As xabariga ko'ra, Serxio Ramos faoliyatini "Real"da davom ettirishga umid qilmoqda.
Manbaning xabariga ko'ra, ispaniyalik yana bir bor Madrid klubi prezidenti Florentino Peres bilan suhbatlashishga umid qilmoqda. Agar shunday suhbat bo'lib o'tadigan bo'lsa, unda Ramos klub shartlarini qabul qilishi mumkin.
Qayd etilishicha, Ramosga uning do'stlari Luka Modrich va Lukas Vaskesning klub bilan shartnomalarini yangilashlari ta'sir ko'rsatgan. Shuningdek, Karlo Anchelottining ham "Real" bosh murabbiyi lavozimiga tayinlangani katta ahamiyatga ega bo'lgan.
Eslatib o'tamiz, 35 yoshli himoyachi bir necha marotaba oylik maoshining 10 foizga qisqarishi nazarda tutilgan bir yillik shartnomadan bosh tortgan. Manbaga ko'ra, Ramos ikki yillik shartnoma istagan. Dastlab u ish haqini qisqartirishga rozi bo'ldi.
Biroq, "Real"ning pozitsiyasi o'zgarishsiz qolmoqda. Klub Ramos bilan shartnomani uzaytirmoqchi edi, ammo uning rad javobi rahbariyat bilan munosabatlari butunlay yomonlashganiga olib keldi. Shu sababli, "Real" prezidenti Florentino Peres Ramos bilan xayrlashish marosimini tayyorlashda davom etmoqda.