«Real»ning urugvaylik yarim himoyachisi Federiko Valverde "The Guardian" nashriga bergan intervyusida bolalik paytlarini yodga olib, unga futbol maydoni va hayotda yaxshi bo'lish uchun nima yordam berganligi hamda borasida to'xtalib o'tdi.
Joriy yilning 6 va 14 aprel kunlari bo'lib o'tgan Evropa Chempionlar Ligasi chorak finali doirasidagi, ya'ni, Angliyaning «Liverpul» klubiga qarshi bo'lib o'tgan bahslarda (o'sha o'yinlarda «Qaymoqranglilar» Madridda 3:1 hisobida g'alaba qozonib, Liverpulda 0:0 hisobidagi durangga imzo chekishdi va ikki uchrashuv natijasiga ko'ra, yarim final yo'llanmasini qo'lga kiritishdi) Valverde ham maydonga tushib (Madriddagi o'yinda Federiko 70-daqiqada Asensioning o'rniga maydonga tushgan bo'lsa, Liverpuldagi bahsda to'liq - 90 daqiqa o'ynadi) maydonga tushib, mazkur klub ustidan qozonilgan g'alabaga o'zining munosib hissasini qo'shdi.
Qizig'i, Urugvay chempionatida ham «Liverpul» klubi bor hamda Federiko bundan 5 yil oldin, ya'ni, 2016 yilning 30 mart kuni «Penyarol» safida «Kampeon-del-Siglo» stadionida ushbu jamoaga qarshi maydonga tushgandi. - Lekin ushbu jamoalarning nomlanishida biroz farq bor. Urugvayda bu «LiverpUl» deb nomlanadi, - deya so'nggi bo'g'inga urg'u berib, so'z boshladi Valverde. So'ngra, 5 yil oldingi o'yin hisobini qo'shib qo'ydi: - O'shanda Karlos Valdesning yagona goli evaziga 1:0 hisobida g'alaba qozongandik.
Valverde 17 yoshligida, 4 oy mobaynida «Penyarol» tarkibida 13ta o'yin o'tkazganidan so'ng, «Real» skautlari nazariga tushdi va madridliklar bilan shartnoma imzolab, go'yoki boshqa dunyoga tushib qoldi. Tug'ilib - o'sgan uyidan salkam 10 ming kilometr uzoqlikda, Ispaniyada oynai jahonni tomosha qilayotib, Federiko Montevideoga kelgan kemalar sharafiga nomlangan «Liverpul» jamoasi 106 yillik o'z tarixidagi ilk sovrinni, ya'ni, Urugvay Klausurasining 2020 yildagi g'olibi bo'lganligini tomosha qilgandi.
O'sha jarayon borasida Valverde shunday deydi:
- O'tgan mavsumda «Liverpul» a'zolari juda yaxshi o'yin namoyish etishdi va chempionlik unvonini haqli tarzda qo'lga kiritishdi. Bu ko'plab yoshlarni kashf qilgan ajoyib klub. «Liverpul» maydoni maysasi juda yaxshi.
Bolaligida Federikoga doimo omad kulib boqavermagan. Lekin u hech narsani o'zgartirmadi. Natijada muhit uni shunday tarzda tarbiyaladiki, uch yoshli bolakay har bir burchagida futbol maydonlari bor bo'lgan shaharda futbol o'ynashni boshladi.
- Urugvaydagi barcha maydonlar, hattoki, Primere klublariniki ham maysa bilan qoplanmagan. Shunday ekan, bolalar futbolining ahvolini o'zingiz tasavvur qilib olavering. Tuproq hamda qumli maydon. Burchak zarbasini amalga oshirmoqchi bo'lsang, yoningda qandaydir hayvon turgan bo'ladi. Sen shunday tarzda o'sib-ulg'ayib, kurashasan va kuchli bo'lasan. Eng esda qolarlisi esa o'yindan so'ng, yuzing iflos, shuningdek, soching chang tufayli dag'al, botinkangning orasiga esa toshlar kirib qolganligini ko'rishdir. Bolalar bilan yuz beradigan eng chiroyli manzara esa bu har dam olish kunlari o'z ekipirovkang bilan avtobusga chiqib, shunday ajoyib lahzalardan oila a'zolaring va do'stlaring bilan zavqlanishingdir.
Urugvay uchun futbol juda muhim sport turi sanaladi. Insonlar o'z jamoalari uchun aqldan ozarli darajada muxlislik qilishadi va hattoki, buning uchun jon berishga ham tayyorlar. O'g'il bolalarga beriladigan eng birinchi sovg'a esa bu - to'p. Mamlakatimiz aholisi ozchilikni tashkil etadi (3,5 million), shu bois, xorijda ko'plab urugvaylik futbolchilarning to'p tepishlari bizda faxr hissini uyg'otadi.
Shuning uchun ham Valverde 2013 yili Angliyaning «Liverpul» jamoasiga biroz muddat muxlislik ham qilgandi.
