Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh, azizlar!
Barchangizni biz uchun eng ulug` va eng qadrli bayram – Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!
Qurbon hayiti barchamizga muborak bo'lsin!
Shunday ulug` kunlarga sog`-salomat yetkazgani uchun mehribon Allohga cheksiz hamdu sanolar va maqtovlar bo`lsin! Haq taolodan barcha ibodatlarimizni qabul aylab, ezgu maqsadlarimizning amalga oshishini iltijo qilib so`raymiz. Qurbon hayitining fayzu barakoti qalblarimizni va xonadonlarimizni munavvar aylasin.
Hayit bayrami yurtimizda qadimdan o`zgacha, xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag`rikenglik va saxovat ifodasi bo`lib kelgan. Shu bilan birga qayd etish lozimki, 1991 yilda muhtaram birinchi Prezidentimizning «Diniy bayram – Qurbon hayitini dam olish kuni deb e`lon qilish to`g`risida»gi Farmonlari mazkur bayramga o`zgacha tarovat va mazmun-mohiyat kasb etdi hamda milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug`lashga qaratilgan yuksak e`tibor namunasi bo`ldi. Yigirma besh yildirki, mazkur Farmon asosida ulug` diniy bayramimiz – Qurbon hayitining birinchi kuni dam olish kuni sifatida nishonlanib kelinmoqda.
Diniy ibodatlarimizni bu qadar emin-erkin ado etishimiz, diniy, milliy bayramlarimizning davlat miqyosida nishonlanishi Alloh taolo yurtimizga ato etgan Mustaqillik ne`matining samarasidir.
Qurbon hayiti – ulug` bayramdir. Shuning uchun bu kunni yaqinlarimizni yo`qlash, ularning holidan xabar olish, yoshi ulug`larni ziyorat qilish, muhtojlarga mehr-muruvvat ko`rsatish, oilalarga xursandchilik ulashish va umuman bayramning ko`rkiga ko`rk qo`shadigan solih amallar bilan o`tkazish maqsadga muvofiqdir. Ana shunday chinakam islomiy muomalalar qatorida bu kunda gina-quduratlarni unutib, kechirimli bo`lish lozimligini ham unutmaslik kerak. Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu kunda yanada mehribonroq, shafqatliroq bo`lar, etim-esirlar boshini silar, qariyalar, kasalmandlar, muhtojlardan xabar olar, ularning ko`ngillariga ham bayram shukuhini olib kirar edilar.
Bugungi kunda O`zbekiston musulmonlari ham bu ulug` bayramni ko`tarinki ruhda kutib olmoqdalar, yetti mingdan ortiq hojilarimiz dinimizning beshinchi farzini ado etmoqdalar, qurbonliklarni bajo keltirmoqdalar. Alloh taolo qilayotgan shukronalarimiz evaziga bu ne`matlarini ziyoda aylasin, bu bayramni barchalarimizga muborak qilsin, qayta-qayta hayit xursandchiliklariga etkazsin!
Qurbon hayiti butun Islom olamining ulug` bayramidir. Bayram tufayli mustaqil Vatanimiz ravnaqi yo`lidagi sa`y-harakatlarda xalqimizning ahil-inoqligi, birdamligi, hamjihatligi yanada mustahkam bo`lishini va ikki dunyo saodatini nasib aylasin!
Alloh taolo barchalarimizni iymonda, Islomda sobitqadam qilsin, yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo, xalqimizni farovon aylasin, kelasi Qurbon hayitiga sog`-salomat, tinchlik-omonlikda, ofiyat-xotirjamlikda etib borishni barchalarimizga nasib aylasin!
Bu hayit namozining savobidan hammamizni bahramand aylab, bu bayram barakotidan barcha mo`min-musulmonlarning gunohlarini mag`firat etib, darajalarini yuqoriga ko`tarib, ikki dunyo saodatiga musharraf qilsin!
Barchamizga yana ko`p yillar Qurbon hayitiga yetib yurishimizni O`zi nasib etsin, Qurbonliklarimiz O`zining dargohida qabul bo`lsin omin!
Qurbon hayitingiz qutlug` bo`lsin, aziz yurtdoshlar!
Mehrob.uz