Futboldagi ba'zi narsalarni hayotimizga o'xshataman.
Pandemiya davrida katta, olamshumul transferlar bo'lmaydi, deyishgandi. Top-klublarning sharoiti ko'tarmaydi, hamma ko'rpasiga qarab oyoq uzatadi va bu jarayon o'ziga kelguniga qadar hammani lol qoldiradigan jamoalar kichik-kichik savdolar bilan cheklanib turishadi, deyishgandi.
Atrofga qarayman. Pandemiya davrida odamlar ancha qiynalib qolishdi. To'ylar ixchamlashdi, endi rosa kam to'y ko'rsak kerak, deb o'yladik. Lekin bilishimcha to'ylar soni ko'paydi. Chunki sharoit aslida yaxshilashdi. Oldin to'y qilolmaganlar ham 30 kishi bilan maraka o'tkazib, turmushli bo'lib qolishdi.
Transfer olamidagi voqealar ham shunga o'xshash. Pullar kamayishi katta transferlarga to'sqinlik qila olmadi. Qaytanga tekinga, erkin agent bo'lib o'tadigan megayulduzlar jamoasi paydo bo'ldi. Realu Barsaning sardorlari tekinga ketishdi jamoalaridan. Dedlaynning oxirgi soniyalarida esa, Mbappe transferini kutib o'tiribmiz. Qarang ahvolni!
Ha, azizlar, Ramos "Real"ni, Messi "Barsa"ni bir transfer oinasida tark etdi, tushunyapsizmi? Ronaldu va Grizmann o'zi tetapoya bo'lgan klubiga qaytdi. Shu, birgina yozgi transfer payti. Tag'in, Mbappe o'tmasa, xafa bo'lib qo'yyapmiz, Xolland sotilmadi-ya, deb ajablanyapmiz. Bir mavsumning o'ziga shuncha savdo, shuncha ko'chishlar. Etar, a? Keyingi yilga ham qolsin.
Ertaga pandemiya tarqab hamma yana dabdabali to'ylarga berilib, to'ylar soni kamayib ketgani kabi 2022 yilgi saratonda pashsha qo'rib o'tirsak kerak. Hech qanday zo'r transfer bo'lmadi-da, deb. Lekin, bilib qo'ying shuni, o'shanda ham "Bavariya" hech narsani sezmaganday arzonga Zabitser kabi raqib kuchlarini kesib olayotgan bo'ladi.
Bularga virus ham ta'sir qilmadi. Boshqa sayyorada yashayotgandek tutadi o'zini Myunxen superklubi. Balki shuning uchun ham takrori yo'qdir uning?
Xayrulla Hamidov.