- Urugvaylik aksariyat muxlislar o'z vatandoshlari o'ynayotgan jamoalarga ishqibozlik qilishadi. Shuning uchun ham Luis Suares «Liverpul»da o'ynaganida mazkur jamoaga muxlislik qilgandim. Shuningdek, Edinson Kavani o'ynayotganligi uchun «Manchester Yunayted»ga ham ishqibozlik qilgandim. O'sha yili mamlakatimizning barcha aholisi «Liverpul»ga muxlislik qilgandi.
The Guardian muxbirining «Demak, bu yil urugvayliklar «Real»ga muxlislik qilishar ekanda?» degan savoliga futbolchi kulib, «Shunday bo'ladi, deb umid qilaman», deya javob berdi.
Valverdining ta'kidlashicha, hamma gap madaniyatda. «El-klasiko»dan so'ng, Federikoni bir gazetada «Tutqich bermas bo'ron», «hissiyotga boy», «epchil va qo'pol» futbolchi deya ta'riflashgandi. Ushbu masala bo'yicha Federiko o'z fikrini bildirib, «Bizni shunday tarbiyalashadi», dedi. U o'z so'zlarini davom ettirib, yana shunday dedi:
- Barcha sendan ustun bo'lish, sovrinni yutishni xohlaydi. Bu erda esa «Yo'q, buni men xohlayman», deyishing kerak.
Keyin esa suhbat mavzusi ayni paytda Madridning «Atletiko» jamoasida o'ynayotgan Luis Suares va Xose Mariya Ximenes bilan munosabatlariga taqaldi. Luis Suares hamda Xose Mariya Ximenes garchi maydonda raqib bo'lishsada, uning tashqarisida do'stlar. Ular bilan bir davrada o'tirganinglarda, futbol to'g'risida gaplashasizlarmi? degan savolga Valverde quyidagicha javob berdi:
- Avvaliga biz bir-birimiz bilan hazil-mazax qilamiz. Ayrim paytlarda biz futbol haqida so'zlashmaslikka harakat qilamiz. Boisi, oila va farzandlar davrasida zavq olishning gashti o'zgacha. Ammo biz hattoki, bolalarimiz bilan o'ynab, kulishsakda, baribir millionlar o'yini qalbimizning bir chetida turadi. Bezovta bo'lishimizga doimo qandaydir izohlar topiladi.
Valverdening qaylig'i Mina Bonino - argentinalik va «River Pleyt» muxlisasi sanaladi. Uyda doimo futbol muhokamasi bo'lib turadi va hech kim taslim bo'liimni xohlamaydi. Oilaviy suhbat esa asosan Federiko «Penyarol»ning asosiy raqibi «Nasonal» nomini aytishni rad qilishidan boshlanadi.
- Men raqib jamoa nomini tilga ololmayman va bu ishni amalga oshirolmayman. Shunday qilsam, ular meni o'ldirishadi, - deya Valverde shikoyat qilib, o'z so'zida turib oladi. Shuningdek, u o'z so'zini davom ettirib, shunday deydi:
- O'g'lim kelajakda «Penyarol» muxlisi bo'ladi. Men doimo uyda o'z mamlakatimini himoya qilaman, - deya futbolga va o'z vataniga sodiqligini izhor etdi Federiko. - Uch yoshimdan o'z hududim jamoasi bo'lgan «Estudiantes de la Union»da, kamtar jamoada o'ynashni boshlaganman.
Qorovul bo'lib ishlagan otasi ham bir paytlari futbol o'ynagan. Ammo Valverdega uning unchalik ham yaxshi o'ynay olmaganligini ta'kidlash yoqadi. Onasi esa o'yinchoq va kiyimlar sotiladigan do'konda ishlardi.
Bir kuni «Penyarol» skauti kelib, onasidan: «Siz o'sha ozg'in, bolaning onasimisiz?» - deb so'ragandi.
- Ota-onam meni shu darajaga etishim uchun kurashishgandi. Jismoniy mashqlarni terlagan holda bajarishim, faoliyatim va ko'z yoshlar ularning mehnatlari samarasidir. Shuningdek, ularning bu erda o'g'lim yonida ko'rish menga qo'shimcha kuch-quvvat bag'ishlaydi va buni so'z bilan ifodalash qiyin, - deya so'zini davom ettirdi mahoratli yarim himoyachi.
