Qariyb 73 yildan buyon katta muammolarga sabab bo'lgan yaqin sharq masalasi — Isroil va Falastin davlatida yana notinchlik hukumronlik qila boshladi. Aslida ikki davlat rasman tuzilgandan beri har ikki tomon aholisi uzoq vaqt tinchlikda yashay olmadi. Hozir ham bu omil yuzaga qalqiy boshladi.
Hozir gap ana shu ikki davlat kabi futbol olamida o'z frontlarni yarata olgan ikki afsona — Krishtianu hamda Leoning ayni masalada qanday pozitsiyada ekanligiga qiziqib ko'ramiz.
Ijtimoiy tarmoqlarda yaqin sharqda urush boshlanganidan so'ng, har ikki futbolchilarning qay tomonga hayrixohligini anglatuvchi turli xil video va suratlar ko'payib qoldi. Ya'ni Ronalduning falastinliklarni qo'llab-quvvatlagani va Messini aksincha, Isroil bayrog'i va ramzini aks ettirgani nazarda tutilmoqda. Xo'sh, bu «mediamateriallar» qanchalik asosli?
Quyida siz bilan, sodir bo'layotgan ayni shu ikki davlat o'rtasidagi janglarda ikki buyuk futbolchining qay tarafda ekanligini ko'rsatishi mumkin bo'lgan ayrim faktlarga e'tibor qaratamiz. Dastlab, portugaliyalik haqida.
Ronalduning onasi farzandini bolaligidan barcha dinlarga hurmat ruhida voyaga etkazishga harakat qilgan. Shu sababdan u Islom diniga o'ta ijobiy qaraydi. Yulduz futbolchiga aylanib, "Oltin butsa"lar sohibiga aylangach, ulardan birini kimoshdi savdosiga qo'yadi. Nima uchun deysizmi?
Falastinlik bolalar uchun...
2012 yilning noyabrida OAVda Ronaldu o'z "Oltin butsa" sovrinini auktsionga qo'yganligi e'lon qilindi. Undan tushgan 1,3 mln. funt-sterlingni esa Falastindagi jang harakatlari olib borilayotgan hududlarda yashovchi bolalarga xayriya qiladi. Krishtianu bu bilan cheklanib qolmagan. U har yili Ramazon oyida falastinliklar uchun o'z jamg'armasidan mablag' ajratadi.
Ronaldu yahudiylar mamlakati bilan uncha chiqisholmaydi degan gaplar ham mavjud. Bunga misol qilib, bir voqeani keltirish mumkin. 2018 yilgi jahon chempionati saralash bahslarida Portugaliya termasi Isroil bilan bir guruhda edi. O'zaro o'yinlarning so'ngida Ronaldu isroillik yahudiy futbolchi bilan futbolka almashtirishdan bosh tortadi. O'shanda, bu narsa ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvlarga sabab bo'lgan edi. Qolaversa, Ronalduning Isroil kompaniyasi reklamasida suratga tushganligi, uning musulmon muxlislarini keskin norozi qilgandi.
O'z navbatida, bu borada Leo Messi bilan bog'liq kontrvaziyatlar ham bor. Argentina milliy terma jamoasi o'rtoqlik uchrashuvida, Quddus (Ierussalim) shahrida Isroil jamoasi bilan bahslashishi kerak bo'lgan. O'shanda, Falastin Futbol federatsiyasi prezidenti Jibril Rajab falastinlik va qo'shni isroillik musulmonlarga murojaat qilib, Argentina MTJ va Messining ismi tushirilgan liboslarni yoqishga chorlagan edi. Qolaversa, Quddus talash shahar bo'lib, xavfsizlik so'roq ostida qoladi. Shu voqealar sabab uchrashuv bekor qilingandi. Keyinchalik, Messi bunda falastinliklarni ayblaydi.
Messi Isroil kompaniyalari bilan yaqindan tijoriy hamkorlik qiladi. Jumladan, mamlakatning vizualizatsiya qurilmalari ishlab chiqaruvchi yirik «OrSam» savdo belgisi bilan shartnoma imzolab, brendiga aylandi. Qolaversa, u 2017 yilda Tel-Avivning Sirin Labs korxonasining global miqyosdagi ramziy elchisi bo'lgan edi.
Ushbu masalaning bir jihatidan, nafaqat bu ikki dahoning, balki butun dunyoning fikri bir joydan chiqsa kerak — bu urush bo'layotgan joylardagi bolajonlar taqdiri. Ular o'z fikrlarida urushning eng ayanchli va og'ir tovonini bolajonlar to'layotganini, bema'ni urush hamda zo'ravonlikni tezroq tugatish kerakligini yakdillik bilan ta'kidlaydilar.
Jaloliddin Ismatov.