Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Nega aynan Anchelloti?

So'nggi vaqtlarda futbol haqidagi munozaralar murabbiylar shaxsi atrofida aylanayotgani bejiz emas.

.
- Yuklab olish

So'nggi vaqtlarda futbol haqidagi munozaralar murabbiylar shaxsi atrofida aylanayotgani bejiz emas. Yoshi katta ekspertlarimiz ham, tajribali futbol ishqibozlari ham zamonaviy futbolga murabbiylarning ta'siri ortib borayotgani haqida aytishmoqda. Albatta, yosh va tajribaga alohida urg'u berishim uchun sabab bor. Kattalarimiz futboldagi turli davrlarning jonli guvohi sifatida bunday vaqt tahlil qilishda ustunlikka ega bo'lishadi. Shuningdek, nisbatan yoshroq bo'lgan futbol muxlislari ham ayta boshlayotgan gap shu – futbolda murabbiylarning ulushi ortib bormoqda. Xosep Gvardiola, Joze Mourino, Yurgen Klopp, Tomas Tuxel, Zayniddin Zidan va Diego Simeone kabilar esa bu fikrga tamal bo'layotgan shaxslardir.
 
Men albatta futboldagi murabbiylik maktablarini tahlil qilishga juda qiynalaman. Afsuski, 80-90 yillar futbolini jonli kuzatmaganman. Ko'rganlarim qiyos bilan analiz qilishga, ming afsus, kifoya qilmaydi. Masalan, hozir Karlo Anchelottining “Real”ga murabbiy etib tayinlanishi haqida yozmoqchi bo'lib bunga yana bir bor bunga amin bo'ldim. Bu o'rinda men kabi kishining tayanchi – u davrlardan qolgan video tasvirlar va yozma bitiklar bo'ladi. Nega, axir Anchelottining eng olamshumul yutuqlari sen ongli ravishda eslay oladigan XXI asrga to'g'ri keladi-ku, dersiz? To'g'ri, biroq Anchelotti shaxsidagi murabbiylik chizgilari u hali futbolchi ekan chizilgan va ular “Milan”ning afsonaviy murabbiyi Arrigo Sakkining qalamiga mansub edi.

Arrigo Sakki

Ilk bor bu nomni eshitganimda uni yapon bo'lsa kerak deb o'ylaganman. Ilk bor suratini ko'rganimda esa “Cho'qintirgan ota” filmidagi Vito Karleone yodimga tushgan. 1987 yilda shaxsan Sakki Anchelottini “Milan” futbolchiga aylantiradi. Bu tarkibda Marko van Basten, Rudd Gullit, Frank Raykard, Roberto Danadoni, Franko Barezi va yosh Paolo Maldini to'p tepardi. Sakki bugun klassik deya baholanadigan 4-4-2 taktik sxemasini dunyo futboli peshtoqiga “mixlab” qo'ygan murabbiydir. Ha, ungacha ham bu ko'rinishda futbol o'ynalgan, biroq tahlilchilarning fikriga ko'ra, hech kim o'sha 80-yillarda bu ko'rinishdagi futbol bilan Arrigo singari muvaffaqiyatga erishmagan. Uning o'yin falsafasi “jamoaviy ong” tamoyilida bo'lib, mashg'ulotlarda to'psiz harakat qilishga urg'u berilardi. Har bir futbolchi o'z hududida xayoliy to'p mavjud deb hisoblab, unga ega chiqish uchun intilardi. 11 futbolchi istalgan soniyada oldinga ildamlashi mumkin bo'lgan mexanizm ishlab chiqilgandi. Jismoniy yuklamar og'ir bo'lib, klub pressingda boshqalardan ko'ra tajovuzkor edi. Mana shu futbolga Karlo Anchelotti nafaqat qo'shilib ketdi, balki eng ilg'or o'yinchilardan biri bo'ldi.

Keyinchalik murabbiy sifatida ish boshlar ekan, Karlo o'zining so'nggi ustozi Sakkidan ko'p narsa olgandi. Uning ikki bor Chempionlar Ligasini yutgan “Milan”i Sakkining ikki bor Chempionlar Kubogini yutgan “Milan”idan farq qilardi, albatta. Adolat o'rnida aytish kerak, 90-yillar atrofidagi jamoada golland uchligining o'rni katta bo'lgan. Bu xuddi Gvardiolaning “Barselona”siga o'xshardi. Futbolchilar ham, murabbiy ham juda topishgan, go'yo o'sha vaqt “yulduzlar kesishgandek” edi. Bejizga aynan shu ikki “kesishuv” va 70-yillardagi “Ayaks” klubi futbol tarixidagi eng kuchli jamoalar sifatida e'tirof etilmaydi.

Anchelottining jamoasiga qaytsak. Bu oldidagi vazifani uddalash uchun doim maksimal kuch sarflashga tayyor, eguluvchan, raqibdan kelib chiqa biladigan bir “Milan” bo'lgan. U yana futbolchilar bilan personal ishlashning ustalaridan biri hisoblanadi. Aynan Anchelotti Andrea Pirlo singari futbolchini tayanch nuqtasiga qo'yib, ayni vaqtda undagi pleymekerlik funktsiyasini saqlab qolgan.

Karlo haqida gap ketganda ko'pchilik omadsizliklarni ham eslab, “Bavariya” va “Napoli”dagi faoliyatni qo'shib o'tadi. To'g'ri tanbeh. Bu ma'lum xulosalarga asos beradi. Masalan, “Bavariya”da u tizim murabbiyi bo'lgan Gvardioladan so'ng, “Napoli”da xuddi shunday inson bo'lgan Mauritsio Sarridan so'ng ishladi. Demak, Anchelottiga mexanizmni sozlovchi murabbiy sifatida emas –  har o'yin, har turnir uchun turli format taklif etishi mumkin bo'lgan mutaxassis sifatida qarash to'g'ri bo'ladi. Bunday tipdagi murabbiylar qatorida esa so'nggi yillar birinchi bo'lib tilga olinayotgani Zayniddin Zidan edi. Mana nuqta. Muhim nuqta. Axir, Zidan bu – Anchelottining qanoti ostida murabbiylikni boshlagan va uning metodlarini mukammalashtirib, bundan maksimal natijalar yasay olgan shaxs!

Hozir “Real” rahbarlari yana “Karlo ota”ga murojaat qilar ekan, yangi tsiklning boshlanishini kutayogandek, go'yo... Albatta Anchelotti bu davrni boshlab bersa, uni yana Zidan kabi davom ettiradigan bir shaxs chiqishi kerak. “Kastilya”da mashg'ulot olib borayotgan Raul Gonsales doim gol urganda qiladigandek barmog'ini o'pib qo'ydi shu on!

P.S. Anchelotti — haqiqiy buqalamun! U atrofidagi voqeylikka maksimal daraja moslashib, qorishib ketadi. Peres uni tanlab adashmadi!

Arrigo Sakki. 2013 yil, iyun

BestMaster
2 Iyun 2021, 05:30
aynan, anchelloti?,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads