Ispaniyaning "El Confidencial" nashri «Real Madrid» prezidenti Florentino Peresning ovozi yozilgan shov-shuvli materiallar chiqardi. Unda klub afsonalari keskin tanqid qilingan va xaqoratlangan. Ba'zi birlarini keltirib o'taman:
— Ronaldu tentak. U axmoq, sog' emas.
— Mourino va Ronaldu egoistlar. Bu buzilgan odamlar. Haqiqatni ko'ra olishmaydi. Agar o'zini to'g'ri tutganda yanada ko'p ishlab topishardi.
— Kasilyas va Raul «Real» tarixidagi ikki eng katta mug'ombirlar. Kasilyasning aqli yo'q. Ayolining oldida o'zini yo'qotib, yosh bolaga aylanib qoladi. Uni hamma yaxshi ko'radi. Lekin, u «Real» darvozabonligiga mos emas. U «Real»ning omadsizligi. Yana bitta shunaqasi bu Raul.
— Del Boske umuman murabbiymas. Taktikani bilmaydi. U shunchaki ahmoq. U faoliyatimdagi eng katta yolg'onchi. Uning paytida Figu, Yerro va Raul klubda kattaroq obro'ga ega bo'lishgan.
Bu Peres tomonidan xaqiqatdan aytilgan gaplarning bir qismi. U bu fikrlarni ancha avval kim bilandir shaxsiy muloqotda bildirgan. Yillar o'tib ommaga tarqaldi. Florentino bunda jurnalist Xose Antonio Abellanni ayblamoqda. Uning fikricha, Abellan yozuvlarni e'lon qilmaslik uchun 10 million evro talab qilgan. Peres jurnalistni sudga bermoqchi.
Albatta, shaxsiy muloqotni ommaga chiqarish yaxshi emas. Bu alohida mavzu. Men esa bu voqeada bir narsani anglayapman. «Real Madrid» o'z afsonalariga e'tibor qilmaganning ortida Peresning shaxsiy adovati, o'zidan yuqorilayotganni qabul qilolmaslik, tan olmaslik va hurmatsizlik yotibti. Uning asl fe'li ochildi. Bu inson u boshqarayotgan klub uchun olamshumul g'alabalar olib kelgan buyuk shaxslarni kamsitish, o'zidan past ko'rish, xizmatlarini erga urish bilan shug'ullangan. Kasilyas, Raul, Ramosdek fidoyi liderlar bekorga «Real»dan xafa bo'lib ketishmagan. Hammasining ortida Florentino kabi egoist va adekvatlikdan yiroq rahbar turibti. O'sha yozuvlardagi fikrlar ancha eski. Masalan Del Boske o'shandan so'ng terma jamoada Jahon va Evropa chempionligini qo'lga kiritdi.
Peresning o'z qo'l ostida ishlagan katta nomlarni obro'sizlantirish siyosati bugunga kelib haqiqiy yuzi namoyon etilishiga sabab bo'ldi. U haqoratlaganlarni esa butun dunyoda millionlab muxlislar e'zozlaydi va hurmat qiladi.
Davron Fayziev.