Stadion.uz joriy mavsum Chempionlar ligasida g'alaba qozonishga asosiy da'vogar jamoalar xususida fikr yuritadi.
Chempionlar ligasi guruh bosqich bahslari tez orada 14 centyabrda start oladi. Tomoshabin va jamoalar orasida ko'plab qiziqarli qarama-qarshiliklarni taqdim etgan qur'a tashlash marosimi allaqachon yakuniga etib ulgurdi. Quyida ushbu turnir bosh sovrini uchun asosiy 5 da'vogar klub xususida fikr yuritamiz.
«Manchester Siti»
«Shaharliklar» uchun EChLning so'nggi manzili ketma-ket uch yildan buyon chorak final bo'lib qolayotgan edi. Biroq o'tgan mavsum ushbu qora an'anaga barham berildi. Jamoa o'zi uchun qayg'uli bosqichni engib o'tishning uddasidan chiqdi va turnir finaliga qadar etib bordi. Pley-off bosqichida Xosep Gvardiola shogirdlari avval Myonxengladbax, so'ngra Dortmundning «Borussiya» klublaridan o'tib, keyin «PSJ» qarshiligini sindirishdi.
Final uchrashuvida «Siti» «Chelsi»ga minimal hisobda yutqazganidan xabaringiz bor. Bahsda «shaharliklar» Manchesterning moviy qismi muxlislari orzusini amalga oshirishga juda yaqin edilar, lekin ularga Londonlik raqiblari jiddiy to'sqinlik qilishdi.
Shubhasiz, joriy mavsum ham «Siti» yana Chempionlar Ligasi favoritlaridan biri bo'lib qolaveradi. Jamoa rahbariyati Chempionlar Ligasida g'olib bo'lish g'oyasidan voz kechmaydi va har yili bu maqsadga erishish uchun ko'proq harakat va maqsad olib boradi. «Manchester Siti» hech qachon markaziy hujumchi borasida yakuniy qarorga kela olmagan, Pep uchun hujum jarayonida barcha zona vakillari birvarakayiga oldinga o'tishlari shart.
Bir qolipga solingan yigitlar hech qachon murabbiydan ustun bo'la olmaydi va pressingda tengma-teng ish olib boradi. «Aston Villa»dan xarid qilingan vinger Jek Grilishning 100 millionlik transferi Premer-liga rekordi sifatida qayd etildi. Ushbu omil ham Gvardiola jamoasini bemalol turnirning favoritlari qatoriga qo'sha oladi.
Zero Pep undan maksimal darajada foydalana oladi. Umuman olganda «Siti» ancha muvozanatli tarkibga ega va o'yinchilardagi ichki ruhiyat optimal formada. Jamoa «shalpangquloq» kubok uchun bu safar ham jiddiy kurashib ko'radi.
«Chelsi»
Tomas Tuxel boshchiligidagi «Chelsi» barcha guvoh bo'lganidek, yarim yil ichida jiddiy o'zgarishlarni boshdan kechirdi. Ko'pchilik dastlab bunga ishonmagan edi. Ammo mutaxassis darhol ishga kirisha ketdi.
Nemis «ko'klar»ni Premer-liganing 10-pog'onasidan kuchli to'rtlikkacha qaytara oldi va jamoga Chempionlar Ligasi guruh bosqichiga yo'llanmani taqdim etdi. Pley-offda londonliklar «Atletiko», «Portu» va «Real»ni ortda qoldirishganidan xabaringiz bor. Final uchrashuvida esa «aristokratlar» «Manchester Siti»ni mag'lub etib, nufuzli turnirda g'alaba qozonishdi.
Bunga birgina gol kifoya qildi. Joriy mavsum boshida esa jamoa UEFA Superkubogini ham qo'lga kiritdi. «Chelsi» joriy mavsum Chempionlar Ligasida favoritlar qatoridan joy olishiga shubha yo'q.
