"Yuventus" hujumchisi Krishtianu Ronaldu faoliyatini "Real"da davom ettirishi mumkinligi, Karlo Anchelotti uni Madridga chorlayotgani haqida xabarlar paydo bo'lgandi. Portugaliyalik futbolchining o'zi masalaga oydinlik kiritdi.
“Meni yaxshi biladiganlar ishimga qanchalik sinchkovlik bilan yondoshishimdan xabardorlar. Kamroq gap, ko'proq ish - bu faoliyatim boshidan beri shiorim bo'lib keladi. Biroq, so'ngi paytlarda gapirilgan va yozilganlardan kelib chiqib o'z pozitsiyamni qayd etib o'tmoqchiman. Menga ham inson, ham futbolchi sifatidagi hurmatsizlikdan ham yomon holat bor. Ya'ni, kelajagimning engiltaklik bilan yoritilishi o'sha tilga olinayotgan klublar, undagi ishchilar va o'yinchilariga nisbatan kattaroq hurmatsizlikdir.
Mening "Real"dagi tarixim yozib bo'lingan. So'zlarda, raqamlarda, video-yozuvlarda va sarlavhalarda qayd etilgan. Bular "Bernabeu" muzeyida va klubning har bir muxlisi qalbida saqlanadi. Erishganlarimdan tashqari, shu 9 yil davomida "Real"ga nisbatan qattiq mehr va hurmat his etganman. Bu tuyg'ularni hozirgacha saqlab kelaman va qadrlayman. Bilamanki, "Madrid" muxlislari ham doim mening siymoyimni yuraklarida saqlashadi. Men esa ularni.
Ispaniya voqeasidan tashqari boshqa ligalar klublari bilan bog'liq yangilik va hikoyalar paydo bo'ldi. Hech kim xaqiqatni aniqlashtirishni o'ylamadi. Men odamlarni nomim atrofidagi ishlardan tiyilishga chaqirib, jimlikni buzyapman. Men faoliyatim va ishimga diqqatimni qaratib, bunga o'zimni bag'ishlab, yo'limda chiqqan sinovlarni engishda davom etaman. Qolgani-chi? Qolgani shunchaki gap-so'z”.
P.S. Bu erda Ronaldu bilib bilmay ma'lumot tarqatuvchilarga qarata gapirgani tushunarli. Sal mavhum qolgani "Yuventus" so'zi ishlatilmaganidir. Bayonot javobdan ko'ra savollarni ko'paytirdi. "Real" uning uchun tarixda qolganini tushundik, lekin klubga nisbatan hamon tuyg'ulari borligini aytyapti. Menimcha, uning "Real" bilan munosabatiga nimadir yoki kimdir to'sqinlik qilmoqda. Ana shu messejni sezgandek bo'ldim. Kim? Kimki Ronaldudan katta qudratga ega.