"Real" hujumchisi Krishtianu Ronaldu Ispaniya chempionatining 37-turi doirasida "Sevilya"ga qarshi o'yinda qo'pol xatti-harakatni amalga oshirdi.
Bahsning 32-daqiqasida, "Real" 2:0 hisobida oldinda borayotgan paytda portugaliyalik futbolchi "Sevilya" himoyachisi Kleman Langlening yuziga ongli ravishda urib ketdi. Maydon markaziga yaqin joyda Krishtianu raqibiga to'pni oldirib qo'ydi va shundan so'ng futbolchining ortidan etib olib, Langlening yuziga urib yiqitdi. Uchrashuv hakami Undiano Malenko fol bo'lganini ko'rdi, ammo to'p andalusiyaliklarda qolgani bois, o'yinni to'xtatmadi. Keyinchalik esa referi Ronalduga hech qanday ogohlantirish bermadi. Bu qo'pollik qizil kartochka tortar edi.
Mundo Deportivo tarqatgan xabarga ko'ra, bu holat Ronaldu ishtirokida La liga bahslarida yuz bergan o'ninchi tajovuzkor harakat bo'ldi. Portugaliyalik futbolchi har safar diskvalifikatsiyadan qutulib qolgan.