etsa, xuddi shunday yo'l tutaman. Demakki, afsuslanish hissi yo'q.

Yosh iqtidorlarga e'tibor

- Bugun futbolda misli ko'rilmagan raqobat hukmron va ko'plab klublar bizning izimizdan boryapti. Ayni payt boshqa jamoalar ixtiyorida a'lo darajadagi o'yinchilar juda  ko'p, shuning uchun bo'lajak yulduzlarni erta kunda o'z tomonimizga og'dirish harakatini kuchaytirishimiz shart.

Darhaqiqat, hozirgi jamoada yosh iqtidorlar safi keng va aynan ular kelajagimiz hisoblanishadi. Aytishim kerak, ko'z ostimizda yana bir qator yigitlar borki, ularni 18 yoshga to'lishganida jamoamiz safiga qo'shib olamiz.

Klub tanlash bo'yicha maslahat

- Futbol olamida yaxshi jamoalar ko'p ekanligi barchaga ma'lum. Ammo bu borada bitta gapim bor - agar tarixga kirishni istasang, unda «Real Madrid»ni tanlashing maqsadga muvofiq.

Futbol kelajagi

- Oradan yana bir necha yil o'tgach, Evropada bitta katta liga yuzaga keladi, AQSh va Xitoyda ham shunday bo'ladi.

AQSh futboli

- AQShda tug'ilgan va klubimiz darajasida to'p suradigan futbolchiga ega bo'lishdan bag'oyat manfaatdormiz. Qarang, hozir tarkibimizda turli millat vakillari bor - ingliz, nemis, frantsuz, xorvat... Ishonchim komil, AQSh yaqin yillar ichida yirik futbol saltanatiga aylanadi.

Tabiiyki, amerikaliklar ham bizni sevishlarini istayman. Maqsadlarimizdan biri - ularning yuraklarini zabt etish.

Buning eng to'g'ri yo'li - Chikagoda MLS yulduzlari terma jamoasiga qarshi o'yin singari alohida uchrashuvlar tashkil qilish. Kimlardir klublarni sotib olishadi, ammo bizning niyatimiz boshqa - AQShdagi muxlislar yuragiga kirib borish.

6ta kubok sari

- So'z beraman, «Real» barcha kuboklar uchun kurashadi. To'g'ri, bitta musobaqa tarixi alohida muhabbat qissasiga arziydi - bu Chempionlar Ligasi. Agar klub va turnir o'rtasida hech narsa bo'lmaganida, unda 12 marta zafar qucholmasdik, shuncha marta yarim finalda o'ynamasdik.

Bu alohida ahamiyat kasb etuvchi turnir. Qolaversa, La-liga, Klublar o'rtasidagi jahon chempionati, Evropa va Ispaniya superkubogi hamda mamlakat kubogiga ham beparvo qaramaymiz. Ammo shaxsan menga olamshumul shuhrat keltiradigan ChL ko'proq yoqadi, baribir.

Azaliy va hozirgi raqiblar

- «Madrid»ni hisobga olmasak, Chempionlar Ligasida eng ko'p g'alaba qozongan klub - bu «Milan». Ammo hozirda uning ishlari ko'ngildagiday emas. Ayni payt «Barselona», «Manchester Yunayted» va «Bava-riya»ga asosiy raqiblar sifatida qaramoqdaman.

Chunonchi, shu 3ta jamoa bizga boshqalarga nisbatan munosib qarshilik ko'rsatadi. Harqalay, menga shunday tuyuladi. Ha, albatta, «Yuventus», «Manchester Siti» va yana bir qator buyuk klublar, jumladan, «PSJ»ni ham unutmaslik kerak.

«Madrid»ga nisbatan muhabbat va nafrat

- Jamoamizni sevadiganlar ko'p, baribir. Gap faqat ijtimoiy tarmoqdagi sahifamizga a'zo bo'lganlar haqida ketmayapti. Bizni naqadar yaxshi ko'rishlarini dunyoning turli nuqtalarida bo'lganimizda, yaqqol sezyapmiz. Albatta, hamma ham «Madrid» tarafdori emas, ammo hazil tariqasida doimo bir gapni takrorlashni xush ko'raman: «Deyarli har bir muxlis «Madrid»ni yoqtiradi, ammo ba'zi fanatlarning o'zlari hali buni bilishmaydi». Ha, kimlargadir klub sha'niga tanqid yog'dirmay yashash og'ir, ammo bu ham «madridchilik» dunyo darajasiga etganidan dalolat.

Ilhom manbai

- O'ta muhim qadriyatni meros qilib olganman - 2000 yili «Madrid»ga kelganimda, klub FIFA tasnifiga ko'ra, XX asrning eng yaxshi jamoasi sifatida tan olingandi. Bir muddat buyuk Bernabeu yo'lidan yurdim, u 1947 yili shunday degandi: «Men stadionni kengaytiraman, albatta». Vaholanki, o'sha vaqt chiptalar sotuvi aytarli foyda keltirmasdi. Klub prezidenti esa stadionni kattalashtirishga ko'proq daromad olish va kuchliroq futbolchilarni sotib olish imkoniyati sifatida qaragan.

Muhimi, u Alfredo di Stefanoni xarid qildi va bu qadam nafaqat «Madrid», balki futbol tarixini o'zgartirdi. O'z navbatida, men ham og'ir iqtisodiy ahvolda qolgan «Madrid»da ish boshlaganim hamono shunday yo'l tutdim: «Klubga eng kuchli futbolchilarni olib kelaman va ular byudjetni o'zgartirishadi». Aynan shunday bo'lgani esa qarorning to'g'riligiga isbot.

«Madrid» pozitsiyasi

- Hozirgi holatda jahon futbolida o'z o'rnimizni band etib turibmiz. Buning uchun menga minnatdorchilik bildirish shart emas, shunday buyuk klubga rahbarlik qilish nasib etganining o'ziyoq katta baxt.

«Real Madrid» Bernabeu va di Stefano sinonimi sanaladi. Zero, klub nomi aynan ularning mehnatlari evaziga dunyoga yoyildi. Men esa shu buyuklar bajargan ishni shunchaki, davom ettirdim - klubga kuchli futbolchilar va homiylarni jalb etdim. Iqtisodiy va sport sohasidagi bunday siyosat 2000 yildan buyon cheksiz zavq bag'ishlamoqda.

BestMaster
3 Sentabr 2017, 10:40
florentino, peres, tarixda, qolmoqchi, bolsang, «real»ni, tanla,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Barcha fikrlar: 1
 shoxxxx!  
Peres siz aqilliy siyosat boyicha dunyoda 2 orinda turasiz 1orinda esa ISLOM KARIMOW
3 Sentabr 2017, 17:40
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads