Forbes jurnali o'z tahlillariga tayanib, jahon sportidagi eng qimmatbaho 50ta klub reytingini shakllantirdi. Elit ro'yxatga kirgan naq 26ta jamoa MFL (Milliy futbol ligasi) vakili ekanligini alohida ta'kidlash kerak. Forbes talqinidagi reytingning yuqori 10taligida futboldan 3tagina jamoa bor: Ispaniyaning ikki grandi («Real», «Barselona») va «Bavariya». «Koronavirus pandemiyasi sport sanoatini izdan chiqardi deyarli, ammo klublarga egalik qiluvchi milliarderlarning ishlari yashnamoqda, baribir. Oddiy fakt - dunyoning eng kuchli jamoalari o'rtacha qiymati bir yil davomida 9,9 foiz o'sib, 3,4 milliard dollarga etdi», - deyiladi Forbes bayonotida.
Aytish mumkinki, Evropada Superliga tuzishni rejalashtirganlarning aynan Amerika ligalari muvaffaqiyatidan ilhomlanishgani tayin. To'g'ri, Florentino Peres Chempionlar Ligasining yangi ko'rinishi yopiq turnir bo'lmasligini alohida ta'kidlagandi. Qarang, dunyo sportidagi 50ta eng qimmatbaho jamoa ro'yxatida MFLning 26ta va MBAning 9ta jamoasi bor. Qolgan 15ta klub futbol (9ta) va beysbol (6ta)ga tegishli.
Jahon sportining eng Qimmatbaho
10ta klubi (Forbes talQini)
«Dallas Kovboys» (MFL) - 5,7 mlrd. dollar
«Nyu-York Yankis» (MBL) - 5,25 mlrd. dollar
«Nyu-York Niks» (MBA) - 5 mlrd. dollar
«Barselona» (La Liga) - 4,76 mlrd. dollar
«Real» (La Liga) - 4,75 mlrd. dollar
«Golden Steyt Uorriorz» (MBA) - 4,7 mlrd. dollar
«Los-Anjeles Leykers» (MBA) - 4,6 mlrd. dollar
«Nyu-Inglend Petriots» (MFL) - 4,4 mlrd. dollar
«Nyu-York Jayents» (MFL) - 4,3 mlrd. dollar
«Bavariya» (Bundesliga) - 4,22 mlrd. dollar
Dunyoning eng qimmatbaho sport klublari qatoriga «Barselona», «Real» va «Bavariya»dan tashqari, «Manchester Yunayted» (11-o'rin; 4,2 milliard), «Liverpul» (12-o'rin; 4,1 milliard), «Manchester Siti» («Manchester Siti», 13|14-o'rinlar; 4 milliard), «Chelsi» (25-27-o'rinlar; 3,2 milliard), «Arsenal» (38-o'rin; 2,8 milliard) va «PSJ» (43-45-o'rinlar; 2,5 milliard) klublari ham kirdi.
Yana bir nechta muhim fakt
*** Oxirgi 5 yil ichida qiymati ikki baravar oshgan 6ta klubdan 3tasi futbolga tegishli: «PSJ» (207 foiz o'sish), «Liverpul» (165 foiz o'sish) va «Manchester Siti» (108 foiz o'sish).
*** Tushunarliki, futbol dunyosida APLning televizion huquqlari eng qimmati: mahalliy bozor (Buyuk Britaniyaniki)ning o'zi futbol namoyishi uchun yiliga 2,18 milliard dollar to'laydi. Taqqoslash uchun aytsak, MFL yaqinda umumiy summasi 103 milliard dollarga teng (yiliga 10,3 milliard) 10 yillik yangi televizion shartnoma tuzdi. 2023 yildan kuchga kiradigan bu bitim amaldagisiga nisbatan 80 foiz qimmatroqdir.
*** Agar Evropada Superliga g'oyasi amalga tatbiq etilganida, 12ta asoschi klubning umumiy qiymati 12,7 milliard dollarga oshardi. Xususan, «Barselona» dunyoning eng qimmatbaho sport klubi - «Dallas Kovboys»ni chetga surib, reyting peshqadamiga aylanib olardi.