Xans-Diter Flikning Germaniya terma jamoasini boshqarish xohishi «Bavariya» rahbariyatini keyingi mavsum uchun yangi murabbiy izlashga majbur qildi va Myunxen grandi yakunda Yulian Nagelsmann nomzodini tanladi. Bild nashri jurnalisti Kristian Falkning ma'lumotiga ko'ra, bavariyaliklar istiqbolli yosh murabbiy uchun «RB Leyptsig» klubiga 25 million evro miqdorida tovon puli to'lashadi (turli bonuslarsiz). Xullas, Nagelsmann shu tariqa futbol tarixida transferi eng baland summaga baholangan murabbiyga aylandi. Football.ua sayti shu fakt o'laroq, jahon futboliga nazar solib, murabbiylarning tovon puli miqdori bo'yicha alohida reyting tuzib chiqdi.
10. Mauritsio SARRI (2019 yili «Chelsi»dan «Yuventus»ga 5,5 million evro evaziga)
Tumanli o'lkada birinchi mavsumni nisbatan muvaffaqiyatli o'tkazgan italiyalik mutaxassis tez orada yurtiga qaytishni xohlab qoldi. «Yuventus» rahbariyati bu vaqtda klub bilan shunchaki, xayrlashgan Massimiliano Allegriga o'rinbosar qidirayotgandi. «Keksa sinora» bunda Allegri davrida kuzatilgan pragmatik futboldan biroz chekinishni o'yladi va yorqin-hujumkor o'yin ko'rish niyatida Sarriga murojaat qildi. Yangi murabbiydan Turinda mashhur «sarribol» usulini namoyish qilish talab etildi, ammo unga falsafasini qo'llash uchun etarli vaqt berilmadi. ChLning ilk «pley-off» bosqichidayoq «Lion» to'sig'idan o'tolmaslik esa, rahbariyat sabr kosasini to'ldirdi va transferi 5,5 «limon»ga tushgan Sarriga chiqish eshiklari ko'rsatib qo'yildi.
9. Ronald KUMAN (2016 yili «Sautgempton»dan «Everton»ga 6 million evro evaziga)
«Everton» rahbariyati oxirgi 10 yillikning o'rtalariga kelib, «Gudison Park»da umidvor loyiha asosida ish boshladi. Liverpuliklar avvalo, «Sautgempton»da chiroyli o'yinni yo'lga qo'ygan murabbiy Ronald Kumanni o'z tomonlariga og'dirishdi, biroq bu tanlov o'zini oqlamadi. Vaholanki, «Everton» yangi murabbiy talabi bilan mavsum-2017|2018 oldidan transferlarga 200 million evrodan ko'p mablag' ajratdi. Shuncha xarajat oxir-oqibat, havoga uchdi. Ha, jamoa niderlandiyalik mutaxassis qo'l ostida ELga chiqish imkonini beruvchi 7-o'rinni egalladi. 2017 yilning kuzida esa «irislar» «Arsenal»ga 2:5 hisobida yutqazishgach, Kumanning o'zi ishdan ketishini aytdi. Gap shundaki, yangi mavsumni o'ta omadsiz boshlagan «Everton» bu vaqtda turnir jadvalining 18-qatoriga tushib qolgandi. Qolaversa, jamoa ELda ham hech qanday karomat ko'rsatolmadi.
8. Mark X'YuZ (2008 yili «Blekbern»dan «Manchester Siti»ga 6,2 million evro evaziga)
Mark Xyuz «Manchester Siti»da klub Abu Dhabi United Group tasarrufiga o'tishidan biroz oldin ish boshladi. «Shaharliklar» «Blekbern»ning sobiq ustozi davrida Vinsent Kompani, Jo Xart, Pablo Sabaleta va Robinoni sotib olishdi. Jamoa qishda va keyingi yozda ham transferlar bozorida faol ishladi - Nayjel de Yong, Garet Barri, Kolo Ture, Karlos Teves... Shunday ajoyib xaridlarga qaramay, Xyuz natija berolmadi - mavsum-2008|2009da atigi 10-o'rin va EL chorak finalida «Gamburg»dan mag'lubiyat. 2009 yilning dekabr oyida esa «Siti» APL turnir jadvalida 6-pog'onani egallab turgandi. Ayni shu pallada arablar Xyuzni iste'foga chiqarib, uning o'rniga Roberto Manchinini taklif qilishdi.
7. Brendan ROJERS (2012 yili «Suonsi»dan «Liverpul»ga 6,2 million evro evaziga)
«Liverpul» 2012 yilning yozida kamtarin «Suonsi» bilan yaxshi natijalar qayd etgan umidli mutaxassis bilan hamkorlikni yo'lga qo'ydi. Rojers o'shanda «oqqushlar»ni APLga olib chiqib, debyut mavsumidayoq 11-o'rinni ta'minlagandi. Biroq Kenni Dalglish o'rnini egallagan Shimoliy Irlandiya faxri birinchi urinishda «Suonsi»dagidek muvaffaqiyatli ishlolmadi - «qizillar» atigi 7-o'rin bilan cheklanishdi. Rojers keyingi yili «Enfild»ga uzoq kutilgan chempionlik kubogini olib kelishi hech gap emasdi, faqat finish marrasiga yaqin qimmatli ochkolarning boy berilgani qimmatga tushdi. Keyinchalik natijalar pasayib bordi va «Liverpul» Rojersni Yurgen Klopp bilan almashtirdi.
