«Real» tomonidan Krishtianu Ronalduning diskvalifikatsiyasi yuzasidan berilgan navbatdagi apellyatsiya ham rad etildi.
Bu safar Ispaniya sport arbitraj sudi (TAD) madridliklarning shikoyatiga rad javobini berdi va futbolchining 5ta o'yindan iborat diskvalifikatsiyasini o'z kuchida qoldirdi. Avvalroq Ispaniya qirollik futbol federatsiyasi apellyatsiya qo'mitasi ham "Real"ning murojaatini qondirmagandi.
Eslatib o'tamiz, 32 yoshli hujumchi Ispaniya superkubogi doirasida «Barselona»ga qarshi bo'lib o'tgan dastlabki o'yinda (3:1) qizil kartochka olganidan keyin hakam Rikardo Bengoecheani turtgandi.
Portugaliyalik futbolchi Ispaniya superkubogi doirasida «Barselona»ga qarshi javob o'yini (2:0) va La liganing 1-turi doirasida «Deportivo»ga qarshi (3:0) bahsni o'tkazib yubordi. Ronaldu «Valensiya», «Levante» va «Reala Sosedad»ga qarshi navbatdagi uchrashuvlarda ham maydonga tushmaydi.