«Chelsi»da yosh, ammo umidli bo'lgan yaxlit jamoa bor, yigitlar allaqachon katta g'alabalarni tatib ko'rishga ulgurishdi. Albatta, Tuxel shogirdlari bu bilan to'xtab qolmoqchi emaslar. Qolaversa, klubni ancha paytdan beri qiynab kelayotgan hujumchi muammosiga samarali echim topildi deyish mumkin. Romelu Lukaku orqali bu zona ancha tartibga kelib qolgani APLning yakuniga etgan turlarida ancha sezildi.
Belgiyalik «Arsenal»ga qarshi kechgan derbida o'zini ijobiy tomonlama ko'rsatdi, turnirga moslashib ketgani darhol bilindi, gol urdi. Bundan tashqari, «Chelsi» transferlar oynasining so'nggi soniyalarida «Atletiko» yarimhimoyachisi Saul Nigesni ijaraga oldi. Bu ham albatta juda kerakli xarid sifatida tilga olindi. Rivojlanayotgan London jamoasida ayni dam ancha sifatli jamoa yig'ildi. Hozirgi «Chelsi»da EChLni yutish uchun katta imkoniyatlar va resurs mavjud.
«Bavariya» Myunxen
Myunxen klubi o'zi ishtirok etadigan har qanday turnirning favoritlaridan biri hisoblanadi. «Bavariya» o'tgan yilgi Chempionlar Ligasidagi muvaffaqiyatsiz o'yinlaridan so'ng oldiga katta maqsadlarni qo'ygani aniq. Garchi tajribali mutaxassisidan ayrilgan bo'lsada, yosh va umidli murabbiy bilan ushbu bo'shliq to'ldirildi. «Nemis mashinasi» xabaringiz bor, chorak final bosqichidanoq turnir bilan xayrlashgandi. Myunxenliklar 1/8 finalda «Latsio»ni ishonchli tarzda taslim etishdi, lekin ikki o'yinli qarama-qarshilikda jamoa «PSJ» to'sig'idan o'ta olmadi.
Tan olish kerak, o'sha paytda Germaniya chempionlarida kadrlar masalasi og'ir muammo bo'lgan, Robert Levandovskining jarohati jamoaning natijasiga jiddiy ta'sir ko'rsatdi. Ammo natija doimiy qoladigan voqelik - yutkazishmi, buni oqlab bo'lmaydi. Biroq hech shubha yo'qki, bu safargi tarkibda yuqoridagi kamchiliklar deyarli ko'zga tashlanmaydi. Klub musobaqa bosh sovrini uchun jiddiy harakat qilib ko'radi.
Ammo, shu tomoni ham borki, joriy mavsum «qizillar»ning Bundesligadagi raqiblari ham u qadar kuchlidek taassurot qoldirmayapti. To'g'ri, «Bavariya»ning o'zi ham mavsumoldi bahslarda qiyinchiliklarga duch keldi. Ketma-ket o'rtoqlik uchrashuvlarida mag'lubiyatlar qabul qilib olindi. Ilk rasmiy bahsda esa «Borussiya M» bilan durang qayd etildi.
Ammo mavsum boshida yutib olingan Germaniya Superkubogi sovrini futbolchilarning ruhiyatiga albatta ijobiy ta'sir o'tkazdi. Oxirgi ikki bahsda Nagelsmann shogirdlari umumiy 17:0 hisobida g'alaba qozonishdi. Yuqorida ta'kidlaganimizdek, Dortmundning «Borussiya»si avvalgiga qaraganda unchalik ham ishonarli o'yin namoyish etmayapti. Yana bir raqobatchi «Leyptsig» esa ikki asosiy futbolchisini yo'qotgan (buning ustiga har ikkalasi ham Myunxenga ko'chib kelishdi), shu sababli «Bavariya» Bundesliga g'olibligi yo'lida u qadar ham qiyinchilikka uchramasa kerak. Bu shuni anglatadiki, jamoa endi Chempionlar Ligasiga alohida e'tibor qaratsa bo'ladi.
