«Real» hujumchisi Krishtianu Ronaldu Ispaniya sport arbitraj sudining futbolchiga nisbatan 5ta o'yindan iborat diskvalifikatsiyani o'z kuchida qoldirish haqidagi qaroriga o'z munosabatini bildirib o'tdi.
«Yana bir yo'l qo'yib bo'lmas qaror. Adolatsizlik hech qachon meni izdan chiqara olmaydi. Har doimgidek men yanada kuchliroq bo'lib qaytaman. Meni qo'llab-quvvatlagan barchaga rahmat», – deya yozdi Ronaldu o'zining tvitterdagi sahifasida.
Eslatib o'tamiz, 32 yoshli futbolchi Ispaniya superkubogi doirasida «Barselona»ga qarshi dastlabki o'yinda (3:1) chetlatishdan keyin hakam Rikardo Bengoecheani turtgandi. Shu bois, u 5ta o'yinga diskvalifikatsiya qilindi.
Portugaliyalik futbolchi Ispaniya superkubogi doirasida «Barselona»ga qarshi javob o'yini (2:0) va La liganing 1-turi doirasida «Deportivo»ga qarshi (3:0) bahsni o'tkazib yubordi. Ronaldu «Valensiya», «Levante» va «Reala Sosedad»ga qarshi navbatdagi uchrashuvlarda ham maydonga tushmaydi.