Madridning «Real» jamoasi Chempionlar Ligasi yangi mavsumi uchun qadynomani e'lon qildi.
O'tgan mavsum tugaganidan keyin jamoa boshqaruvini qo'lga olgan Karlo Anchelotti yozgi transferlar oynasida bir qator futbolchilarni o'z safiga qo'shib olish ustida ishladi. Eduardo Kamavinga transfer oynasining so'nggi kunlarida «Real» a'zosiga aylandi. Dani Sebalyos «Arsenal»dan ijara muddatini o'tab qaytdi. Garet Beyl ham yangi mavsumda «qaymoqranglilar» safida harakat qiladi. Xames Rodrigesni qaytarishga uringan mutaxassis o'z maqsadigga eta olmadi. Bundan tashqari, PSJ hujumchisi Kilian Mbappening ham transferini ko'plab futbol ishqibozlari va mutasaddilari kutishgandi, lekin bu amalga oshmadi. Ramos va Varanning o'rni Alaba hamda Valexo evaziga to'ldirildi.
Jamoaning EChLda ishtirok etadigan to'liq tarkibi bilan tanishib oling.
Darvozabonlar: Tibo Kurtua, Andrey Lunin
Himoyachilar: Dani Karvaxal, David Alaba, Eder Militao, Xesus Valexo, Nacho, Marselo, Ferlan Mendi.
Yarim himoyachilar: Toni Kroos, Luka Modrich, Kazemiro, Federiko Valverde, Lukas Vaskes, Dani Sebalos, Isko, Eduardo Kamavinga.
Hujumchilar: Eden Azar, Karim Benzema, Marko Asensio, Luka Yovich, Garet Beyl, Vinitsius Junior, Rodrigo, Mariano Dias.
Tarkibga nazar soladigan bo'lsak, yuqori saviyali jamoa shakllanganini ko'rish mumkin. Tibo Kurtua nafaqat klubda, balki butun jahonda eng yaxshilardan biri hisoblanadi. Unga raqobat qiladigan posbon esa Andrey Lunin. Ukrainalik yigitcha o'z navbatini kutishdan boshqa iloji yo'q.
Himoya chizig'ida Serxio Ramos va Rafael Varanning o'rni bilinmay qolmaydi. David Alaba ulardan birining o'rnini bosishi mumkindir. Ammo, Xesus Valexo esa bu ishni bajara olishiga ishonish qiyin. Yaxshiyamki, klubda Nacho va Eder Militao singari himoyachilar ham bor. Asosiy yuk ularning bo'yniga tushsa ajab emas. Qanotlarda Karvaxal va Mendi asosiy laterallar hisoblanishadi. Yoshi o'tib qolgan Marselo hamda ko'plab ampluada o'ynay oladigan Lukas Vaskes rotatsiya sifatida maydonga tushirilishi mumkin.
Yarim himoyachilar orasida Luka Modrich va Toni Kroos jamoaning almashtirib bo'lmas futbolchilari sanalishadi. Ularning ketidan Kazemiro va Federiko Valverde kelishmoqda. Isko va dani Sebalos zaxira varianti hamda jamoaga yangi kelib qo'shilgan frantsiyalik Kamavinga asosiy tarkib uchun o'z ustida qattir ishlashiga to'g'ri keladi. Aks holda, uning taqdiri Takefusa Kubonikidek bo'lisi, ya'ni ijarada sarson bo'lish ehtimoli ham yo'q emas.
Karlo Anchelotti hujum chizig'ida ko'plab tanlovlarga ega. Karim Benzema, Eden Azar hamda Vinitsius Junior asosiy uchlik bo'lishi kutilmoqda. Rodrigo, Beyl va Yovich ularga o'rinbosar hisoblanishadi. Mariano Dias joriy mavsum «Real»ning ko'p o'yinlarini maydonda emas, uning tashqarisida o'tkazsa kerak, balki unga ham imkon berilar. Buni vaqt ko'rsatadi. Oldindan qaysi futbolchi mavsumni 100 foiz o'tkaza olishini bilib bo'lmaydi. Jarohatlar va boshqa sabablar ham bo'lib qolishi mumkin. Hozirgi tarkib esa Evropa Chempionlar Ligasi sovrini uchun kurashishga tayyor. Anchelotti shunday masalliq bilan yangi mavsumda yangicha ko'rinishdagi o'yin uslubi - "taom tayyorlashi"ga umid qilamiz.
Siz ushbu mavsumda «Real»ning natijalari qanday bo'ladi deb o'ylaysiz?