«PSJ»
Chempionlar ligasi - «PSJ» uchun asosiy maqsadga aylanib qolgan. Zero, klub rahbarlari ham jamoadan so'nggi yillar davomida aynan mana shu «shalpangquloq» kubokni talab qilishyapti. Zero, bunga ozmuncha mablag' yo'naltirildi deysizmi?! Ammo hozircha buning uddasidan chiqilmagan. «PSJ» 2019/20 yilgi mavsumda o'z maqsadiga imkon qadar yaqinlashdi, ammo final uchrashuvida «Bavariya»ga minimal hisobda imkoniyatni boy berib qo'ydi. E'tiborlisi, «qizil-ko'klar» uchun g'alaba golini parijliklar sobiq a'zosi - Kingsli Koman urdi. O'tgan mavsum parijliklar «Bavariya»dan qasos olishni uddalashdi, lekin bu yarim final yo'llanmasini kafolat qila olardi xolos.
Jamoa «Manchester Siti» to'sig'idan o'ta olmadi. Shundan so'ng ular turnirni tark etishdi. Ammo bu mavsum tarkib tomonlama eng mukammal ko'rinishga kirgan frantsuzlar Messi boshchiligida katta missiyani amalga oshirishga urinib ko'radi. Darhaqiqat, «PSJ» o'tgan yozda tarkibni kuchaytirish borasida ancha-muncha ishlarni amalga oshirib tashladi. «Qizil-ko'klar»ning asosiy muvaffaqiyati sifatida birgina Lionel Messining xaridini aytish mumkin. Bundan tashqari, Jorjino Veynaldum, Janluidji Donnarumma, Serxio Ramos va Ashraf Hakimilar ham Parijga uchib kelishdi.
Shuningdek, rahbariyat Neymar va Mbappelarni ham jamoada olib qolishning uddasidan chiqdi. To'g'ri, «PSJ» tarkibi hozirda yulduzlar bilan to'lgan, ammo parijliklar yangi «galaktikos»ga aylanishadimi - bu katta savolga aylangan. «PSJ» Liga 1da hech qanday muammoga duch kelmasligi mumkin, lekin Chempionlar ligasi - bu mutlaqo boshqa turnir. Bu erda ko'p narsa futbolchilarning yig'in mashg'ulotlari va murabbiyning to'g'ri tanlagan pozitsiyasiga bog'liq.
Futbol bu NBA emas. Bu erda super yulduzli tarkib u qadar katta ahamiyat kasb etmay qolishi ham mumkin, sovrinlar kafolatlanmaydi. Nazariy jihatdan parijliklar Chempionlar Ligasida g'olib chiqish uchun yaxshi imkoniyatga ega, biroq jamoa hali ichki bog'lamlarda ko'proq ishlashiga to'g'ri keladi.
«Real Madrid»
«Real»da doimiy ravishda futbolchilarning jarohati bilan bog'liq muammolar uchrab turibdi. Bu vaziyatni jiddiy tusga tushirib qo'ygan. Shunga qaramay, kadrlar bilan bog'liq holatlar «qirollik klubi»ning Chempionlar ligasi yarimfinaliga chiqishiga to'sqinlik qila olmadi. Zidan rotatsiya ishlarini mohirona bajargani har bir uchrashuvda sezilib turdi.
Biroq hadeganda natija bo'lavermagach, talablarni katta qo'yadigan rahbariyat oldida Zidanning ishlari shunchaki ko'rinmay ketdi va mavsum yakunida iste'foga chiqarildi. Endi esa uning o'rniga tayinlangan boshqa bir taniqli mutaxassis Karlo Anchelotti jamoani avvalgi mavqeyiga qaytarishga harakat qilib ko'radi.
Yozda jamoa himoyachi David Alaba va yarimhimoyachi Eduardo Kamavinga bilan shartnoma imzoladi. Bu mavjud tarkibga yaxshigina yordamchi kuchlar sifatida xizmat qilishi kutilmoqda. Mavsum boshidanoq bu muxlislarga unchalik sezilmagandir. Biroq bu bilan «Real»ni umuman esdan chiqarish xato. Chempionlar ligasi - bu «qirollik klubi»ning turniri aslida. Bu erda jamoa o'z fishkasini namoyon etadi.