Mahoratli yarim himoyachini yaxshi futbolchi bo'lib etishishida nafaqat ota-onasi, balki, bolaligidagi yana bir qahramoni ham qo'llab-quvvatladi. Bu haqda Federiko shunday dedi:
- O'shanda haqiqatdanam omadim keldi, ya'ni, qo'limda sehrli tayoqcha paydo bo'ldi. «Penyarol»da debyut qilganimda, jamoa bilan Diego Forlan shartnoma imzoladi. Bu esa... - futbolchi ko'z yoshlarini arang tiyib turardi. - O'shanda nima haqda o'ylash, qanday so'zlarni gapirishni bilmasdim. Lekin Diego nafaqat futbol maydoni, balki hayotda ham ajoyib inson edi. U jamoaga moslashishimga yordam berdi. Katta klublardan takliflar tushganida esa u shunday degandi: «Xotirjamlikni saqla. Sen yoshsan va har bir kuningdan zavqlanishing kerak. Ular seni ortingdan kelishgan bo'lsa, demak, senda nimadir bor. Bu esa seni ruhlantirishi kerak».
O'z o'rnida shuni ham ta'kidlash joizki, «Real» Valverdening iqtidorini yuzaga chiqargan yagona klub emas. Federikoning o'yin uslubiga oyog'ing sinmagunicha, yugur, so'zi mos keladi. Go'yoki unda to'rtta o'pka bordek. Shuningdek, u Stiven Jerrardga o'xshash taraflari borligini ham eshitgan. Biroq urugvaylik futbolchi o'zini kimgadir taqqoslashlarni yoqtirmaydi.
- Jerrard - kumir, yulduz. U ajoyib sovrinlarni qo'lga kiritgan, diagonal uzatmalari, zarbalari va to'p bilan muomala qilish borasida aqlbovar futbolchi. Ajoyib. Stiven ijrosidagi o'yinlarni 24 soat davomida tomosha qilib, undan zavq olishim mumkin. Lekin u qanday yorqin faoliyat yuritgan bo'lmasin, bari ortda qoldi. Men esa o'z nomim uchun kurashishim lozim,- deydi Valverde bu borada.
Uch nafar yulduz jamoadoshlari borasida ham Federiko yaxshi fikrlarni bildirdi. Suhbat murabbiyga borib taqalganda, u kulimsirab, «Bu borada shikoyat qilmayman», dedi.
«Real» ustozi Zayniddin Zidan haqida, u nafaqat o'tmishning yaxshi futbolchisi, balki, yaxshi inson ekanligini ham ta'kidladi. Keyin esa Federiko Kazemiro, Luka Modrich va Toni Kroos to'g'risida shunday fikrlarni bildirdi:
- Mazkur jamoadoshlarim klub miqyosida Ispaniya va xalqaro saviyadagi barcha sovrinlarga ega chiqishgan. Chempionlar Ligasi kubogi to'g'risida esa gapirmasa ham bo'ladi. Ularni bir joyga yig'ilsa, ideal o'yinchi hosil bo'ladi. Kazemiro doimo harakatda: u kuchli, tezkor, yuzaga kelgan bo'shliqlarni ilg'ay oladi va qachon pressing qo'llashni yaxshi biladi. Luka harakatchan, to'pni chiziqlardagi jamoalarga ajoyib tarzda etkaza oladi. Toni esa juda sabrli, maydonda xuddi o'z hovlisida o'ynayotgandek, xotirjam holda, to'p tepadi. Ulardan kiyinish xonasida qanday maslahat olib, nimalarni o'rganishim mumkin? Buning uchun faqatgina ularni kuzatib, o'rganishim, maslahatlariga quloq solishim talab etiladi, xolos. Ayniqsa, Kazemiro doimo yonimda turib, jamoa o'yiniga moslashishimda yordam berdi. Sog'lom raqobat bo'lsa, jamoangiz yanada yaxshi bo'lib boraveradi va menga bu raqobat juda yoqadi. Bunday saviyadagi futbolchilar bilan asosiy tarkibdan joy olish uchun raqobat juda kuchli. qiyinchilik, kurashishni yaxshi ko'raman. Ular bilan birga o'ynaganingda esa bu senga yanada ko'proq yoqadi.
Intervyu so'ngida esa Valverde quyidagi so'zlarni gapirdi:
- Jon deb, muxlisga to'la bo'lgan «Enfild» stadionida o'ynagan bo'lardim: bosim, «Liverpul» muxlislari... bu futbol mo''jizasi. Hozir jamoalarga muxlislarning ruhiy madadi etishmayapti. Lekin sen bunga moslashishga majbursan. Men chimsiz va tribunasiz stadionlarda ham o'ynaganman. Balki, bu bu stadionlar yaxshi bo'lmagandir, lekin u erga baribir o'yindan zavq olish va g'alaba qozonish uchun borasan.
P.S.: Ispaniya La Ligasining 36-turidan o'rin olgan «Granada» - «Real» (mazkur o'yinda madridliklar yirik - 4:1 hisobida g'alaba qozonishdi) bahsida maydonga tushgan Federiko Valverde «Real» safidagi 100-o'yinini o'tkazdi hamda ushbu uchrashuvdan oldin unga «Madrid» rahabariyati tomonidan 100 raqami yozilgan maxsus futbolka sovg'a qilindi.
U.UMAROV tayyorladi.