«Real» klubi va Portugaliya milliy jamoasi Krishtianu Ronaldu o'z kollektsiyasidagi «Kumush futbolka»lar sonini 3taga etkazgach, jurnalistlar bilan rasmiy uchrashuvda g'oyat xushchaqchaq ko'rindi.
Yaqqol sezilib turdiki, unga Monako safari juda yoqadi - sovrin ketidan sovrin, mukofot ketidan mukofot.
U butun vaqt davomida hazillashdi, kuldi va eng yaxshi ayol futbolchilar sifatida e'tirof etilganlarga maqtov yog'dirishdan charchamadi.
- Doimo «Real» klubi va Portugaliya terma jamoasi yordamisiz birorta individual sovrin yutolmasligingizni ta'kidlaysiz. Bu to'g'ri. Ammo hujumchilar bu borada hamisha ustunlikka ega ekanliklarini ham tan olish joiz. Mana, barcha sovrinlar aynan sizga nasib etyapti.
Bugun Monakoda klubdoshlaringiz - Serxio Ramos va Luka Modrich yoningizda turishdi. Xullas, sovrinni nuqul sizga topshirishayotgani adolatsizlikdek ko'rinmayaptimi? Ehtimol, ular bosh sovrin uchun sizdan kam xizmat qilishmagandir...
- Bu adolatdanmi yoki yo'q? Ochig'i, bilmadim. Bunga shunchaki, javob savoli bilan murojaat qilishim mumkin. Sizlar stadionga aynan nima uchun kirasizlar?! To'ppa-to'g'ri - gollar ko'rish, maroqli tomosha uchun.
Shunday ekan, birinchi navbatda, hujumchilarga e'tibor qaratishlari tabiiy hol. Ha, tan olishim kerak, ba'zan himoyachilar ham hal qiluvchi gollarga mualliflik qilishadi. Biroq... (kuladi). Qisqasini aytganda, yigitlar, tanlovda adashmadingiz, menga ovoz berishda davom eting!
- Ilk individual sovrinni 2008 yili, ya'ni deyarli 10 yil oldin qo'lga kiritgandingiz. Ortda qolgan vaqtda futbol nechog'li o'zgardi?
- «O'zgardi» iborasi zamirida nimani nazarda tutyapsiz?
- Uslub, tezlik...
- Jiddiy o'zgarish bor, deb o'ylamayman. Harqalay, o'yinning o'zi o'sha-o'sha. Ammo futbol atrofida hammasi mutlaqo boshqacha. Qandaydir telbalik! Muhimi, 10 yil o'tgan bo'lsada, o'zimni hamon yosh yigitdek his qilyapman. Shuningdek, sovrinlarga yanada tashnaroqman!
... Shu orada suhbatga evromavsumning eng yaxshi ayol futbolchisi - Like Martens qo'shilib, Ronaldinoni yoshlikdagi kumiri sifatida tilga oldi. Ronaldu esa bunga hazil tarzida shunchaki, qiyofasini burishtirib, o'zini hamrohidan norozidek ko'rsatdi.
- Mayli, mayli, - dedi Like ham bo'sh kelmay. - Keyinroq Ronaldu va Messi ijrosidagi o'yinlarni ham diqqat bilan kuzata boshlaganman.
- Hozircha sizga «bo'ysinmagan» yagona sovrin - bu jahon kubogi. Xo'sh, yaqin kelajak uchun bosh rejangiz sayyora birinchiligida g'alaba qozonishmi yoki klub miqyosidagi turnirlar muhimroq?
- 2 yilcha oldin ham Portugaliya termasi oddiy jamoa sanalardi. Boshqacha aytganda, saviya bobida Germaniya va Ispaniya termalaridan pastda turardi. Mana, Evropa chempionatida zafar quchishni uddaladik.
Ammo shoshilmang, biz JCh-2018 final bosqichi yo'llanmasini qo'lga kiritganimizcha yo'q. Tabiatan oldinga bitta-bitta qadam tashlashga moyilman. Shunday ekan, kelinglar, bulutlar uzra suzish o'rniga real va sog'lom fikrni saqlab turaylik.
- Joriy ChLda qaysi klubni asosiy raqobatchi o'rnida ko'ryapsiz?
- Raqobatchilar - oldingi yillardagi o'sha-o'sha klublar. Bosh da'vogarlar - «Real», «Barselona», «Bavariya», «PSJ», «Yuventus»... Umid qilamanki, kubokni ketma-ket uchinchi marta boshimiz uzra baland ko'taramiz.
- Biz esa yana uzoq vaqt yuqori saviyada o'ynashingizdan umidvormiz. Biroq Ronaldu va Messi erasi tugagach, eng yaxshi maqomiga kim bosh da'vogar sifatida gavdalanadi, sizningcha?
- Yaxshi savol. Ajoyib savol! Ha, oxirgi yillarda faqat ikki nom yangradi: Messi va Ronaldu, Ronaldu va Messi... Ko'rib turibmiz, katta salohiyatga ega yoshlar ko'p. «Real»dan boshlayman va Asensioni tilga olaman.
Keyin Neymar, Mbappe... Yana «Borussiya»dagi yigit bor, ismini eslolmayapman... Dembele! Qolaversa, Azar, Rashford... O'ylashimcha, 10-15 nafar futbolchida bizning o'rnimizni egallash imkoniyati mavjud.
Ronaldu birdan biroz to'xtab, mavzuni o'zgartirdi:
- Like birinchi marta shunday sovrin oldi. Kelinglar, uni tabriklab, olqishlaylik!
Bosh laureat shu tariqa salgina xijolat tortgan gollandiyalik futbolchini tabrikladi. Ommaviy suratga tushishdan keyin esa yana bir bora baland ovozda takrorladi:
- Barchangizga rahmat. Aynan menga ovoz berganingizdan minnatdorman! Shu ruhda davom eting!
Ronaldu yakunda xandon otib kulib yubordi. Vaholanki, u vaqtida turli vaj-karsonlar va mojarolar bilan taqdirlash marosimiga tashrif buyurishdan bosh tortgandi. Endi esa Monako tomon har safar katta mamnuniyat bilan uchishga tayyor...