Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Karim Benzema: «Har kim uslubiga moslasha olaman»

Bilasiz, Krishtianu Ronaldu ketgach, «Real»da bosh goleador rolini o'z zimmasiga olgan Karim Benzema nihoyat, uzoq tanaffusdan keyin Frantsiya milliy jamoasiga chaqirildi.

.
- Yuklab olish

Bilasiz, Krishtianu Ronaldu ketgach, «Real»da bosh goleador rolini o'z zimmasiga olgan Karim Benzema nihoyat, uzoq tanaffusdan keyin Frantsiya milliy jamoasiga chaqirildi. Dide Deshamning bu qaroridan hamma xursand, albatta, raqiblardan tashqari. Jumladan, L’Equipe nashri Benmazening Evro-2020da effekt berishiga shubhalanmayapti. Futbolchining o'zi ushbu gazetaga bergan intervyusida milliy jamoa yig'iniga jalb etilishidan oldin bosh murabbiy bilan uchrashib, alohida gaplashib olganini yashirmadi. Asli jazoirlik yigit shuning barobarida bo'lajak Evropa chempionatiga katta umid bog'layotganini ta'kidladi va «Real»dagi mavsum taassurotlariga ham to'xtaldi.

- Mana, nihoyat, Frantsiya milliy jamoasiga qaytdingiz. Xo'sh, nimalarni his qilyapsiz?

- Menga jamoadan qayta chorlov tushgan kun hayotimda alohida ahamiyat kasb etadi, albatta. Binobarin, o'zim anchadan buyon shundan umidvor edim, qolaversa, o'ylaymanki, ko'pchilik milliy jamoaga qaytishimni kutayotgandi. Hozir taklifni qanday xursandchilik bilan qabul qilganimni tavsiflab berolmayman. O'sha kuni Madriddagi uyimda edim. Yangilik tarqalganidan keyin telefonimga ko'plab qutlov xabarlari kelib tushdiki, bu ham voqea mohiyatini yanada oshirdi. Umuman, ko'pchilik aloqaga chiqib, meni alohida tabrikladi. Demak, atrofimdagilar menga befarq emaslar va bu holat odamga ko'tarinkilik bag'ishlashi tayin. Qaytaraman, o'sha kuni oilam bilan birga edim va telefon qo'ng'iroqlariga javob berishdan bo'shaganim yo'q, xususan, ota-onam bilan uzoq vaqt gaplashdim.

- Qiziq, terma jamoa ro'yxatida o'z familiyangizni birinchi marta ko'rganingizda ko'zlaringizga ishonmagandirsiz...

- Hammasi juda tez ro'y berdi. O'sha lahzada noodatiy quvonch va g'urur tuyg'usini his qildim. Keyin beixtiyor irodamni sindirolmagan barcha voqealar, o'tgan kunlarni esladim. Shunchaki, haqiqiy «shok»ka tushdim, axir oradan ancha vaqt o'tib ketdi...

- O'zi shu yil taklif tushishini kutganmidingiz?

- Ochig'i, aniq javob berolmayman. Faqat shuni aytishim mumkinki, hamisha umid bilan yashadim, hech qachon taslim bo'lmadim. Qisqasi, har lahzada qaytishga tayyor edim. Xususan, yakunlangan mavsum «Madrid»da o'ta e'tiborli bo'lib, bor imkoniyatimni ishga soldim.

- Dide Desham bilan gaplashdingizmi?

- Albatta, u hammasini atroflicha tushuntirdi. Biz uzoq vaqt gaplashdik, suhbatimiz turli masalalarni qamrab oldi. Bir-birimizga oldinroq aytilishi zarur sanalgan gaplarni boricha bayon etdik. Maroqli suhbat. Bugun ro'yxatdamanmi, demak, o'zaro suhbatimiz samara berdi, Desham meni to'g'ri tushundi. Aytishim kerak, Dide bilan telefon orqali emas, yuzma-yuz uchrashib, bafurja gaplashdik. O'zi terma jamoaga oxirgi marta 2015 yili borgan bo'lsam, shundan buyon ko'rishmagandik. Vaholanki, hamisha o'zaro yaxshi munosabatda edik. Mana, endi atigi 3 daqiqalik suhbatdan keyin hammasi yana o'z holiga qayt­di. Yo'q, Desham meni Evropa chempionatiga olib borishi haqida aniq gap aytmadi. Bu ikki erkakning samimiy va uzoq suhbati bo'ldi va tafsilotlar oramizda qoladi. Faqat hammasi - futbol, hayot, oila haqida suhbatlashganimizni aytishim mumkin. Bundan bir narsani aniq angladim - biz oldinga katta qadam tashladik.

- Terma jamoada «10» emas, «19» raqamini oldingiz...

- Inson mudom kamtarlikni joyiga qo'yishi kerak. Sen jamoa­da yangimisan yoki uzoq vaqtdan beri o'ynaysan, yoshmisan yoki tajribali - buning ahamiyati yo'q, har doim kamtarlikni esdan chiqarmasliging kerak. Bunday yondashuv mening bir qismim. Ha, ilgari boshqa raqam ostida o'ynardim, ammo keyinchalik uni boshqa futbolchilar olishdi. Endi jamoaga qaytib, «Bu mening raqamim» qabilida tortishishim yaramaydi. Qisqasi, bo'sh turgan raqamni oldim. Qolaversa, «Lion»da aynan 19-raqamli futbolkada o'ynaganman. Bu men uchun «10+9» demakdir...

