Ispaniya La Ligasi prezidenti Xaver Tebas nihoyat, «yorildi». Uning aytishicha, «PSJ» futbolda halol o'yin olib bormayapti va «Real Madrid» hech qachon Parij klubi yo'lidan bormaydi. Tebas mavsum-2023|2024ga qadar La Liganing yangi homiysiga aylangan Burger King bilan tuzilgan strategik shartnomani e'lon qilish chog'i yana bir qator masalalarda keskin bayonot berdi.
«Madrid» va «PSJ» o'rtasidagi farq
- Bemalol va dangal aytaman: ispan futboli vayrona holda emas. Jumladan, «Real»da ham, «Barselona»da ham barchasi o'z joyida. Har holda, Evropa klublarining kamida 80 foizi ahvoli biznikidan ancha yomon. Faqat «Madrid» haqida gapirsak, bu klub pandemiya davrini hammadan yaxshiroq o'tkazdi. Deylik, maosh xarajatini sezilarli darajada kamaytirdi. Hozir «Real»da xohlagan ishiga qo'l urish imkoniyati bor, faqat jamoa hech qachon «PSJ» tutgan yo'ldan bormaydi. Yashirishga nima hojat: parijliklar halol o'yindan yiroqlar. Oddiy fakt: «PSJ»ning maosh to'lovi chamasi 600 million evroga teng. Axir bu imkonsiz, klub davlat emas-ku...
ChLdagi salbiy natijalar...
- Tushuning, turnir endi boshlandi, oldinda o'yinlar etarli. Eslasak, o'tgan yili ham boshida hammasi yaxshi emasdi, yakunda Ispaniya klublari «pley-off»ga chiqdi. Umuman olganda, La Liga darajasi ChLning sanoqli o'yinlariga bog'liq emas. Misol uchun, APL vakillari orada naq 6 yil davomida ChL kubogini yuta olishmadi, vaholanki, o'shanda ham ichki chempionat ko'tarilib borayotgandi...
La Liganing yangi favoritlari
- Birinchi navbatda, Vinisiusni alohida ajratib ko'rsatishni istayman, unda ishonch ortdi, ayniqsa, raqiblar darvozasi oldida harakatlanish masalasida. Menimcha, Junior butun chempionat manzarasini o'zgartirishga qodir yigit. Ha, uning oxirgi gol nishonlash sahnasi yoqmadi, lekin hechqisi yo'q... Yana Ansu Fati va «Atletiko» vakili Lorenteni ham tilga olishim mumkin. O'ylaymanki, yaqin orada Fati va Vinisius ijrosidagi futboldan chinakamiga zavq ola boshlaymiz.
KONMEBOL doirasidagi keyingi o'yinlar
- O'ylaymanki, keyingi xalqaro tanaffusda ham muammolarga duch kelamiz. Nachora, hozir shunday davr...
Joan Laportaga munosabati
- U bilan kecha WhatsApp orqali gaplashdim. Laporta mening umumiy fikrimdan xabardor, nimalar bo'lganini yaxshi biladi. Barchasiga guvohlar ham bor. Boshqa gap yo'q. Hozir La Liga ishlashda davom etishi kerak, biz esa kurashdan to'xtamasligimiz zarur.
Muxlislarning stadionlarga qaytishlari
- Stadionlar xuddi ko'ngilochar tadbirlarda bo'lgani kabi maksimal darajada to'lishini xohlaymiz. Ayni payt vaziyatni yaxshilash yo'lida izlanyapmiz. Lekin futbol avtonom viloyatlar ko'rsatmasiga bo'ysunishga majbur, baribir.
So'z
- Vinisius darhaqiqat, qirol bo'lishi mumkin, chunki unda hozir chempionatga etishmayotgan o'ziga xos jihatlari bor. Ammo ayni payt qirol boshqa - Benzema (tadbirda Xaver Tebasga hamrohlik qilgan Guti so'zidan iqtibos).
M.PO'LATOV tayyorladi