6. Adi XYuTTER («Ayntraxt»dan Menxengladbax «Borussiya»siga 7,5 million evro evaziga, kelishuv yozda amalga oshiriladi)
Bundesligadagi murabbiylar aylanmasining yana bir qahramoni - «Ayntraxt» ustozi Adi Xyutter. Avstriyalik mutaxassis Frankfurtda chindan ham, yaxshigina jamoa tuzdi. Deylik, «Ayntraxt» mavsum-2018|2019da EL yarim finaliga chiqib, «Chelsi»ga faqat penaltilar seriyasida yutqazdi. Xyutter jamoasi yakunlangan mavsum ham chakki ko'rinmadi, uzoq vaqt ChL yo'llanmasiga da'vo qildi. Endi Adi o'z falsafasini Menxengladbaxda davom ettiradi. «Borussiya» rahbariyati unga moliyaviy kafolat berdi, klub ham uning yanada o'sishi uchun munosib joy...
5. Ruben AMORIM (2020 yili «Braga»dan «Sporting»ga 7,5 million evro evaziga)
Vaqtida «Braga» va «Benfika»dagi o'yinlari bilan tanilgan sobiq yarim himoyachi murabbiylikda tezda martaba topdi. Qarang, Ruben Amorim boshqaruvidagi «Sporting» Portugaliya milliy chempionatida atigi 1 marta mag'lubiyatga uchradi va 18 yillik tanaffusdan keyin yana «oltin» yutdi. Ha, «sherlar» 2001|2002 yillar mavsumidan buyon mahalliy ligani bo'ysindirolmayotgandilar. Shubha yo'q, Amorim bunday o'sish dinamikasi bilan hali yanada ko'tarilish uchun barcha imkoniyatlarga ega.
4. Brendan ROJERS (2019 yili «Seltik»dan «Lester»ga 10,44 million evro evaziga)
«Tulkilar» hozirgi yutuqlar uchun Brendan Rojersdan qarzdorlar. Lekin e'tiborga olish kerak, klub rahbariyati bu murabbiy uchun «Seltik»ka deyarli 10,5 million evro to'lagandi. Shimoliy irlandiyalik mutaxassis «Lester»ni barqaror rivojlantirmoqda, to'g'ri, jamoa bu mavsum ChL yo'llanmasidan alamli tarzda quruq qoldi. Qo'lga kiritilgan Angliya kubogini esa ushbu omadsizlik uchun kompensatsiya sifatida ko'rsatish mumkin.
3. Andre VILLASh-BOASh (2011 yili «Portu»dan «Chelsi»ga 15 million evro evaziga)
Joze Mourinoning «merosxo'ri» «Portu» bilan Portugaliya ligasi va kubogi hamda ELda g'alabaga burkanish ortidan «Stemford Brij»ga yo'llanma oldi. Biroq «Portu» - «Chelsi» yo'nalishi bo'yicha harakatlanish bilan ikki murabbiy o'rtasidagi o'xshashlik tugadi. Villash-Boash hattoki, 2011|2012 yillar mavsumini ham oxiriga etkazolmadi, «aristokratlar» turnir jadvalida 5-o'rinni egallab turgan pallada ChL 1|8 finali birinchi o'yinida «Napoli»ga 1:3 hisobida yutqazishdi. Oqibatda portugaliyalik o'rnida shoshilinch ravishda ish boshlagan Roberto di Matteo qandaydir sehrli tarzda muvaffaqiyat gudogini chaldi.
2. Joze MOURIN'O (2010 yili «Inter»dan «Real»ga 16 million evro evaziga)
«Benazir»ning «San Siro»dan «Santyago Barnabeu»ga ko'chib o'tishini «Qirollik klubi» vakillariyu, muxlislari katta sabrsizlik bilan kutishdi. Rejaga muvofiq, portugaliyalik chinakam chempion jamoa tuzishi kerak edi. Buning uchun La Ligada dahshatli «Barcelona» gegemoniyasiga barham berish va eng muhimi, ChLda orzu qilingan «desima»ni rasmiylashtirish talab etilardi. Joze 2011|2012 yillar mavsumida ichki «oltin»ni ajoyib tarzda qo'lga kiritib, ushbu rejaning birinchi qismini bajardi, ammo ChL bilan bog'liq vazifa qolib ketdi. Ha, Mourino «Real»ni uzoq tanaffusdan keyin asosiy evrokubok yarim finaliga olib chiqdi, yana qatorasiga 3 marta. Ammo Madridda undan yanada ko'prog'ini kutishgandi.
1. Yulian NAGEL'SMANN («RB Leyptsig»dan «Bavariya»ga 25 million evro evaziga,
kelishuv yozda amalga oshiriladi)
Yulian Nagelsmann yaqin orada Saksoniyadan Bavariya o'lkasiga yo'l oladi. Kelishuv juda qiziq. Myunxen klubi bu bilan bosh murabbiy masalasini uzoq muddatga yopishni ko'zlagani tayin. Har holda, Yulian juda yosh va istiqbolli. Demak, u uzoq muddatga mo'ljallangan yangi loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirib, o'ziga sarflangan mablag'ni oqlashi mumkin.
D.ALIMOV tayyorladi