- Chamasi 6 yil davomida Frantsiya terma jamoadan tashqarida qoldingiz. Bu davrda qiynalmadingizmi?

- Qiynaldim, albatta, ayniqsa, boshida o'zimni qo'yarga joy topolmagandim. Keyinroq bu faoliyatimdagi eng katta to'siq ekanligini tushundim. Deylik, terma jamoalar yig'ini boshlangan vaqt Madridda qolib, asosan yoshlar bilan shug'ullandim. Biroq harchand urinmayin, milliy jamoaga qaytish orzusidan voz kecholmadim, to'siq oldida taslim bo'lolmadim. Aksincha, terma jamoa yig'inidan chetda qolgan pallalarda o'zimni ham ruhan, ham jismonan kuchliroq his qila boshladim. Mana, bu bejiz emas ekan.

- Frantsiya terma jamoasi hujumchisi Olive Jiru bilan munosabatlaringiz qanday?

- Uni oxirgi marta «Chelsi» bilan o'ynaganimizda ko'rgandim. O'shanda xotirjam gaplashdik. U hattoki, gol urganim bilan tabrikladi. Ikkimiz oldin ham birga o'ynaganmiz. Ko'rinishidan, eski davr yana takrorlanadi, shekilli.

- Evro-2020da Vinisius Junior va Mariano emas, Antuan Grizmann hamda Kilian Mbappe bilan birga to'p surasiz...

- Ha, hammasi boshqacha bo'ladi, chunki ular turli uslubga ega futbolchilar. Menimcha, Grizmann uslubiga ham, Mbappenikiga ham bemalol moslasha olaman. Futbol talabi shu. O'zi har bir o'yinchining xususiyatlarini tahlil qilib borish kerak. Ha, Mbappening jamoadagi roli Grizmannikidan keskin farqlanadi, o'z nav­batida, Jiru ham boshqacha, Usmon Dembele yana o'zgacharoq. Qisqasi, hammamiz boshqachamiz.

- Aytingchi, Grizmanndan ustunmisiz yoki Mbappedan?

- Terma jamoaga birovni soya­da qoldirish yoki kimningdir o'rnini egallash uchun qaytganim yo'q. Antuan va Kilian mamlakat uchun g'alaba qozonish nimani ang­latishini allaqachon his qilishgan, bilishadi. Oddiy javob bersam, jamoaga o'z ko'nikmalarimni olib kirishga urinaman, xolos.

- Bordiyu, Frantsiya terma jamoasi Evro-2020da muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, hamma aynan sizni ayblashi mumkinligidan cho'chimaysizmi?

- Hozir qandaydir ehtimoliy stsenariylar haqida o'ylash vaqti emas. Frantsiya milliy jamoasi - jahonning amaldagi chempioni va Evropaning vitse-chempioni. Bo'lajak turnirda ham chempion ekanligimizni isbotlay olishimizga ishonaman.

- Endi klub futboli haqida: «Real»ning mavsumni sovrinsiz yakunlagani og'ir botmayaptimi?

- Hammasiga jamoaning o'zi ayb­dor ekanligini aytishsa, bunga aslo qo'shilmayman. Tasavvur qiling, mavsum bo'yi bizda naq 60 marta jarohatlanish holati kuzatildi. Deylik, optimal tarkib bilan maydonga tushish imkoniyati loaqal bir marta yuzaga kelgani yo'q. Juda murakkab mavsum. Lekin unutmaslik kerak, shunda ham Chempionlar Ligasi yarim finaliga chiqdik, La Ligada finishga qadar g'oliblik uchun kurashdik. Aslida oltin medalga ega chiqishimiz kerak edi, ammo ozgina etishmadi...

- Ikkinchi yoshlikni boshdan kechirayotganingizda Zayniddin Zidanning qo'llab-quvvatlashi katta o'rin tutishini ko'p bora ta'kidlagansiz.

- Zizu har doim men bilan samimiy va to'g'ri munosabatda bo'ldi. Uni aynan dangal, ro'y-rost gapirishi uchun alohida hurmat qilaman. Zidan chindan ham, maydonda menga katta ishonch bag'ishladi. Uning kelajagi? Buni mendan so'ramang. Ammo «Madrid»ni Zidansiz tasavvur qilishning o'zi qiyin.

- «Lion»ga qaytish variantiga qanday qaraysiz?

- Hozircha ortga qaytish niyatim yo'q. Bu haqda o'ylashga hali erta. Axir hamon «Real»daman.

So'z

 

— Shaxsan men Dide Deshamga to'liq ishonaman. Menimcha, u Benzemani tarkibga qaytarib, to'g'ri qarorga keldi. Frantsiya terma jamoasiga eng kuchli futbolchilar jalb etildi. Maydonda o'yinchilar o'rtasida birdamlik shakllanishi muhim. Emmanuel Makron (Frantsiya prezidenti).

Karim Benzema yakunlangan mavsumda

Turnir                             O'yin     Gol    «Pas»   «Sariq»|«qizil»

Ispaniya chempionati         34          23      1           -

Evropa ChL                       10          6        -            -

Ispaniya kubogi                -            -         -            -

Ispaniya superkubogi       1            1        -            -

Jami: 45ta o'yin, 30ta gol, 2ta samarali uzatma

 

A.ABDUVALIXO'JAEV tayyorladi

BestMaster
11 Iyun 2021, 05:30
karim, benzema, «har, uslubiga, moslasha, olaman»,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Barcha fikrlar: 1
auf
 auf  
2ta uzatma?
11 Iyun 2021, 20:57
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads