Serxio Ramos joriy yilning iyulida PSJga o'tgandi, biroq ispaniyalik futbolchining debyuti hali ham ortga surilmoqda. Gap nimada?! Nima bo'lyapti?
SHifokorlar Ramos mushaklaridagi jarohatini qaytalab qolishidan tashvishda
• Yakshanba kuni L`Equipe nashri: "Parijliklar Ramos top-darajaga qaytishiga shubha qilishmoqda", deb xabar berdi. Tibbiy xulosa yana bir bor o'zgartirildi — u individual mashg'ulotlarni davom ettirmoqda, lekin hamon qaydnomaga kiritilgani yo'q.
• Ispaniyaning As nashri qo'shimcha tafsilotlar berdi: Ramos ikki hafta avval maydonga tushishni xohlagandi, ammo PSJ shifokorlari hozircha bunday qilmay turishini maslahat berishdi — himoyachi iyul oyida mushaklaridan olgan jarohatni qayta kuchaytirib olishi mumkin deb hisoblashardi. Nashrning xabar berishicha, ispaniyalikning o'zi biroz tushkun holatga tushib qolgan, chunki faoliyatida ilk bor bu kabi jiddiy jarohatga duch kelgan.
• PSJ sport direktori Leonardo vaziyatga oydinlik kiritdi: "Ispaniya matbuoti bu mavzuni bo'rttirib yubormoqda. Biroq biz boshidan Serxioning holatini bilardik va hozir jarayon qanday o'tayotganidan ham xabarimiz bor". Klub esa Ramos keyingi haftadan umumiy guruhga qaytishi haqida xabar berdi.
• Serxioning uzoq muddat davom etgan tiklanish jarayoni memlarga aylanib ketdi. L’Equipe nashri hattoki, "Ramosning arvohi" nomli rolik ham chiqardi. Videorolikda PSJning bir nechta o'ylab topilgan xodimlari ispaniyalik bilan bo'lgan shok holatidagi uchrashuvlari haqida so'zlab berishgan: "Mashg'ulot vaqtida rondo o'ynayotgandik. Birdaniga tatuirovkalari bor soqolli erkak paydo bo'ldi. U ispanchada gapirardi. Qayrilib qaraganimda esa u yo'q bo'lib qoldi. Juda qo'rqib ketdim".
PSJ 2020 yil yozida Tiagu Silva bilan xayrlashish onlari yodingizdami? O'shanda 35 yoshli braziliyalikka yangi shartnoma taklif qilishmagandi
Ramos ham 35 yoshda va 2 yillik shartnomasi bor, biroq 2021 yil mobaynida bor yo'g'i 7 (!) o'yinda maydonga tushdi. CHempionlar Ligasida (2ta), La Ligada (2ta), Superkubok (1ta) va JCH saralash bosqichida (2ta) — (45 va 4 daqiqa). Serxio bilan bog'liq vaziyat Tiagu Silvaning qayg'uli ketishini yodingizga solib yubordimi — o'sha payt braziliyalik ham 35 yoshda va PSJ unga yangi shartnoma taklif qilmaganidan juda xafa edi. Himoyachi avgustda Ramos transferini muhokama qilgandi — Tiaguning parijliklardan xafa bo'lgani hali ham esidan chiqmagan shekilli...
"Nimalar bo'lgani haqida uzoq, juda uzoq o'ylayman. Serxio Ramosga nisbatan hech qanday adovatim yo'q. Lekin PSJ Serxio bilan ikki yillik bitim imzoladi. O'sha paytda yoshimiz teng edi. Buni hech ham tushuna olmadim. Bundan juda xafa bo'ldim.
Men Ramos haqida PSJ futbolchilaridan hech biri bilan gaplashganim yo'q, lekin juda xafaman. Menga hech qanday taklif berishmadi. Men o'zimni klub uchun xuddi hech narsa qilmagandek his qildim. Muxlislar meni avval qancha maosh olgan bo'lsam, o'shancha pulni olishni istagan deb o'ylashyapti. "CHelsi" bilan hech qanday muammo bo'lmadi. Maoshim... Bu erda PSJda olgan maoshimning yarmidan ham kamrog'ini olaman. Xayrlashish chog'ida ular biroz ko'proq etibor, hurmat ko'rsata olishmaganidan ranjidim. Albatta, qandaydir chora bor edi. Men u erda 8 kun yoki 8 oy o'ynaganim yo'q. 8 yil, mehnatim va g'alabalarim aynan shu klub bilan bog'liq", — deydi Silva ESPN nashriga bergan intervyusida.
Ammo endi Tiaguning "CHelsi" bilan yutgan CHempionlar Ligasidagi g'alabasi bor!
Nozima Zaripova tarjimasi