Deyarli bir asr oldin, aniqrog'i 1927 yilning 10 iyunida dunyo futbolining tamaddunini qo'ygan iqtidorli yulduzlaridan biri – Ladislao Kubala tug'ilgan edi. 2002 yili Barselona shahrida vafot topgan Kubala faoliyati davomida katta natijalar qayd etib, o'ziga xos tarix yozgan shaxslardan. Kubala Budapeshtda tug'ilgan, tabiiyki Vengriya terma jamoasida o'ynagan, shuningdek u paytlar boshqa yurt libosida ham o'ynash imkoniyati bo'lganidan Ispaniya va Chexoslavakiya futbolchisi ham hisoblanadi. Klublari – "Ferentsvarosh"," Bratislava", "Vashash" va "Barselona". Neki sovrinlari va darajasi bo'lsa, oxirgi klubida topganini kataloniya klubi muxlislari yaxshi bilishadi. Chunki "Barselona"ning ramziy terma jamoasi tuzilganida ham Kubala nomi doimo yangrab keladi. Superuzatmalar egasi, ajoyib dribling ustasi, golni his etish qobiliyati va asosiy quroli – jarima zarbalaridan unumli foydalanishi hisobiga uzoq yillar "Barsa"ning etakchisi bo'lib keldi. 1999 yili jamoaning yuz yilligi nishonlangani munosabati bilan o'tkazilgan so'rovda "Barselona"ning barcha davrlardagi eng yaxshi futbolchisi nomini qo'lga kiritgan ham Ladislao Kubala bo'ladi.
Nafaqat futbolchiligida, balki murabbiyligida ham Kubala o'z faoliyatini ko'k-anorranglilarga bog'lagan. Ikki marta "Barsa"ni, bir marta Ispaniya terma jamoasini boshqargan. Xullas, klubdan-da yuqori turadigan jamoa qadriyatlari poydevori aynan shu insonlar ustiga qurilganini anglab etdingiz.
###
Kubalaning buyukligi murabbiyligi bilan emas, asosan futbolchiligi bilan. Lekin ushbu sanada tavallud topgan yana bir iqtidorli shaxs Karlo Anchelotti futbolchiligidan ko'ra murabbiylik sohasida dong taratgan. Vaholanki, 1959 yili tug'ilgan italiyalik daho maydonda ham yomon emasdi. Yarim himoyachi bo'lib o'ynagan. "Parma"da porlab so'ng "Roma" safiga kelib qo'shilgan va mamlakat chempioni bo'lgan. "Milan"da bu natijaga ikki marta erishgan. Italiya terma jamoasi bilan 1988 yilgi Evroda va ikki yildan so'ng Italiyada o'tgan mundialda bronza medal egasiga aylangan. Istalgan futbolchi uchun bu natijalar zo'r hisoblanadi. Ammo murabbiy bo'lgach, Anchelotti futbolni o'zgartirib yubordi. Chempionlik cho't bo'lmay qoldi unga.
"Milan" bilan ikki marta EChL kubogini boshi uzra ko'tardi, 2004 yili Apennin yarim orolini-da zabt etdi. "Chelsi"ni APLda g'olib qildi 2009 yili, PSJga borib parijliklarning qo'rqinchli hukmronligini boshlab berdi – 2013 yil, "Real"ni Ispaniya chempioni qila olmagandir, ammo o'n ikki yildan beri orziqib kutilgan desimoni qo'lga kiritib bergani muzaffariyat hisoblanadi. "Real" o'sha EChLni enggach, o'ziga bo'lgan ishonchni paydo qildi va davomidan uch marta shohsupaga ko'tarildi. Barisida Karlo ota xizmati yotadi, deb tan olgan barcha futbolchilar.
"Bavariya"ga birrovga borib o'sha mamlakatning ham chempioni bo'lib qaytdi.
"Napoli"dagi o'xshamagan mavsumdan so'ng" Everton"da faoliyat olib bordi u. Quyoshi botgandek ko'ringan italiyalik mutaxassis hali yana nedir so'zlari borligini aytsa kerak deb turibmiz. Chunki u... yana "Real" da. Yana. Boshqacha murabbiy baribir Anchelotti.
Xayrulla Hamidov